Quritish tezligining egri chizigʼi.
Quritish jarayonining boshlanishida namlik ajralib chiqishi bilan birga material qiziydi. Bu davr qisqa vaqtni tashkil etadi, quritish jarayoni egri chiziq boʼyicha oʼzgaradi. Materialning qizishi tamom boʼlganidan soʼng quritish jarayoni toʼgʼri chiziq boʼyicha ketadi. Bu davrda quritish jarayoni oʼzgarmas tezlikka ega boʼladi. Bu davr K1 nuqtada iamom boʼladi, bu nuqtaga materialning kritik namligi Wkr toʼgʼri keladi.
Birinchi davrda erkin namlik ajralib chiqadi. K1 nuqtadan soʼng quritishning ikkinchi davri boshlanadi, bu davrda material tarkibidan birikkan namlik ajralib chiqadi. II davrda quritish tezligi doim kamayib boradi, materialning namligi esa muvozanat namlikka yaqinlashadi. Quritish jarayonini muvozanat namlikka qadar davom ettirish mumkin.
Quritish egri chizigʼi hosil qilinadi. Egri chiziqning istalgan nuqtasiga oʼtkazilgan urinma ogʼish burchagining tangensi quritish tezligini (dW/dτ) tashkil qiladi. Gorizontal oʼqqa material namligining qiymati ( % hisobida), vertikal oʼqqa esa quritish tezligi dW/dτ ning qiymati (masalan, %/min) qoʼyiladi.
I davrda quritish tezligi gorizontal toʼgʼri chiziq boʼladi, chunki bu davrda quritish tezligi oʼzgarmas qiymatga ega. II davrda quritish tezligining chizigʼi materialning turiga va namlikning material bilan birikish turiga koʼra har xil koʼrinishga ega boʼladi. Bu davrda quritish tezligi doim kamayib boradi.
Turli materiallar uchun quritish tezligining egri chiziqlari keltirilgan. Hamda egri chiziqlar muvozanat namlikka toʼgʼri kelgan nuqtaga kelganda tugaydi. Quritish tezligi egri chiziqlarining ayirmalarida ikkinchi kritik nuqta (K2) mavjud boʼladi. Bu kritik nuqta materialning shunday namligiga toʼgʼri keladiki, bunda materialdan namlikning siljish xarakteri oʼzgaradi. Koʼpincha bu nuqta adsorbtsion namlik ajralib chiqishining boshlanishiga toʼgʼri keladi.
Quritish va quritish tezligi egri chiziqlaridan shu narsa koʼrinib turibdiki, quritish jarayoni ikki davrga boʼlinar ekan. Tadqiqotlar natijasida shu narsa maʼlum boʼldiki, birinchi davrda quritish tezligi oʼzgarmas boʼlsa, ikkinchi davrda esa quritish tezligi doim kamayib boradi.
Birinchi davrda quritish tezligi asosan tashqi diffuziyaga bogʼliq boʼladi. Bu davrda qurituvchi agentning tezligi va uning parametrlari (nisbiy namlik, temperatura) hisoblash ishlarida katta ahamiyatga ega. Materialning ichida namlikning diffuziyalanish tezligi katta qiymatga ega boʼladi, biroq bu holat namlikning material yuzasidan berilish tezligini belgilamaydi.
Ikkinchi davrda ancha murakkab jarayon sodir boʼladi. Bu davrda bogʼlangan namlik ajrala boshlaydi. Quritish tezligi asosan material ichidagi namlikning tarqalish tezligiga bogʼliq. Shu sababli ikkinchi davrda quritish tezligiga material tarkibi bilan bogʼliq boʼlgan parametrlar (quritilayotgan materialning shakli va oʼlchamlari; materialning namligi, materialning namlik oʼtkazuvchanligi) taʼsir koʼrsatadi. Quritish tezligiga havo oqimining tezligi va uning parametrlari ham bir oz taʼsir qilishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |