Shohrux qabrini ochish tafsilotlari
17-iyun kuni Mironshoh qabrini ochish ishlari davom ettirildi. Uning jasadi batamom tozalanib bo` lingach, Shohrux Mirzo qabrini ochishga tayyorgarlik ishlari boshlandi. Uning qabri ustidagi og`ir tosh taxta maxsus asboblar yordamida ko`tarilib, Mirsaid Umarning qabri yaqiniga eltib qo`yildi. Shohrux Mirzo otasining o`ng tomonida abadiy uyquda yotibdi. Qabrning ustida Temuriylar sulolasiga xos ravishda yozuvlar bitilgan ko`k rang marmar taxta bilan yopilgan. Qabr ochilgandan so`ng ma`lum bo`lishicha, bu marmar taxta ajoyib ishlov berilgan, marmar taxtalardan yasalgan g`ilofning qopqog`i ekanligi ma`lum bo`ldi. Shohruxning jasadi g`ilofning tubida, chap yelkasi sal ko`tarilgan holatda yotibdi. Jasad yelkasining tagida esa ozgina sustroq ham saqlangan. U bir paytlar ikki xil kafanga o`ralganligi ma`lum bo`ldi. Birinchi kafan qora ko`kish rangda bo`lib, juda yigirilgan jundan to`qilgan edi. Shohrux suyaklarining ba`zi joylarida qachonlardir mumiyolangan muskullarni qoldiqlari uchraydi. Bu hol Shohrux jasadini Hirotdan Samarqandga ko`chirib kelishdan avval maxsus mumiyolanganligidan darak berib turibdi. Xilxonani suv bosganligi uchun barcha mumiyolangan a`zolar chirib ketgan va natijada suyaklar etdan ajralgan. Shohruxning boshi va chap yelkasi tagiga toza tuproqdan yostiqcha qilinib, sal ko`tarilgan, boshi o`ng yoniga burilib, yuzi katta Makkaga qaratilgan. Qo`l va oyoqlari uzatilgan holatda qotirilgandir. Uning bosh tomonida yog`ochdan yasalgan qalamdon qo`yilgan bo`lib, unda bir necha yuzlab silliq tomchilar silliq toshchalar saqlangan. Toshchalarning sirtiga qaraganda, ular dengizdan keltirilganga o`xshaydi. Ekspiditsiya ishtirokchilari o`rtasida ushbu qalamdon va toshlar turli munozaralarga sabab bo`ldi…
Shohruxning jasadi qabrdan chiqarib olingach, ehtiyotkorlik bilan Samarqand dorilfununiga keltrilib, kimyoviy usullar bilan tozalangach, antropolog L.V.Osha tomonidan o`rganib chiqildi. Uning fikricha, Shohrux 70 yoshlarga yetganda juda keksayib qolgan va hayotlik chog`ida barcha tishlari to`kilib ketgan. M.Gerasimovning fikricha, Amir Temur 69 yoshida huddi 50 yoshli kishi kabi g`ayratli va baquvvat bo`lgan. Shohrux esa bu yoshda tamoman qarib qolgan edi. Umuman olganda, Shohrux tabiatan nozik bo`lganligi aniqlandi. Bo`yi 1 metr-u 57 sm bo`lgan. Antropologlarning aniqlashicha, Shohrux Mirzo bosh chanog`ining qiyofasi otasi Temurning bosh chanog`i qiyofasidan tubdan farq qilib, ovrupoviy (yevropalik) ko`rinishga egadir. Bu qiyofa antropologiya fanida Farg`ona-Pomir tipi deb atalib, bu tip O`rta Osiyo aholisiga xosdir.
M.Gerasimov Shohrux bosh chanog`ini har tomonlama o`rganib chiqib, o`zi yaratgan usul asosida uning portretini yaratdi. Shohruxning sochi, bosh kiyimi va boshqa liboslari Temuriylar davrida yaratilgan miniaturalar asosida ishlandi. Ana shu taqlidda yaratilgan Shohrux portreti zamondoshlari u haqida yozib qoldirgan tasvirlanga mos keladi.
Shohruxning qabrtoshida uning jasadi Samarqandga, Go`ri Amir Xilxonasiga qizi poyonda Sultonbegim tomonidan olib kelindi, degan yozuv bor. Mashhur sharqshunos V.Bartold keltirilgan ma`lumotlarga qaraganda, g`arbiy Eronda qazo qilgan jasadi avval Hirotda, xotini Gavhar Shodbegim tomonidan bino qilingan madarada dafn etilgan. Mirzo Ulug`bek 1488-yili jang-u jadallar natijasida Hirotni qo`lga kiritgach, otasining hokimi Jahongir bobosi yoniga olib kelishni niyat qilib, Hirotdan qaytishda otasining jasadini olib qaytgan degan so`z bor. Bu ma`lumotlarda birinchi inkor qiladigan fikrlar yo`q. Mirzo Ulug`bek bu paytda harbiy masalalar bilan band bo`lganligi uchun otasining hokini Samarqandga olib kelishni, opasi Poyonda Sultonbegimga yuklagan bo`lishi, u ishni oxiriga yetkazgach esa, qabrtoshiga Pyonda Sultonbegim nomi bitilgan bo`lishi mumkin. Lekin shu narsa aniqki, Shohruxning jasadi ham xuddi Mironshohning jasadi kabi Samarqandga keltirish uchun tuyalarda uzoq va mashaqqatli yo`l bosgandir.
Do'stlaringiz bilan baham: |