Rahbar shaxsining g’oyaviy-siyosiy sifatlari:
1- g’oyaviy-siyosiy e`tiqod; fidoiylik printsipiallik siyosiy savodxonlik ijtimoiy faollik, ijtimoiy burchni anglaganlik ijtimoiy fikrlash, tashkilotchilik, tadbirkorlik;
2- kasbiy-ixtisosiy xislatlari: kasbiy etuklik, mustaqillik bilimdonlik aqlning tanqidiyligi, axborotlarni tahlil qilish, o’z fikrini ifodalay olish, ilmiy-tadqiqot o’tkazishga moyillik;
3- hissiy va axloqiy fazilatlari: vatanparvarlik, o’ziga va o’zgalarga talabchanlik, kamtarlik, o’zgalarni hurmat qilish, o’ziga ishonch, ibolilik, halollik, adolatlilik, samimiylik, beg’arazlik, vijdonlilik, xulq madaniyati va odobi hamdardlik, oqilona baholash, yumor hissi, dilkashlik o’zini kamol toptirish, bilimga chanqoqlik, zamonaviylik, o’zini tuta bilish, o’z manfaatini ustun qo’ymaslik, axloq qoidalariga rioya qilishlik;
4- maxsus qobiliyatlari: iymon e`tiqodlilik, tashkilotchilik, nutqiy va nufuzli qobiliyat, sezgirlik, muomala o’rnatuvchanlik, diqqatni yo’naltirish, aniqlik, xolislik safarbarlik;
5- tashkilotchiliqdagi individual farqlari: psixologik tanlovchanlik, amaliy aql-zakovat, psixologik takt, ijtimoiy g’ayratlilik, tanqidiylik, tashkilotchilikka uzluksiz moyillik, uyushqoqlik, bukilmas irodalilik va hokazo.
Rahbarlarni maxsus tayyorlamasdan turib, yuksak samaralarga erishib bo’lmaydi. Buning uchun, eng avvalo, hayotiy malakalarni shakllantiruvchi, kommunikativ, shaxslararo munosabatlarga kirishishga o’rgatuvchi, qaror qabul qilishga, muammoni hal etishga undovchi, sog’lom turmush tarzini saqlovchi, qobiliyatlarni rivojlantiruvchi va ularni yo’naltiruvchi, inson kamolotiga ko’maklashuvchi treninglarni qo’llash lozim.
Rahbar qobiliyatining psixologik tavsifi
Boshqaruv jarayonini maqsadga muvofiq ravishda amalga oshirish uchun rahbar idora qilishning qaysi bo’g’inida bo’lishidan qat`iy nazar muayyan qobiliyatlarga ega bo’lishi kerak. Rahbar o’zining shaxsiy fazilatlari, mustahkam harakteri, kuchli irodasi, barqaror hissiyoti barcha narsalarga va jabhalarga nisbatan maxsus qobiliyatlari bilan xalq xo’jaligini boshqara oladi, xolos. CHunki fan va texnikaning rivoji, odamlarda ochlilik darajasining yuksak ko’rsatkichi, ijtimoiy tajribalarning ta`sirchan kuchi, kishilarning muayyan bilimlarga ega ekanligi, rahbarning komil inson kamoloti pog’onasiga ko’tarilishini taqozo etadi.
Hozirgi zamonda buyruq, qo’rqitish, zo’rlik bilan mehnatkashlarga muomala qilib bo’lmaydi, unday davrlar ijtimoiy turmush maydonidan allaqachonlar chiqib ketgan. Davlat miqyosida yuz berayottan demokratik o’zgarishlar, so’z va vijdon erkinligi, milliy istiqlolga erishganlik, milliy o’zligini anglash, xuquqiy himoyalanganlik fuqarolar ongini yanada yuksalishga olib keladi. Yigirma birinchi asr arafasida odamlar o’zlarining o’tmishdosh hamyurtlaridan juda ko’p jihatlari bilan keskin tafovutlanadi.
Tub o’zgarishlar natijasida ularda mustaqil fikrlash va ish yuritish, shaxsiy rejalarini ruyobga chiqarish yo’llarini izlash imkoniyatlari vujudga keldi. Bugungi kundagi rahbar ijtimoiy hayotdagi munosabatlar, ularning tuzilishi va mohiyati bilan yaqindan tanish bo’lishi, boshqaruv jarayonida ularni hisobga olishni taqozo qiladi. Tobe kishilar, ijrochilar, yordamchilar orasida rahbar o’zining har tomonlama ustuvorligi bilan obro’-e`tibor, nufuz orttirishi mumkin, aks holda ishlab chiqarish samaradorligi, dehqonchilik mahsuldorligi, xodimlarning ijodiy fikrlashi to’g’risida so’z bo’lishi ham mumkin emas.
Rahbar shaxsi barkamolligi, qatiy harakteri, milliy qiyofasidan tashqari bir qator qobiliyatlariga ega bo’lishi tabiiy ravishda obro’ qozonishga puxta negiz hozirlaydi, lavozimning keyingi bosqichlari uchun imkon yaratadi, istiqbol rejalarini ro’yobga chiqaradi. Bizningcha, quyida mulohaza yuritiladigan qobiliyatlar rahbar kadr uchun juda muhim hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |