Shermuhammad Avazbiy o'g'li Munis XIX asrning I yarmi o'zbek adabiyotining peshqadam, rahnamo vakillaridan biridir. 1778 yili Xiva yaqinidagi Qiyot qishlog'ida dunyoga kelib, vabo tufayli atigi 51 yoshida hayotdan ketgan bu buyuk iste'dod sohibi ulkan meros qoldirdi. Uning zabardast shoir, iste'dodli muarrix, xattot sifatida yaratgan asarlari o'tmish merosimizning yorqin sahifalarini tashkil etadi. Shoirning «Munis ul-ushshoq» devonida o'n ikki ming misraga yaqin she'r mavjud. U, ayniqsa, badiiy ijodi bilan XIX asrga kelib ko'tarilish jarayonidagi Xorazm adabiy muhitiga ravnaq, salohiyat bag'ishlagan siymodir.
Munisning iste'dodli shoir sifatida shakllanishi va kamol topishida she'riyat mulkining sultoni Alisher Navoiyning ta'siri katta. Munis Navoiy ijodining Xorazmdagi eng kuchli muxlislaridan va tashviqotchilaridandir. U Navoiyni o'ziga adabiy ta'lim yo'lida ustoz, pir deb bilgan. Jumladan, shoir faxriya tarzidagi «Manga» radifli g'azalida «Agar she'riyatda menga birorta hasadgo'y noo'rin ta'na-daxl qilgudek bo'lsa, bunga aslo qayg'urmayman, parvo qilmayman, chunki Navoiy ruhi, madadi ma'ni bobida mening himoyachimdir” mazmunida:
Qilsa hosid daxli bejo so'z aro yo'qtur g'amim, Kim bu ma 'nida Navoiy ruhi homiydur mango
baytini keltiradi. U ruboiylarining birini maxsus Navoiy ta'rifiga bag'ishlagan. Bu ruboiyda Navoiy so'z iqlimidagi jahongirlarga o'xshatiladi.
Munisning Navoiy va uning ijodiga muhabbati qanchalik kuchli bo'lganligini «Munis ul-ushshoq»dagi ko'pgina she'rlarning qiyosiy tahlili orqali anglab olish mumkin. Navoiyning mashhur orifona va oshiqona g'azallariga ergashib yozgan g'azallari, tazmin muxammaslari buning uchun yaxshi material bera oladi. Munis ancha g'azallarida Navoiydan aynan baytlar olib, ularni o'z she'rlari tarkibida tazmin sifatida keltirib, shu misra va baytlar darajasida badihalar yaratishga erishadi. Nazirai benazir g'azallar, muxammas va qasidalar yaratishga muvaffaq bo'ladi. Masalan, Munis Navoiyning «Hiloliya» qasidasidagi
Ey qoshing mehrobi tarh aylab yangi oy hay'atin, Vaqf ango qilmish maloyik xayli naqdi toatin —
matla' baytini keltirib, so'ng unga javob ayta olish shoirning balog'ati mezonidir, — deydi va shu bayt izidan borib, unga mos tushuvchi «Iyd» qasidasini yarata olganligidan faxrlanadi.
Munis tomonidan Navoiyning elga juda mashhur bolib ketgan «Tun oqshom keldi kulbam sori ul gulrux shitob aylab» misrasi bilan boshlanuvchi g'azaliga yozgan yetti bandli tazmin muxammasi shu g'azalga boshqa shoirlar tomonidan yozilgan o'nlarcha tazmin muxamrnaslarning eng nodir namunasidir. Bunda Munis Navoiy g'azalining ichki strukturasiga, poetik ohangdorligiga xalal yetkazmaydigan holda uni voqeaband asar darajasiga yetkazadi, lirik qahramonga hos kechinmalarni yangi go'zal lavhalar evaziga boyitadi.
Xullas, Munis ijodida ustod Navoiy ta'siri yaqqol ko'zga tashlanib turadi. Bundan, albatta, Munis she'riyati boshqa daryolardan bahramand bo'lmagan ekan-da, degan xulosa chiqmaydi. Zero, u adabiy ta'limi juda keng bir ijodkor siymo sifatida ko'zga tashlanadi. Bunga uning «Mango» radifli g'azalida nomlari faxr bilan zikr etilgan buyuk shoirlar shohiddir. Shu ma'noda, Munis ta'sirlangan, ma'naviy-estetik madad olgan adabiy chashmaga Navoiy ijodiyoti ta'siridan tashqari, yana ikki irmoqni qo'shish to'g'ri bo'lardi. Bulardan biri — Nizomiy, Xusrav, Ansoriy, Hofiz, Attor, Firdavsiy, Xoqoniy, Anvariy, Sa'diy, Jomiy, Iroqiy, Bedil nomlari bilan bog'liq fors-tojik klassik adabiyoti, ikkinchisi shirinzabon Muhammad Fuzuliy va uning lirikasidir. U Fuzuliyning «Kerakmasmu sanga?», «Etdigumdandur» g'azallariga muxammaslar ham bog'ladi.
Munis adabiy merosi muallif tomonidan 1815 yili tartib berilgan, keyinchalik toidirilib, tahrir etilib «Munis ul-ushshoq» nomida bizgacha yetib kelgan devonda jamlangan. Bu devonda mumtoz she'riyatimizda mayjud qariyb barcha an'anaviy janrlardagi she'rlar keltiriladi. Tabiiyki, unda g'azallar yetakchi o'rin tutadi. Shu devonga yozilgan muallif debochasida Munis unga kiritilgan she'rlarning janr tarkibi haqida so'z ochib, quyidagilarni qayd etib qoldirgan: «...Har nav' she'r ila orasta va har zarif nazm bila pirasta bo'ldi. Andog'kim, g'arro qasidalar, dilkusho g'azallar, fasohatoyin tarkibbandlar, latofat taz'yin (ziynat topgan) qit'alar, sharif musaddas va muxammaslar, latif ruboiy va muammolar, shirin masnaviy va rangin tuyug'lar va g'ayra ham taxminan olti ming baytdir... Aksar g'azal va ruboiylarkim majoz yo'sinida ishq va husni zohiriy sifatida voqe' erdi... «Munis ul-ushshoq»g'a mavsum bo'ldi».
Munis devonida Navoiy va Boburdan so'ng juda kam yaratilgan muammo she'r namunalari ham bor. Agar «Munis ul-ushshoq»dagi she'rlar haqida XX asrning 50—yillaridan boshlab marhum olimlardan N.Mallayev, V.Abdullayev, M.Yunusov tadqiqotlar (nomzodlik dissertatsiyasi, adabiy portret va ilmiy ocherk) yaratgan bo'lsalar, 90—yillari yosh olim Nusratulla Jumaxo'ja «Munis g'azaliyoti» (1991) nomida shoir she'rlaridagi badiiy mahorat xususida risola yaratdi. «Munis ul-ushshoq» 1957 yili devon sifatida, 1980 yili esa ancha to'ldirilib «Saylanma» tarzida chop etildi. Nomidan ham ma'lum bo'layotirki, «Saylanma»ga kiritilmay qolgan she'rlar (hamdlar, na'tlar, qasidalar) hali ancha. «Saylanma»ning joriy nashridan asosan g'azallar, to'rtta qasida, 38 ruboiy, 8 tuyuq, 2 mustazod, Navoiy g'azallariga yozilgan 6, Fuzuliy g'azallariga yozilgan 2, Andalib g'azaliga yozilgan 1 muxammas, 2 musaddas, 5 qit'a, «Chilim» so'zi yashiringan g'azal-chiston hamda «Savodi ta'lim» manzumasi o'rin olgan. Asar oxirida tushunilishi qiyin arabcha-forscha so'zlarning alfavit tartibidagi lug'ati berilgan. «Saylanma»ga xorazmlik olim va shoir Yunus Yusupov kirishso'z yozgan, noshirlik qilgan.
«Munis ul-ushshoq» shoir she'riyatining mazmunini, mohiyatini, muallifning estetik maqsadini ifodalaydi. «Munis» so'zi do'st, ulfat, hamdam; «ushshoq» so'zi sevishganlar, oshiqlar ma'nolarini anglatadi. Ma'lum bo'ladiki, «Munis ul-ushshoq»dagi lirik she'rlar sevishganlarning qalb kechinmalari, dard-alamlari, orzu-umidlari, visol shodliklari va hijron iztiroblarini aks ettiradi. Shoir o'z devoni va undan joy olgan she'rlarning dunyoviy hamda ilohiy ishq ahli bilan hamdam bo'lishini uning nomlanishida ramziy tarzda ifodalaydi.
«Munis ul-ushshoq»dagi oshiqona, orifona, didaktik g'azallar shoir ijodidagi an'anaviy xususiyatlarni namoyon etsa, hasbi hollilik, ijtimoiylik va tanqidiylik mazmuniga ega she'rlar uning davr tashvishlari bilan hamnafas ekanligini, asarlari davriy hodisa ham ekanligini namoyon etadi. Keyingilari Munis ijodiyotiga xos yangiliklar sanaladi. Bunday she'rlarda shoir o'z davrining ilg'or, ma'rifatparvar arbobi sifatida gavdalanadi. Fuqaroparvar, diyonatli, vatanparvar siymo, mazlumlarga achinuvchi, zolimlarga nafrat ifodalovchi adolatpesha hakam sifatida ko'rinadi.
Munis g'azaliyoti shoir davri hayotining muhim tomonlarini ifodalashi bilan muhimdir. Uning ko'plab g'azallari an'anaviy mavzu va uslubda yozilganligiga qaramay muayyan bir ma'noda shoir hasbi holi, taqdir-qismati, zamondosh fuqaro ahli ahvolotini ham aks etdiradi. Hatto ayrim g'azallarini shoir larjima holi, dard-alamlari tasviriga bag'ishlangan monolog xarakteridagi avtobiografik g'azallar desa ham bo'ladi. U motamsaro bir g'azalida «Andog'kim, ota va ona va ini mani bekas ibtilosig'a sazovor va motamkashlik balosig'a giriftor qildi», deydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |