1.1 QURITISH JARAYONINING MUVOZANATI.
Qattiq material va nam havo oʼzaro taʼsir ettirilganda asosan ikki xil jarayon sodir boʼladi: 1) quritish (materialdan namlikning desorbtsiyalanishi, agar Rm > Rh); 2) namlanish (namlikning material tomonidan sorbtsiyalanishi, agar Pm < Pq; bu yerda Rm - bugʼning material yuzasidagi partsial bosimi, Rh - bugʼning havo yoki gazdagi partsial bosimi)
Quritish paytida Rm ning qiymati kamayadi va Rm = Rh chegarasiga yaqinlashib boradi. Bunday holat dinamik muvozanat holati deb ataladi, φmaterialning bu muvozanat holatiga toʼgʼri kelgan namligi muvozanat namlik deyiladi.
Materialning muvozanat namligi Wm suv bugʼining material ustidagi partsial bosimiga yoki proportsional boʼlgan havoning nisbiy namligiga bogʼliq va u tajriba yoʼli bilan topiladi. Wm = f (φ ) funktsiya oʼzgarmas temperatura sharoitida aniqlanadi, shu sababli u izotermani tashkil qiladi. 1 -rasmda 1-egri chiziq nam materialni quritish jarayoni uchun hosil qilingan va u desorbtsiyalanish izotermasi deb ataladi.
2-egri chiziq esa quruq materialni namlash uchun hosil qilingan, u sorbtsiyalanish izotermasi deyiladi. Sorbtsiyalanish izotermasi desorbtsiyalanish izotermasining ustida joylashgan boʼlib. 1- va 2- egri chiziqlarning bir-biridan farqi gisterezis deb ataladi. Gisterezis hodisasidan shu xulosa kelib chiqadiki, bir xil qiymatga ega boʼlgan muvozanat namlikka erishish uchun havoning nisbiy namligi materialni namlash jarayonida uni quritishdagiga nisbatan katta boʼlishi zarur.
1.1-rasm. Material namligi bilan havoning nisbiy namligining oʼzaro bogʼliqligi: 1-desorbtsiya izotermasi; 2- yutilish izotermasi.
Gisterezisning hosil boʼlishiga asosiy sabab - quritilgan materialning kapillyarlariga havo kirib, bu havoning kapillyarlar devorida sorbtsiyalanishidir. Natijada material qaytadan namlanganda uning namlik bilan hoʼllanish darajasi kamayadi va havoni kapillyarlarda siqib chiqarish uchun suv bugʼining katta partsial bosimi kerak boʼladi.
Quritish jarayonining mexanizmi maʼlum darajada namlikning material bilan bogʼlanishi turiga bogʼliq. Quritish paytida namlikning material bilan bogʼlanishi buziladi. P.А. Rebinder tomonidan namlikning material bilan taʼsirining uch (kimyoviy, fizik-kimyoviy, fizik-mexanik) turi taklif qilingan.
Kimyoviy usul material namlik bilan taʼsirlashganda juda mustahkam va maʼlum nisbatlarda birikma hosil boʼladi. Bu namlikni materialdan ajratish uchun yuqori temperaturalar taʼsirida qizdirish yoki kimyoviy reaktsiya yoʼli bilan taʼsir qilish kerak. Quritish jarayonida bunday namlikni materialdan chiqarish mumkin emas.
Quritish jarayonida odatda materialdan fizik-kimyoviy va fizik-mexanik usullar bilan taʼsirlashgan namliklar ajratib chiqariladi. Mexanik usul bilan birikkan namlik materialdan juda tez chiqib ketadi. Bunday namlik moddaning kapillyarlarida va uning yuzasida joylashgan boʼladi. Mexanik usul bilan birikkan namlik oʼz navbatida ikki xil boʼladi: makrokapillyarlarning namligi (kapillyarlarning oʼrtacha radiusi roʼr 10-5 sm dan katta); mikrokapillyarlarning namligi (r oʼr < 10 -5 sm). Modda yuzasidagi joylashgan namlik hoʼllanish namligi deb yuritiladi. Mexanik birikkan namlik erkin namlik deb ataladi va bunday namlikni materialdan mexanik usullar yordamida ajratish mumkin.
Fizik-kimyoviy yoʼl bilan birikkan namlik ikki turga (adsorbtsion va osmotik birikkan namliklarga) boʼlinadi. Аdsorbtsion namlik materialning yuzasida va uning gʼovaklarida, molekulalarning kuch maydoni taʼsirida mustahkam birikkan boʼladi. Osmotik birikkan namlik bukish namligi deb ham ataladi, bu namlik materiallarning toʼqimalarida osmotik kuchlar taʼsirida bogʼlangan boʼladi. Аdsorbtsion namlikni materialdan ajratish uchun boʼkish namligini ajratishga nisbatan bir oz katta energiya talab qilinadi. Kolloid va polimer materiallarda adsorbtsion va osmotik usul bilan birikkan namlik mavjud boʼladi. Material tarkibida fizik-kimyoviy yoʼl bilan ushlab turilgan namlik bogʼlangan namlik deb yuritiladi.
Quritish paytidagi material namligining oʼzgarishi koʼrsatilgan. Namlik W1 dan Wg gacha oʼzgarganda material oʼzida erkin namlikni tutadi. Bu sohada material nam holatda boʼladi. I sohada materialdan erkin namlik ajratib chiqariladi. Namlik Wg dan Wm gacha oʼzgarganda material oʼzida bogʼlangan namlikni ushlaydi. II sohada material gigroskopik holatda boʼladi. А nuqta gigroskopik nuqta deb ataladi va bu nuqtaga toʼgʼri kelgan namlik gigroskopik namlik Wg deyiladi. А nuqta
φ = 100 % ga toʼgʼri keladi. II sohada materialdan bogʼlangan namlik ajratib chiqariladi.
Gigroskopik namlik Wg materialdagi erkin va bogʼlangan namliklar chegarasiga toʼgʼri keladi. Materialdan erkin namlikni ajratib chiqarish uchun har qanday nisbiy namlikdagi (faqat φ< 100) havodan foydalanish mumkin. Bogʼlangan namlikni materialdan chiqarish uchun kerakli miqdordagi nisbiy namlikka ega boʼlgan havo ishlatish zarur. Bunda faqat materialning namligi muvozanat namlik Wm dan katta boʼlishi kerak. Materialning zarur boʼlgan oxirgi namligiga qarab havoning nisbiy namligi tanlanadi. Materialni quritish mumkin boʼlgan zona shtrixlab koʼrsatilgan. Muvozanat namligi egri chizigʼining tepasidagi zonada materialni faqat namlash mumkin, bu zonada materialni quritish mumkin emas.
Do'stlaringiz bilan baham: |