5. Qonunga xilof ravishda axborot to’plash uni oshkor qilish yoki undan foydalanish. {191m}
Jinoyatning bevosita obyekti — fan-texnika, ishlab chiqarish, iqtisodiyot, savdo va shu kabi boshqa sohalarga oid sir tutilishi lozim bo‘lgan axborotlarning daxlsizligini ta’minlovchi ijtimoiy munosabatlar. Jinoyat predmeti sir tutiladigan fan-texnika, ishlab chiqarish, iqtisodiyot, savdoga oid yoki boshqa shu kabi axborotdir.
Sir tutiladigan axborot deganda, egasining ruxsatisiz oshkor qilinishi mumkin bo‘lmagan turli xususiyatdagi axborotlar tushuniladi.
Agar axborot uchinchi shaxslarga ma’lum bo‘lmaganligi sababli haqiqiy yoki potentsial tijorat qiymatiga ega bo‘lsa, qonuniy asosda undan erkin foydalana olish mumkin bo‘lmasa hamda axborotning egasi uning maxfiyligini muhofaza qilish choralarini ko‘rgan bo‘lsa, uning ko‘rinishi, shaklidan qat’i nazar, sir tutiladigan axborot deb tan olinishi lozim. Bunda axborot, agar u ijtimoiy rivojlanishning mavjud bosqichida daromad olish uchun ishlatilsa yoki ishlatilishi mumkin bo‘lsa (potentsial qadr), haqiqiy yoki potentsial tijorat qiymatiga ega deb tan olinadi. Ochiq olish mumkin bo‘lgan axborot, ya’ni qonunda o‘rnatilgan har qanday shaxs olishi mumkin bo‘lgan axborot sir tutiladigan axborot bo‘lmaydi, masalan, tarixiy manba mazmuni haqidagi axborot arxivga murojaat qilinganda olinadi va hokazo. Hammaga ma’lum bo‘lgan axborot ham ‘sir tutilayotgan axborot hisoblanmaydi, ya’ni bunday axborotni olish qandaydir shartlarni bajarish bilan bog‘liq emas, masalan, ommaviy axborot vositalaridan, qonun hujjatlaridan (maxfiylaridan tashqari) olinadigan ma’lumotlar. Bayon etilganlardan tashqari, qonunga muvofiq, xizmat yoki tijorat siri bo‘la olmaydigan ma’lumotlar jumlasiga davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi kerak bo‘lgan yuridik shaxslar to‘g‘risidagi, mol-mulkka bo‘lgan huquqlar hamda mol-mulk xususida tuzilgan bitimlar haqidagi ma’lumotlar, davlat statistika hisoboti tariqasida taqdim etilishi kerak bo‘lgan ma’lumotlar va boshqa ma’lumotlar kiradi 1 . Davlat siriga tegishli axborotlar ham sir tutiladigan hisoblanmaydi — ularga nisbatan maxsus huquqiy tartib belgilangan, ularning buzilishi, ishning muayyan holatlaridan kelib chiqib, JK 160-, 162-, 163-moddalari bo‘yicha jinoiy javobgarlikni keltirib chiqaradi. Axborotni sir tutiladigan deb tan olish uchun uning egasi muhofaza qilish choralarini ko‘rayotganligini aniqlash lozim, aks holda mazkur axborotlarni sir tutiladigan deb tan olish mumkin emas. Ma’lumotlarni muhofaza qilish turli choralar bilan amalga oshiriladi: undan faqat ma’lum shaxslar foydalanadi, uni ma’lum hududdan olib chiqish mumkin emas, bunday axborotdan foydalanadigan shaxslarning uni tarqatish huquqi chegaralanadi va hokazo. Odatda, axborotni muhofaza qilish uchun axborotni himoyalashga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar majmui amalga oshiriladi. Sir tutiladigan axborot turli xususiyatlarga ega:
fan-texnika — texnologik, muhandislik, ijtimoiy, gumanitar va boshqa muammolarni hal qiladigan, fan, texnika va ishlab chiqarishning yagona tizim sifatida faoliyat yuritishini ta’minlaydigan bilimlar; ishlab chiqarish — bir turdagi texnologiyalarni ishlatib, kerakli natijalarga erishish uchun zarur bo‘lgan muayyan texnologiyalar faoliyati uchun ishlatilishi lozim bo‘lgan ma’lumotlar. Bunday ma’lumotlarga qadimgi Sharq tibbiyotining turli dori-darmonlarni tayyorlash retsepti misol bo‘la oladi. Fan-texnika ma’lumotlaridan farqli ravishda, ishlab chiqarish ma’lumotlari yangilik xususiyatiga ega emas, ular mahsulotni ishlab chiqarish uchun muayyan vaqt davomida qo‘llanib kelinmoqda; iqtisodiy — korxona faoliyatini samarali boshqarishni tashkil qilish uchun, unumdorligini oshirish uchun foydalaniladigan axborot; savdo — ko‘proq turli tovarlar, ishlar, xizmatlar oldi-sotdisi, ularni yetkazib berish sohasida ishlatiladigan ma’lumotlar. Bu ma’lumotlar yetkazib beriladigan tovarlar, o‘tkazish bozorlari, o‘tkazishni qo‘llayotgan texnologiyalarga tegishli bo‘lishi mumkin. JK 191-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan qilmish obyektiv tomondan sir tutiladigan fan-texnika, iqtisodiyot, savdoga oid yoki boshqa shu kabi axborotni egasining roziligisiz oshkor qilish yoki undan foydalanish maqsadida har qanday usulda to‘plash bilan sodir etiladi. To‘plash deganda, erkin, qonuniy yo‘l bilan olish mumkin bo‘lmagan axborotni qo‘lga kiritishga, egallab olishga qaratilgan har qanday g‘ayriqonuniy (masalan, talon-toroj qilish, pora berish, qo‘rqitish, kseronusxa olish va h.k.) harakatlar tushuniladi. Bunday ma’lumotlarni to‘plash erkin olish mumkin bo‘lmagan va sir tutishni ta’minlashning maxsus tartibi belgilangan ma’lumotlarni topish va ularga egalik qilishga ma’lum harakatlarni har qanday usulda amalga oshirishdir. Bu usullarga hujjat va axborotning boshqa moddiy manbalarini o‘g‘irlash, sir tutilayotgan axborotga ega shaxslar yoxud ularning qarindoshlariga pora berib, ularga turli tahdid va qo‘rqitish bilan ega bo‘lish (yoki ega bo‘lishga harakat qilish), aloqaning turli vositalaridan axborot olish, hujjatlar bilan qonunga xilof ravishda tanishish yoki undan boshqa usullar bilan nusxa olish, tinglash uskunalarini va boshqa maxsus vositalarni ishlatish va hokazolar kiradi. Xususan, axborot to‘plashni axborot tarmog‘iga kirish yo‘li bilan amalga oshirish mumkin, bunda aybdor harakatini axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlar tegishli moddasi va JK 191-moddasida keltirilgan jinoyatlar majmui bo‘yicha kvalifikatsiya qilish lozim. JK 191-moddasi 1-qismi dispozitsiyasida nazarda tutilgan axborot har qanday usulda to‘plangan paytdan e’tiboran jinoyat tugallangan deb topiladi. Jinoyat tarkibi formal: qandaydir oqibatlar paydo bo‘lishidan qat’i nazar, sir tutilayotgan axborotni to‘plash bo‘yicha harakatlarning o‘zi jazoga sazovor. Subyektiv tomondan sir tutiladigan axborotlarni to‘plash — bu to‘g‘ri kasddan sodir etiladigan jinoyatdir. Aybdor u to‘playotgan axborot uchinchi shaxslarga ma’lum bo‘lmaganligi sababli haqiqiy yoki potentsial tijorat qiymatiga egaligini, qonuniy asosda undan erkin foydalana olish mumkin emasligini hamda axborotning egasi uning maxfiyligini muhofaza qilish choralarini ko‘rganligini biladi. Subyektiv tomonning zaruriy elementi mazkur jinoyatni sodir etish maqsadi — sir tutiladigan axborotni oshkor etish yoxud mazkur axborotdan qonunga xilof ravishda foydalanish hisoblanadi. Jinoyat motivlari turlichadir. Bu axborot egasiga zarar yetkazish istagi bilan bog‘liq bo‘lgan g‘araz, hasad yoki o‘ch olish bo‘lishi mumkin. Tahlil qilinayotgan moddaning 2-kismi qonunga xilof ravishda sir tutiladigan axborotni egasining roziligisiz qasddan oshkor qilish yoki undan foydalanish natijasida ko‘p miqdorda zarar yetkazganlik uchun javobgarlikni belgilaydi.
Sir tutiladigan axborotni oshkor etish deganda, ma’lumotlarning e’lon qilinishi natijasida o‘zga shaxslarga ma’lum bo‘lishi yoxud sir tutiladigan axborotni tashkil qiluvchi ma’lumotlar bilan tanishish huquqi bo‘lmagan shaxsga berilishi tushuniladi.
Mazkur axborotlardan qonunga xilof ravishda foydalanish deganda, axborot bevosita va yaqin aloqador bo‘lgan faoliyatni amalga oshirish uchun axborotni qo‘llash tushuniladi. Shuning uchun, masalan, ilmiy ishni illyustratsiya qilganda alohida korxona menejmentining yangi tuzilmasini ishlatishni sir tutiladigan axborotni qo‘llash deb bo‘lmaydi, bunday holatda tegishli belgilar mavjud bo‘lganda, mualliflik huquqini buzganlik uchun javobgarlikka tortish mumkin. Qonunga xilof ravishda foydalanish aybdorning o‘zga shaxslarga ma’lumotlarni haq evaziga yoki boshqa maqsadni ko‘zlab berish yo‘li bilan yoxud o‘zi to‘plagan axborot asosida turli qarorlarni qabul qilish va harakatlarni amalga oshirish yo‘li bilan yoki boshqa maqsadda amalga oshirilishi mumkin. JK 191-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan qilmishdan farqli o‘laroq, sharhlanayotgan jinoyat zaruriy belgiga ega — o‘zgalarning sir tutiladigan axborotini e’lon qilish yoxud undan foydalanit bilan bog‘liq ravishda ko‘p miqdorda zarar yetkazish. Bu ishlab chiqarishning pasayishi, uning qayta yo‘naltirilishi, mijozlari kamayishi tufayli raqobat kurashida xo‘jalik subyekti ko‘rgan yirik moddiy zararning yuzaga kelgani bo‘lishi mumkin. Jinoyat ko‘p miqdorda zarar yetkazilgan paytdan boshlab tugallangan hisoblanadi. Subyektiv tomondan JK 191-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyat to‘g‘ri yoki egri qasd asosida sodir etilishi mumkin. Aybdor shaxs sir tutilayotgan axborotni oshkora qilishi yoki undan foydalanishi natijasida, sir tutiladigan axborot egasiga ko‘p miqdorda zarar yetkazishini biladi, shuni xohlaydi yoxud bunga ongli ravishda yo‘l qo‘yadi. Sir tutiladigan axborotni oshkor qilish yoki undan foydalanishning motiv va maqsadlari g‘arazli bo‘lishi, bundan moddiy foyda olishga intilish bilan bog‘liq bo‘lishi yoxud aybdorning bu harakatlarni amalga oshirishida va ko‘p miqdorda zarar yetkazishida shaxsiy manfaatlari borligidan guvohlik berishi mumkin: o‘ch olish, hasad, xafalik, qarindoshlik va do‘stlik hissi, yaqin insonga yoqish istagi va hokazolar. Jinoyat subyekti — sir tutiladigan axborotga qonuniy (kasbiy yoki xizmat faoliyati bilan bog‘liq) yoxud qonunga xilof ravishda egalik qilayotgan 16 yoshga to‘lgan, aqli raso jismoniy shaxslar hisoblanadi. So‘nggi holatda tergov organlari va sud aybdor bu axborotni olishga qanday erishganini aniqlashi lozim va tegishli belgilar mavjud bo‘lganda aybdorning harakatini JK 191-moddasi 1-qismi bo‘yicha kvalifikatsiya qilish lozim. Agar sir tutiladigan axborotni mansabdor shaxs yoxud bu ma’lumotlarni bajarayotgan vazifasi tufayli oladigan mas’ul mansabdor shaxs oshkor qilsa yoxud undan foydalansa, sodir etilgan qilmish jinoyatlar majmui bo‘yicha hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish alomatlari mavjud bo‘lgani holda JKning 206- va 191-moddasi 2- qismidagi belgilar bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |