Rahm ushshoq aro bu xastag'akim, Bir tarafdur alar, bu bir yondur.
Uning ruboiylari ichida ham inson qalbini junbushga keltiruvchi nozik ruhiy-psixologik lavhalar beriladi. Quyidagi ruboiyni Munisga nihoyatda aziz bo'lgan inson bilan vidolashuv haqidagi marsiya deyish mumkin:
Ey do 'st, tani zorim aro jonim eding, Iqlimi muhabbat uza sultonim eding,
Xush keldingu jonimda nishiman qilding, Xush borki, base aziz mehmonim eding.
U o'sha davr Xorazm shoirlari ijodida kam uchrovchi chiston janrida ham asarlar yozgan. Shunday chistonlaridan biri «Chilim» so'zi yashiringan chiston-g'azaldir. Unda nashavandlikning, chilim chekishning o'ta zarari, shariatda «harom» deb e'lon qilinganligi aytilib, odamlar ayniqsa yoshlar bu falokatdan uzoqda bo'lishlari ogohlantiriladi.
Xiva xonlari saroyiga yaqin bo'lgan, rasmiy xizmatlarni ado etgan Munis va Ogahiy qasidada ham shuhrat taratdi. Munis qo'lyozma devonining boshlang'ich qismlarini qasidalar tashkil etadi. Ular ichida XVIII asr so'ngi —XIX asr avvallarida hukmronlik qilgan Eltuzarxon, Muhammad Rahimxon, Olloqulixon hamda Muhammadrizo Qushbegi, Qutlug'murod, Rahmonquli To'ra kabi nufuzli shaxslar maqtoviga bag'ishlanganlari bor. Munis Xiva xonligi bilan Buxoro xonligi o'rtasidagi urush, qoraqalpoq va turkman elatlariga qarshi xurujlar, arkoni davlat va zodagonlarning ov-shikor, to'y-bazm, iyd dabdaba va hashamatlari haqida ham qasidalar bitgan. «Bahor», «Iyd», «Erur charxi berahm», «Charog'i nola» nomlari bilan Munis «Saylanma»siga kiritilgan qasidalari shunday. Ularda shoir saroy qasidachiligi an'analaridan uzoqlashib ketolmaydi, qalamga olgan mavzu va shaxslarni iloji boricha maqtashga harakat qiladi. Shunga qaramay, Munis qasidalaridan ham o'sha murakkab davr hodisalariga doir ayrim tomonlarni ajratib olish mumkin.
Shoir «Saylanma»sida keltirilgan «Bahor» qasidasi oxiriga uch nuqta qo'yilgan. Demak, u bahor vasfiga bag'ishlangan qasidaning to'liq matni emas. Shoir bu qasidani hut oyi o'tib hamal (mart) fasli kelganligiga belgi sifatida, aniqrog'i, bahor-navro'z madhiga bag'ishlab yozadi. Shoir o'ziga xos til va uslub ila bahor tarovatining turli go'zalliklarini mohirlik, katta ilhom bilan madh etadi. Bahor tufayli tabiat, jonli mavjudot, butun atrof-muhit jonlanganligini, yangi qiyofaga kirganligini, suvlarning nozik shildirashiyu, qumri-bulbullarning mast boʻlib sayrashlarini ifodalab beradi. Bu asarni bahor, tabiat jozibasi haqidagi eng yaxshi qasida desa bo'ladi.
«Saylanma»dagi ikkinchi qasida «Iyd» deb nomlanadi. Tabiiyki, u musulmonlarning eng muqaddas bay ram i «Iydi ramazon» yoxud «Iydi qurbon»ga bag'ishlangan. Munis bu muqaddas bayram fayzi bilan juda chuqur o'y-mulohazaga beriladi. Chiroyli ramzlar, tashbehlar, obrazlar, qiyoslar topib, bu qutlug' kunni sharaflaydi. She'rdan anglashilishicha, bu asar Alisher Navoiyning «Hiloliya» qasidasi ta'sirida yozilgan. Munis hatto «Hiloliya» qasidasidan tazmin uchun baytlar ham keltiradi.
Shoir o'z qasidasi Navoiy qasidasiga tatabbu' (bir she'rga o'xshatma qilib, uning vazni, uslubi, mazmuni izidan borib she'r yaratish san'ati) ekanligini ham eslatib o'tadi:
Do'stlaringiz bilan baham: |