www.ziyouz.com kutubxonasi
117
— Bekor gap, men bor-yo‘g‘i kapitan yordamchisiman. — Oxir-oqibatda juvon bilan Berkxardt
haqida baribir gaplashishga to‘g‘ri kelishini tushunib, u xo‘rsindi.
— Kapitan esa, — dedi Palmer, — ishga Bernsdek shunday bir baloi azimni oldi-da, bu bolani oq
yuvib-oq tara deb menga tashlab qo‘ydi. — U afsuslangandek boshini chayqadi. — Bu dahmazani
saqlashga uni nima majbur qilayotuvdi o‘zi?
— Yetar, — dedi juvon. — Tan oling, Berns zimdan sizga yoqadi hatto.
— Nega endi u menga yoqishi kerak ekan?
— Hech bo‘lmaganda u ham o‘zicha bir qiziq odam bo‘lgani uchun. Yana shuning uchunki, u foydali
bo‘lishi ham mumkin. Nihoyat, u sizga shaxsan shunchaki kerakli odam. Mana sizga uchta sabab, —
dedi juvon. — Yana aytaymi?
— Nega siz uni qiziq odam deyapsiz? — so‘radi Palmer.
— Lekin bu o‘zi aslida shunday, — so‘zini bermadi juvon. — Hatto uning dovdirligi, uning quruq
savlati, uning ahmoqona qiliqlari, uning ajoyib surbetligi, ammo odamlardagi eng tuban
raqobatlardan tashqari biron-bir narsani tushunib yetishga mutlaqo qobiliyatsizligi. Uning aft-angori-
chi, sochlari-chi! Nihoyat, uning odamlarni laqillatishga ustaligini oling!
Palmer uni tinmay kuzatib turdi va juvonning ilgarigiday o‘zini uning nigohidan olib qochmayotgani
unga yoqmoqda edi.
— Siz Bernsni yomon o‘rganmaganga o‘xshaysiz, — dedi Palmer.
— Ayollar uchun u aytarli jumboq emas.
— Ha, sezgan edim. — Palmer o‘zini orqaga tashladi va bir lahza ko‘zini yumdi. — Bu yerda
aspirindan ko‘ra achchiqroq biron nima bormi?
— Achchiqroq deysizmi?
— Biron kuchli ta’sir ko‘rsatuvchi dorimi?
— Asabni tinchlantiruvchi biron narsa ichib olmadingizmi?
Palmer ko‘zini xiyol ochdi:
— Bosh og‘rig‘ini bosadiganidanmi?
Juvon yengil jilmayib qaradi:
— Tibbiyotdan hech narsa bilmasligimni bu qadar nazokat bilan anglatib qo‘yayotganingizdan
hayratga tushmoqdaman.
— Men boshim og‘riyotganidan noliyotgan edim, — tushuntirdi Palmer. — Tinchlantiruvchi dorilar
esa asabiy zo‘riqishni yo‘qotadi. Meni biroz xumor qiynayapti, xolos.
— Qarang-chi, stolimda kodein bormikan?
— Minnatdorman sizdan. — Palmer o‘rindiqda burildi, zo‘riqish asta-sekin qayta boshladi. Nahotki
juvonning uch-to‘rt og‘iz gapi shu qadar tez ta’sir qilgan bo‘lsa? Balki ularning har ikkovi ham bir-biri
bilan mana shunday erkin gaplashishlari ham yordam bergandir?
— Endi yaxshiman, — dedi yigit. — Nima qildingiz o‘zi meni?
— Mening jodugarligimni bilmaysizmi, hali? — dedi juvon. — Garchi siz o‘rgangan jodugarlar lo‘li
xotinlar bo‘lsa ham. Lekin birinchi darajali jodugarlikni faqat keltlarda uchratish mumkin. Bu ishda
ularning oldiga tushadigani yo‘q.
Interpolning yengil qo‘ng‘irog‘i yangradi.
— Kechirasiz, — Palmer tugmachani bosdi.
— Lumis degan odam siz bilan gaplashmoqchi, mister Palmer.
— Meni u bilan ulang. — Palmer qaddini rostladi va hayron bo‘lib qoshini chimirdi. — Lumis degan
odam! — u Virjiniya Kleriga yuzlandi. — Go‘yo yana boshqa ham Lumis degan odam borday! — U
telefon go‘shagini oldi.
— Palmermi? — keksa, ammo juda dadil ovoz taraldi.
— Mister Lumis, — javob berdi Palmer, — o‘tgan hafta siz bilan bog‘lana olmaganimdan juda
afsusdaman. Qo‘ng‘iroq qilganingizdan g‘oyat minnatdorman.
Bankir (roman). Lesli Uoller
Do'stlaringiz bilan baham: |