Ta’rifi, shakllari, turlari va ularning ishtirokchilikdagi o’rni
Ishtirokchilik nima?
O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 27-moddasiga muvofiq ikki yoki undan ortiq shaxsning jinoyat sodir etishda birgalashib qasddan jinoyat sodir etishi ishtirokchilik deb topiladi. Yosh va aqli rasolik ishtirokchilikning muqarrar shartidir.
Oddiy ishtirokchilik –ikki yoki undan ortiq shaxsning oldindan til biriktirmay jinoyatni sodir etishda qatnashishi.
Murakkab ishtirokchilik – ikki yoki undan ortiq shaxsning oldindan til biriktirib jinoyat sodir etilishida ishtirok etishi.
Uyushgan guruh –ikki yoki undan ortiq shaxsning birgalikda jinoiy faoliyat olib borish uchun oldindan bir guruhga birlashishi.
Jinoiy uyushma – ikki yoki undan ortiq uyushgan guruhning jinoiy faoliyat bilan shug`ullanish uchun oldindan birlashishi.
Qanday shakllari bor?
Jinoyatda ishtirokchilarning turlari
Bajaruvchi
Ishtirokchilikda bosh rolni o’ynaydi
Mamlakatimiz qonunchiligiga asosan, jinoyatni to‘liq yoki qisman sodir etgan yoxud javobgorlikka tortilishi mumkin bo‘lmagan shaxslardan yoki boshqa vositalardan foydalanib, jinoyat sodir etgan shaxs - bajaruvchi deb topiladi (Jkning 28-moddasi, 2-qismi).
Bajaruvchi 2 turga bo‘linadi: bevosita jinoyat sodir qilgan va kodeksga muvofiq bo‘lmagan shaxslardan yoki boshqa vositalardan foydalanib, jinoyat sodir etgan shaxs. Ba’zi hollarda jinoyatning obyektiv tomonini bir nechta jinoyatchilar birgalikda amalga oshiriladi va ularning barchasi bajaruvchi hisoblanadi.
Tashkilotchi
Ishtirokchilar orasida eng xavflisi.
Jinoyatga tayyorgarlik ko`rilishiga yoki jinoyat sodir etilishiga rahbarlik qilgan shaxs.
Tashkilotchi
ko‘pincha jinoyatda bevosita qatnashmagani sababli uni ushlash, aybini isbotlash va javobgarlikka tortish qiyin kechadi. Tashkilotchi jinoyatni qaysi yo‘l, usul bilan sodir etish rejasini ishlab chiqadi, boshqa ishtirokchilarni tanlaydi, ularni tayyorlaydi, yo‘riqlar beradi, zarur anjomlarni yig‘adi. Ko‘p hollarda tashkilotchi o‘z harakatlarini himoya qilish va zarur ma’lumotlarni olish uchun huquqni muhofaza qilish idoralaridan birorta mansabdor shaxsni jalb etishga o‘rinadi.
Qoidaga ko‘ra, uyushgan guruh yoki jinoiy uyushmaga tajribali jinoyatchilar rahbarlik qiladi va jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish, uni amalga oshirishni tashkillashtiradi.
Dalolatchi
Jinoyat sodir etishga qiziqtiruvchi shaxs
U har qanday shaklda, ya’ni majburlash va ishontirish orqali dalolat qiladi. Majburlash jinoiy va ruhiy bo‘lishi mumkin. Ruhiy majburlash ko‘pincha dalolatchi tomonidan qo‘rqitish orqali sodir qilinadi. Biror kishini ishontirish orqali jinoyatga tortish uchun bir necha marta xabar yetkazgan shaxsni dalolatchi sifatida javobgarlikka tortish mumkin. Ishontirishda dalolatchi, tashqi tomondan, jinoyatga aloqasi yo‘g‘dek ko‘rinsa-da, uning manfaatlari ma’lum darajada jinoyatni sodir etgan bajaruvchining manfaatlariga mos tushadi.
Dalolatchi shaxsni jinoyat sodir etishga rozi qilish uchun o‘zining bor imkoniyatini ishga soladi. Ko‘ndirish bir necha marta iltimos qilish shaklida bo‘lishi mumkin. Sud-tergov amaliyotida dalolatchilikning boshqa, masalan, jinoyat sodir qilish uchun mukofot va’da qilish yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri shaxsni sotib olish yoki aldash turlari ham uchraydi.
Yordamchi
Ishtirokchilikdagi eng ko’p tarqalgan tur.
Jinoyat sodir qilishga maslahatlar, yo`l-yo`riqlar, vositalar berish yoki to`siqlarni bartaraf etish bilan ko`maklashadigan shaxs.
Yordamchi
lik 2 kurinishda bo‘lishi mumkin: Jismoniy va ruhiy yordamchilik.
Jismoniy yordamchilik deganda, jinoyat sodir qilinayotganda tusiqlarni olib tashlash uchun vosita va qurollar bilan yordam berish, ya’ni jinoyatning obyektiv tomonini amalga oshirishda bajaruvchiga ko‘maklashish tushuniladi. Yordamchining harakatlari jinoyatning obyektiv belgilari bilan mos kelsa, u jinoyatning bajaruvchisiga aylanib qoladi.
Ruhiy yordamchilik jinoyat sodir qilishda maslahat, ko‘rsatmalar, jinoiy yo‘l bilan topilgan buyumlarni olish yoki sotishga oldindan va’da berish shakllarida bo‘lishi mumkin.
Istisno holatlar
Ishtirokchilikning jinoyatga daxldorlikdan farqi
Jinoyatni yashirishga oldindan va’da berilmagan bo‘lsa, bu yordamchilikka kirmay-di, faqat jinoyatga daxldorlik, deyiladi. Biz jinoyatga daxldorlikni ishtirokchilikdan farqlashimiz lozim. Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rilayotgani, jinoyat sodir etilayotgani yoki sodir etilgani haqida aniq bila turib, oldiidan va’da bermagan holda hokimiyat idoralariga xabar qilmaslik jinoyatga daxldorlik, deb hisoblanadi.
Istisno hollar
Ehtiyotsizlik bilan qilinadigan jinoyatlarda ishtirokchilik bo‘lmaydi. Bunday jinoyatda ishtiroki bo‘lgan shaxsning harakati biror mustaqil jinoyat tarkibini tashkil etsa, u shu jinoyatni qasddan yoki ehtiyotsizlik bilan qilishda ayblanadi.
Jinoyatii ishtirokchilikda sodir qilish jinoyatlari faqat yakunlangan jinoyatlardagina emas, balki jinoyatga suiqasd qilish yoki tayyorgarlik ko‘rish bosqichida ham ro‘y beradi.Ushbu holatlar uchun javobgarlik masalasi ko‘rilayotganda jinoyat qaysi bosqichda sodir qilinganiga e’tibor beriladi.
Tashkilotchi, yordamchi va dalolatchining harakatlari bajaruvchining harakati tasniflangan me’yor bilan tasniflanadi, aniqrog‘i, bunda bajaruvchi tomonidan jinoyatning obyektiv tomoni qay darajada bajarilgani muhim ahamiyatga ega. Agar biror sababga ko‘ra, bajaruvchi jinoyatni oxiriga yetkaza olmagan bo‘lsa, ishtirokchilar harakatlarini ham tugallanmagan jinoyat sifatida tasniflash lozim.