Ikkinchi ta`rif; "Menejment psixologiyasining predmeti - guruh va ommaning psixologik xususiyatlari, ularning shaxs ongiga va xulqiga ta`sirini tekshirishdan iboratdir".
Keltirilgan parchalardan ko’rinib turibdiki, ularning hech biri menejmentning psixologik mohiyati va uning tadqiqot ko’lamini ochish, talqin qilish qudratiga ega emas, xuddi shu boisdan bunday ijtimoiy psixologik holat o’z navbatida ilmiy izlanish va tekshirish ko’lamini keskin toraytirishga olib keladi, oqibat natijada sohaning mavqei, uning xalq xo’jaligidagi roli yanada pasayadi. Hamkorlik faoliyatini mazmuni, uning bosqichlari (fazalari, shakllari), shaxslararo munosabatlarning o’zaro ta`sir xususiyatlari, insonda ijtimoiylashuvning tezlashuvi, ongning rivojlanish bosqichlari, "inson-texnika" tizimi bilan bog’liq, bir talay muammolar tadqiqot predmetidan chetda qolib ketish xavfi tug’iladi.
YUqorida keltirib o’tilgan muammolarga asoslangan holda menejment psixologiyasiga quyidagicha ta`rif berish maqsadga muvofiq:Uchunchi ta`rif: "Hamkorlik faoliyatida shaxsning xulqiga va ongiga guruhiy (ommaviy) ta`sir o’tkazishning psixologik xususiyatlarini, menejer bilan ijrochi o’rtasidagi muomala maromini tekshirish, shaxslararo munosabatlar bosqichlari (shakllari) hamda emotsional holatlarini tadqiq etish, rahbarning psixologik muhitini ta`minlash bilan bog’liq faoliyat uslubi va uning mexanizmlarini tadqiq qilish menejment psixologiyasining predmetidir". Bundan tashqari, mazkur psixologiya sohasining predmeti tarkibiga amaliy va nazariy ko’nikmalarni egallash xususiyatlari, idora qilishning qonuniyatlari, jamoadagi psixologik moslik, jipslikni ta`minlovchi omillar va mexanizmlarni o’rganish singari bir qator muammolarni kiritsa bo’ladi.
Menejment psixologiyasi umumiy psixologiya fanining boshqa sohalari bilan uzviy bog’liqlikda o’zi to’plagan ma`lumotlarini chuqur va atroflicha ilmiy jihatdan oqilona, omilkorlik bilan tahlil qilish imkoniyatiga ega bo’ldi. Umumiy psixologiya, sotsial psixologiya, mehnat psixologiyasi, muhandislik psixologiyasi, yosh psixologiyasi, kichik guruh psixologiyasi, muomala psixologiyasi singari sohalar bilan jips aloqa qilgan holda psixologik holatlar, munosabatlar, ommaviy harakatlar, shaxsga ta`sir o’tkazish bo’yicha o’zini-o’zi, guruhni va jamoani boshqarish, unda psixologik muhitni ta`minlash, hamkorlik faoliyatining samaradorligini oshirish, shaxslararo munosabatlarning yuksak darajasini vujudga keltirish, nizoli, ziddiyatli, mojaroli ijtimoiy vaziyatlarning oldini olish imkoniyati tug’iladi.
Ana shu sababdan menejment psixologiyasi uchun umumiy psixologiya sohasida erishilgan yutuqlar, to’plangan nazariy va amaliy ma`lumotlar, fiziologik va psixofiziologik mexanizmlar, qonuniyatlar hamda o’zgarishlarni vujudga keltiruvchi, harakatlantiruvchi kuchlar, ijtimoiy-tarixiy omillar, murakkab ichki va tashqi bog’lanishlar, takomillashish bosqichlari (yo’llari, vositalari, shakllari, betakrorligi, o’ziga xosligi) shaxsning ontogenetik xususiyatlari va ularni keltirib chiqaruvchi manbalar, sabablar, hamkorlikning tarkibiy qismlari to’g’risidagi ilmiy, amaliy axborotlar majmuasi muhim ahamiyat kasb etadi. SHuning bilan birga insonning ichki regulyativ funktsiyalari (motiv, motivatsiya, his-tuyg’u, murakkab kechinmalar, anglashilgan holatlar), bilish jarayonlari (sezgi, idrok, tasavvur, xotira, tafakkur, xayol, ijodiyot, intellekt), ongning takomillashuvi, shaxslararo munosabatning manbalari (diqqat, nutq), shaxsning individual-topologik, ya`ni biologik shartlashgan xususiyatlari, kamolot bosqichlari va ularga ta`sir etuvchi irsiy belgilar, ijtimoiy muhit, ichki ruhiy zahira va imkoniyatni ruyobga chiqarish, ijtimoiy faollik hamda mustaqillik muammolariga, asoslariga, ma`lumotlarga suyanishga o’z navbatida boshqaruvni maqsadga muvofiq amalga oshirishni ta`minlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |