www.ziyouz.com kutubxonasi
221
oy ham, quyosh ham unga mahliyo bo‘lib to‘xtab qolur. Biz Adhamxonga buyurgan
edikki, Rupmatini yaxshi muomala bilan o‘zingizga el qilib, poytaxtga boshlab keling,
uning san’atidan biz ham bahramand bo‘laylik. Biroq Adhamxon Rupmatini asir olib,
qo‘pol zo‘ravonliklar qilmishdir. El suygan go‘zal xonanda bu zo‘ravonlikka qarshi zahar
ichibdi-yu, o‘zini o‘zi o‘ldiribdir. El-ulus bu o‘limni Adhamxon bilan bizdan ko‘rib, qattiq
norozilik bildirmishdir.
— Ammo qizning o‘zi Bo‘z Bahodira ma’shuqa ekan. Unga sadoqat saqlab «javhar» odati
bo‘yicha o‘zini o‘ldirgan bo‘lsa, buning uchun Adhamxon ayb-dormi?
— Men Malvaga o‘zim borib, hammasini taftish qilib keldim. Adhamxon boshqa
malvaliklarga ham zulm o‘tkazmishdir. Jabr-u zulmga qarshi g‘alayon boshlangan ekan.
Adhamxonni darhol Malvadan jo‘natib yuborib, to‘polonni zo‘rg‘a tinchitdik. Uning o‘rniga
Pirmuhammad atkani hokim tayinlab kelgan edim, yana falokat yuz beribdi. Atkamiz
yog‘iylarni quvib borib, daryodan o‘tayotganda suvga g‘arq bo‘lib ketibdir. Axiyri
Abdullaxon o‘zbekni Malvaga hokim tayinlab jo‘natdik... Adhamxon boshda yaxshi ish
tut-ganda, shuncha halokatlar yuz bermasligi mumkin edi.
— Beayb — parvardigor, deydilar, hazratim, Adhamxondan o‘tgan joyi ham bordir. Axir
hali u yosh, tajribasi oz.
— Shuning uchun ko‘pni ko‘rgan tajribali Shamsiddin atka bizga vakil bo‘lgani ma’qul-
da!
— Lekin ko‘kaldoshingiz juda o‘ksinib yuribdir. Uning ko‘nglini qanday ko‘tarishimni
bilmaymen.
— Ko‘kaldoshim sal kamtar bo‘lmog‘i kerak, ulug‘ ena! Men o‘zim Adhamxon bilan
so‘zlashgaymen. Siz bu ishlar tufayli ko‘p koyinmang. Davlat ishi shafqatsizdir. Siz esa
mushfiq onasiz. Amal talashishlardan uzoqroq yurganingiz ma’qul. Shuncha
mashaqqatlar bilan farzand o‘stirdingiz, kelinlar tushirdingiz. Endi uyda o‘ltirib shularning
rohatini ko‘ring. Uyda zeriksangiz, o‘zingiz ochgan qizlar madrasasiga boring. O‘qishni
istaydigan qizlar ko‘p emish, eski bino kichiklik qilsa, balki hovli to‘rida yangi bino
qurdirgaymiz. Mening onam ham maqbara qurilishi bilan ovunib, davlat tashvishlarini
unutdi. Onalarimiz endi faqat savob ishlarni qilsinlar, bezovta, notinch davlat yukini biz
Shamsiddin atka bilan ko‘taraylik.
Akbar mayin gaplar bilan enagasini davlat ishlaridan chetlatayotganini sezgan Mohim
bibi kuyunib yana ko‘ziga yosh oldi:
— Mayli, biz endi... keraksiz bo‘lib... chetga chiqaylik... Lekin Adhamxon... shuncha yillik
qadrdoningiz.
— Adhamxonga mening qilcha ham kuduratim yo‘q. Faqat uning o‘zi amalparastlik
ko‘chasidan chiqmog‘i kerak. Bu ko‘cha ne-ne odamlarni adashtirib, mahv qilib
yuborganini o‘zingiz bilursiz.
— Uni bu ko‘chaga sudragan yomon odamlar bor, hazratim. Adhamni o‘shalarning
dastidan faqat siz qutqarmog‘ingiz mumkin!
— Xo‘p, siz uchun men uni yomonlar dastidan yulib olishga urinib ko‘ray. Ammo siz ham
Adhamxonga ayting, o‘zi ulardan qutulishga intilmasa, chetdan ming odam uringanda
ham qutqarolmagay. Men buni rahmatli amakim Komron mirozoning taqdirida
ko‘rganmen.
Mohim enaga Akbarning bu gaplarini o‘g‘liga o‘sha kuniyoq yetkazdi. Biroq endi
Adhamxon o‘zining Muborizxon kabi sirdoshlari bilan orani uzolmaydigan darajaga
yetgan, ularni bir-birlariga mahkam bog‘lab turgan avvalgi jinoyatlari ham bor edi.
Adhamxonning uch ming kishilik bek-u navkarlari orasida Afzalbekni eslatadigan odam
borligini Akbar bir yil burun eshitgan, biroq taftish qilib ko‘rish uchun haligacha fursati
bo‘lmagan edi. Endi Adhamxonni yomon odamlar dastidan qutqarishni Mohim enaga
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |