www.ziyouz.com kutubxonasi
222
ham iltimos qilgandan so‘ng, Akbar Shamsiddin atkani o‘z huzuriga chaqirtirdi-da:
— Siz otam bor paytda xizmat qilgan sipohilarni yaxshi bilursiz, — dedi. — Adhamning
mansabdor sipohilarini bir-bir taftishdan o‘tkazing. Ularning orasida xoin Afzalbek
boshqa nom bilan yurgan bo‘lishi mumkin.
Shamsiddin atka Afzalbekni Kobulda, Komron mirzo xizmatida ko‘rgan edi. Adhamxon
bilan Akbar u paytda ikki-uch yashar bola bo‘lganligi sababli uni unutib yuborgan edilar.
Shamsiddin atka Adhamxonning mansabdor sipohilarini saroyga bitta-bitta chaqirib
suhbatlashganda Muborizxonning ovozi va ko‘zlari unga birdan Afzalbekni eslatdi.
Bunday g‘alamislarga shafqat qilmaydigan Shamsiddin atka Afzalbekni ming qiynoqlarga
solib tergov qildirdi. Humoyunga va Nizomga qilgan xiyonatlaridan tortib, Bayramxona
ayg‘oqchi bo‘lgani va Akbarning ustidan chaqimchilik qilganlarigacha, undan so‘ng
Adhamxonga sotilib, Patanda Bayramxonning boshiga yetganigacha hammasini bir-bir
bo‘yniga qo‘ydi. Tergovchi uning jinoyatlarini qog‘ozga yozib, o‘ziga imzo chektirdi.
Shamsiddin atka kechki payt Akbarning xonayi xosiga tergov qog‘ozini olib kirib o‘qib
berdi.
Bitta odamning yigirma besh yil davomida shuncha yovuzliklar qilishga ulgurganidan aqli
tang qolgan Akbar jallodni chaqirdi-yu, g‘azab bilan buyurdi:
— Bu ablahning chaqimchilik qilgan tili, xoinlik qilgan iliklari, Bayramxonni o‘limga
boshlab borgan oyoqlari bir-bir kesilsin, undan so‘ng butun vujudi xaloyiqning ko‘zi
oldida parchalab tashlansin! Bu hukm butun poytaxtga, barcha viloyatlarga e’lon qilinsin,
toki boshqa yovuzlar ham umrlari qanday tugashini bilib qo‘ysinlar!
Jallod bu hukmni ertaga jazo maydonida amalga oshirish uchun tayyorlik ko‘rgani ketdi.
Akbar o‘zini sal bosib olguncha, Shamsiddin atka sukut qilib turdi. So‘ng unga tergov
qog‘ozining Adhamga oid joyini ko‘rsatdi.
— Shunday xoinni vositachi qilib, Bayramxonni yashiriqcha o‘ldirtirgan odamlardan biri
— Adhamxon ekan. Uni ne qilaylik?
Akbar yaqindagina yig‘lab kelgan Mohim enagani esladi. Aqli bovar qilmay:
— Nahotki ko‘kaldoshim shunchalik yomon jinoyat qilgan bo‘lsa?! — dedi. — Ehtimol, bu
g‘alamis Afzalbek endi Adhamni bizga sotmoqchidir?
— Sotqin bo‘lgach, sotishi aniq. Ammo uning dalili bor: Bayramxonni o‘ldirishda qilgan
«xolis» xizmati uchun Afzalbek mansabdor bo‘lgan, Adhamxon onasi orqali harakat qilib,
unga jogir berdirgan.
— O‘sha jogir ham mening ruxsatim bilan berilgan. Nahotki men shu qadar aldangan
bo‘lsam?! Bolaligimizda Adhamxon, Aziz — uchalamiz doim xonboboga havas qilar
edik... Bayramxon bo‘lgimiz kelar edi. Shunaqa o‘yinimiz ham bor edi. Nahotki o‘sha
Adhamxon hajga ketayotgan qurolsiz Bayramxonni xoinlarcha o‘ldirishga bosh qo‘shgan
bo‘lsa?!
— Hazratim, siz muncha otashin bo‘lmang. Hayotda nelar uchramas! O‘g‘lim Aziz menga
aytib bergan edi. O‘sha o‘yinlar paytida ham Adhamxon ko‘p g‘irromlik qilar ekan,
rostmi?
— Rost! Nachora! Adhamxonni shu bugun kechasi chaqirtirib, Afzalbek bilan
yuzlashtiring. Agar jinoyati rost chiqsa, Adhamxonni ham hibsga oling. Qanday jazo
berishni keyin o‘ylab ko‘rgaymiz.
Shamsiddin atka o‘z qabulxonasiga chiqqanda qorong‘i tushib qolgan va qandillardagi
shamlar yoqilgan edi. U shu kecha jinoyatchilarni yuzlashtirib ulgurishi kerak, chunki
ertaga Afzalbekni jallod parcha-parcha qilib tashlaydi. Shamsiddin atka Adhamxonni
podshoning farmoyishi bo‘yicha zudlik bilan saroyga yetkazib kelish uchun uyiga maxsus
odam yubordi.
Vakillik lavozimi Shamsiddin atkaga berilganidan buyon Adhamxonning atkani ko‘rarga
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |