4. Faoliyat bilan yoki ruxsat etish xsusiyatiga ega hujjatsiz yoxud xabarnoma yubormasdan shug’ullanish.{190m} O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 41-moddasi 4-qismiga muvofiq, yuridik shaxs qonunda ro‘yxati belgilab qo‘yilgan ayrim faoliyat turlari bilan faqat maxsus ruxsatnoma (litsenziya) asosidagina shug‘ullanishi mumkin. O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi jismoniy shaxslardan ham faoliyatning ba’zi turlarini amalga oshirishda litsenziya olishni talab qiladi. Amalga oshirilishi maxsus ruxsatnoma (litsenziya) talab qiladigan faoliyatlar turi ro‘yxatini va litsenziyalash tartibini belgilovchi asosiy me’yoriy hujjat — O‘zbekiston Respublikasining «Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida»1 Qonuni hisoblanadi. Biroq shuni nazarda tutish lozimki, faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash zarurati va tartibi qonunchilikning boshqa hujjatlari bilan ham belgilanishi mumkin (masalan, narkotik moddalar aylanishi, transport sohasidagi faoliyat va hokazolarga tegishli).
Litsenziya olish talab qilinadigan faoliyat bilan shug‘ullanish huquqi, agar qonunchilikda boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, u olingan paytdan boshlab vujudga keladi. Shuni nazarda tutish lozimki, litsenziya faoliyatning litsenziyalanadigan har bir turiga olinishi lozim. Bunda faoliyatning bir necha turini amalga oshirishga ruxsat bitta yoxud bir necha hujjatda ifodalanganligi muhim emas. Faoliyat xususiyatlariga qarab uni amalga oshirishning turli shartlari belgilanishi mumkin. Jinoyatning bevosita obyekti iqtisodiyotning normal rivojlanishini ta’minlovchi xo‘jalik faoliyatini amalga oshirishning o‘rnatilgan tartibi va xususiy tadbirkorlik hamda yuridik shaxslardan olinadigan soliqlar, shuningdek, litsenziyani ko‘rib chiqish va berish uchun to‘lovni, ro‘yxat bojini olmayotgan davlatning moliyaviy manfaatlari hisoblanadi. Bundan tashqari, faoliyat bilan litsenziyasiz shug‘ullanish uni tegishli nazorat ostidan chiqaradi va fuqaro hamda tashkilotlarga ziyon, fuqarolar sog‘lig‘iga, ijtimoiy axloq manfaatlariga zarar, mamlakat mudofaasi vadavlat xavfsizligiga putur yetkazishi mumkin. Obyektiv tomondan jinoyat litsenziya olinishi shart bo‘lgan faoliyat bilan maxsus ruxsatnoma olmasdan shug‘ullanish ko‘p miqdorda daromad olish bilan bog‘liq bo‘lishi bilan ifodalanadi. “Amaldagi qonunchikka muvofiq savdo faoliyatining ayrim turlari bilan shug‘ullanishga maxsus ruxsatnoma (litsenziya) talab qilinadi. Bunday ruxsatnomaning yo‘qligi JKning 190-moddasida ko‘rsatilgan javobgarlikni yuzaga keltiradi, agarda aybdor ko‘p miqdorda daromad olgan bo‘lsa. Agar bunda aybdor savdo faoliyatini nafaqat ruxsatnoma (litsenziya)siz amalga oshiribgina qolmay, balki ro‘yxatdan o‘tishdan ham bo‘yin tovlaganligi aniqlansa, uning harakatlari Jinoyat kodeksining 188 va 190- moddalari majmui bilan kvalifikatsiya qilinmog‘i lozim»1 . Faoliyatning litsenziyalanadigan turlari jumlasiga amalga oshirilishi fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga, sog‘lig‘iga, jamoat xavfsizligiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan hamda tartibga solib turilishi litsenziyalashdan tashqari usullar bilan amalga oshirilishi mumkin bo‘lmagan faoliyat turlari kiradi. Amalga oshirilishi uchun litsenziya talab qilinadigan faoliyat turlari qonunlar bilan belgilanadi.
Litsenziyalar namunaviy (oddiy) va yakka tartibdagi bo‘lishi mumkin. Namunaviy (oddiy) litsenziyalar jumlasiga cheklanmagan doiradagi yuridik va jismoniy shaxslarga beriladigan litsenziyalar kiradi, agar ushbu shaxslar tegishli faoliyat turini amalga oshirishga nisbatan qo‘yiladigan yagona shartlar va talablarga javob bersalar. Yakka tartibdagi litsenziyalar jumlasiga yuridik va jismoniy shaxslarga alohida talablar va shartlar asosida beriladigan, litsenziatlarga faoliyatning mazkur turini amalga oshirishda mutlaq huquqlar beruvchi, miqdoriy cheklangan litsenziyalar kiradi. Yakka tartibdagi litsenziyalar amal qilish hududi, faoliyat obyekti yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan boshqa asoslarga ko‘ra miqdoriy cheklanadi. Yakka tartibdagi litsenziyalarni berish, qoida tariqasida, tanlov (tender) asosida amalga oshiriladi. Yakka tartibdagi litsenziyalarni berish tartibi va shartlari, shu jumladan tanlovlarni (tenderlarni) o‘tkazish shartlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Litsenziyaning amal qilish muddati, qoida tariqasida, cheklanmaydi. Litsenziya qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda litsenziya da’vogarining arizasida ko‘rsatilgan muddatga beriladi. Qonun hujjatlarida litsenziyaning cheklangan amal qilish muddati belgilanishi mumkin, lekin bu muddat besh yildan kam bo‘lmasligi lozim.
Litsenziya — rasmiy hujjat. Litsenziyalovchi organ tomonidan yuridik yoki jismoniy shaxsga berilgan, litsenziya talablari va shartlariga so‘zsiz rioya etilgani holda faoliyatning litsenziyalanayotgan turini amalga oshirish uchun ruxsatnoma (huquq).
Litsenziyalanishi lozim bo‘lgan faoliyatning har bir turi uchun alohida litsenziya olinishi zarur. Aybdor ko‘p miqdorda daromad olgan bo‘lsa jinoyat tugallangan hisoblanadi. Subyektiv tomondan jinoyat aybning to‘g‘ri kasd shaklida ifodalanadi. Shaxs faoliyat bilan g‘ayriqonuniy shug‘ullanayotganligini hamda u bilan shug‘ullanish uchun maxsus ruxsatnoma olinishi talab qilinishini biladi va buni xohlaydi. Shaxs bunday harakat taqiqlanganligini bilishi to‘g‘risida uning avval bunday harakati uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgani dalolat beradi. Jinoyatning motiv va maksadi turli xil bo‘lishi mumkin. Lekin ular qilmishni kvalifikatsiya qilishga ta’sir ko‘rsatmaydi. Jinoyat subyekti 16 yoshga to‘lgan, har qanday aqli raso jismoniy shaxs hisoblanadi. JK 190-moddasi 2-kismi quyidagi kvalifikatsiya qilish belgilarini:
a) juda ko‘p miqdorda;
b)xavfli retsidivist tomonidan sodir etilishi;
v) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilishi.
JKning 190-moddasi 3-qismida rag‘batlantiruvchi norma nazarda tutilgan bo‘lib, unga ko‘ra shaxs javobgarlikdan ozod qilinishi mumkin, agarda: - birinchidan, shaxs birinchi marta jinoyat sodir qilganda; - ikkinchidan, jinoyat aniqlangan kundan e’tiboran o‘ttiz kunlik muddatda faoliyat bilan litsenziyasiz shug‘ullanish oqibatlarini bartaraf etgan va yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplagan bo‘lsa, javobgarlikdan ozod etiladi. Mazkur jinoyatni kvalifikatsiya qilishda shuni inobatga olish lozimki, agar faoliyat bilan litsenziyasiz shug‘ullunayotgan shaxs soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlasa, uning harakatlari jinoyatlar majmui bo‘yicha JKning 190 va 184-moddalari bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim.