1.Noqonuniy tadbirkorlik faoliyati haqida {188m} Mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishning asosiy shartlaridan biri subyektlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasining «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonunida tadbirkorlik faoliyati subyektlari (tadbirkorlik subyektlari) belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tgan hamda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik va jismoniy shaxslardir, deb ta’rif beriladi. Amaldagi tartibga ko‘ra, tadbirkorlik faoliyati subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tegishli davlat organi tomonidan «bir darcha» prinsipi bo‘yicha va, qoida tariqasida, xabardor qilish asosida, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organlar ariza beruvchini tadbirkorlik faoliyati subyekti sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni uni tashkil etish maqsadga muvofiq emas, degan vajlar bilan rad etishga yoki unga qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan qo‘shimcha talablarni belgilashga haqli emas. Ariza beruvchini tadbirkorlik faoliyati subyekti sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etganlik, shuningdek davlat ro‘yxatidan o‘tkazish muddatlarini buzganlik ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin. Ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organning qarori, shuningdek mazkur organ mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) sud tomonidan qonunga xilof deb topilgan taqdirda, ular ariza beruvchiga ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etganlik yoki ro‘yxatdan o‘tkazish muddatini buzganlik tufayli yetkazilgan zararning o‘rnini qoplaydi va ma’naviy zarar uchun kompensatsiya to‘laydi.
Qonunga xilof tadbirkorlik ba’zan boshqa jinoyatlar, shu jumladan, soliq jinoyatlari bilan birga sodir etiladi. Bunda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan shaxs, avvalo, tadbirkorlik uchun asosiy bo‘lgan 218 fuqarolik-huquqiy munosabatlarga kirishadi, qonun bilan qo‘riqlanadigan huquqiy munosabatlar sifatidagi qonunga xilof tadbirkorlikning jinoyat huquqiy qoidalari fuqarolik-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadi. Ayni vaqtda shu fuqarolik-huquqiy munosabatlardan jinoyat-huquqiy munosabatlar, nafaqat qonunga xilof tadbirkorlikda, balki soliqlar to‘lashdan bo‘yin tovlashda ham bo‘lishi mumkin. Shu sababli jinoyatlarni kvalifikatsiya qilishning asosi hisoblanadigan jinoyat obyektini aniqlash zarur. Jinoyatning bevosita obyekti – tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishni tartibga soluvchi ijtimoiy munosabatlar. Fakultativ obyekti soliq to‘lash, savdo qoidalariga rioya qilish tartibi va hokazolar bo‘lishi mumkin. Obyektiv tomondan jinoyat tadbirkorlik faoliyatini davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan juda ko‘p miqdordagi nazorat qilinmaydigan daromad olgan holda amalga oshirishda ifodalanadi. Qonunga ko‘ra, belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tish deganda, tadbirkorlik subyektlarining vakolatli davlat organlari (hokimlik va adliya idoralari)da davlat ro‘yxatiga olinishi tushuniladi. Davlat soliq inspektsiyalari tomonidan beriladigan «Qayd guvohnomasi» ularning ichki idoraviy hujjati bo‘lib, uning mavjud emasligi yoki muddati o‘tganligi faktining o‘zi tadbirkorlik subyektlarini JKning 188-moddasi bilan javobgarlikka tortish uchun asos bo‘la olmaydi. Jinoyat tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi subyektning qonun talab qilgan ro‘yxatdan o‘tishdan bo‘yin tovlashga yo‘naltirilgan faol harakatlarida ifodalanadi. Mazkur modda ma’nosida davlat ro‘yxatidan o‘tmaslik – bu amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarga ko‘ra, vakolatli organga faoliyatini ro‘yxatdan o‘tkazish yoxud uni tiklash yoki o‘zgartirishni so‘rab murojaat etishga majbur bo‘lsa-da, lekin qasddan buni bajarmaslik yoinki bila turib o‘zining murojaatini ko‘rib chiqishni imkonsiz qilib qo‘yishda ifodalanadi. O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq, tadbirkorlik doirasida amalga oshirilayotgan faoliyat majburiy davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim. Qonun fuqarolik huquqiy xususiyatga ega bo‘lgan bir marotabali bitimlarni tuzish uchun tadbirkor sifatida davlat 219 ro‘yxatidan o‘tishni talab qilmaydi. Qonunchilik yoki huquqiy an’analarga muvofiq, kasbiy (xususiy) amaliyotning ba’zi bir turlari maxsus ro‘yxatdan o‘tishni talab qilmaydigan deb tan olinadi. Masalan, xususiy amaliyotga ega advokat va hokazolardan qo‘shimcha ro‘yxatdan o‘tish talab qilinmaydi. Shu bilan birga, ba’zi tovarlar, ishlar va xizmatlarga nisbatan (masalan, ta’lim bo‘yicha, tibbiyot bo‘yicha xizmatlar) amalga oshiriladigan savdo yoki vositachilik faoliyati ro‘yxatdan o‘tkazilishi shart. O‘z mazmuni bo‘yicha g‘ayriqonuniy bo‘lgan faoliyat (fohishalik, narkotik moddalar savdosi va h.k) ro‘yxatga olinmaydi va savdo yoki vositachilik faoliyati hisoblanmaydi. Ularning amalga oshirilganligi uchun Jinoyat kodeksida boshqa moddalar bo‘yicha javobgarlik nazarda tutilgan. Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanadigan shaxslarni qonunchilikka muvofiq ro‘yxatga olishga vakolatli organ hamda sud ro‘yxatga olinganlikni to‘xtatib qo‘yishi yoki umuman bekor qilishi mumkin. Bunday holatlarda tadbirkorlik faoliyatini davom ettirish faoliyatni g‘ayriqonuniy amalga oshirish deb ko‘rilishi lozim. Ro‘yxatga olingan boshqa shaxs uchun yoxud boshqa faoliyat turlarini amalga oshirish uchun ro‘yxatdan o‘tib, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan shaxslarning harakatlarini JKning 188-moddasi bo‘yicha kvalifikatsiya qilish lozim. Ro‘yxatdan o‘tganlikni tiklash – ro‘yxatdan o‘tish maqsadlarini o‘zgartirmasdan ro‘yxatga olish hujjatini uzaytirish yoki almashtirishga yo‘naltirilgan harakatlar majmui, ya’ni qayta tiklashda shaxs hozir qayta ro‘yxatga olinayotgan faoliyat sohasi bo‘yicha avval ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi lozim. Xususan, ro‘yxatdan o‘tishni tiklash chakana savdo huquqi uchun ruxsatnoma muddati tugaganda amalga oshirilishi mumkin. Agar subyekt quyidagi shartlarga mos kelsa, ro‘yxatdan o‘tganlikni tiklash mumkin: a) u avval ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi lozim; b) avvalgi ro‘yxatdan o‘tganligi haqiqiy bo‘lishi kerak; v) subyektning yangidan ro‘yxatdan o‘tishi avvalgi ro‘yxatdan o‘tishi uchun asos bo‘lgan holatlarni o‘zgartirmagan holda amalga oshirilishi lozim. 220 Ro‘yxatdan o‘tishni tiklash ko‘rsatilgan elementlar birligini tashkil etadi va ulardan birining mavjud emasligi uni tan olish mumkin emasligini bildiradi. Ro‘yxatdan o‘tishni o‘zgartirish deganda, avvalgi ro‘yxatdan o‘tish asoslari (masalan, subyekt manzili, faoliyati sohasi va hokazolar) o‘zgarishi bilan bog‘liq bo‘lgan yangi ro‘yxatdan o‘tish jarayonini tushunish lozim. Ro‘yxatdan o‘tishdan bo‘yin tovlash – subyektning ro‘yxatdan o‘tish to‘g‘risidagi murojaatini ko‘rib chiqishni imkonsiz qilib qo‘yadigan harakatlarni amalga oshirishida ifodalanishi mumkin. Bu subyekt shunday harakatlarni amalga oshiradiki, natijada murojaatni ko‘rib chiqish mumkin bo‘lmay qoladi. Murojaatni ko‘rib chiqishning imkonsizligi deganda, kelib tushgan ariza bo‘yicha vakolatli organning tegishli qarorni qabul qila olmaganligiga sabab bo‘lgan obyektiv mavjud vaziyatni tushunish lozim. Ko‘rib chiqishning imkonsizligi murojaatni yo‘qotish, unda noto‘g‘ri ma’lumotlar berish, belgilangan davlat bojini to‘lamaslik, murojaatni tushunish qiyin bo‘lgan shaklda bayon etish va hokazo harakatlar bo‘lishi mumkin. Shuni nazarda tutish lozimki, murojaatni ko‘rib chiqishning imkonsizligi faqat subyekt ongida mavjudligi bilan emas, balki obyektiv holatlar bilan ham tavsiflangan bo‘lishi lozim. Ro‘yxatdan o‘tishdan bo‘yin tovlash aybdor savdo yoki vositachilik faoliyatini qonun bilan belgilangan tartibni buzgan holda amalga oshirishni boshlagan paytdan tugallangan hisoblanadi. «Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida» 1 gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 188-moddasi 2-qism bilan to‘ldirilgan bo‘lib, unga muvofiq shaxs quyidagi talablarni bajargan taqdirda javobgarlikdan ozod etilishi mumkin: a) shaxs, birinchi marta noqonuniy tadbirkorlik faoliyatini sodir etganda; b) jinoyat aniqlangan kundan e’tiboran o‘ttiz kunlik muddatda soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar tarzida davlatga yetkazilgan zararning o‘rnini ixtiyoriy ravishda qoplaganda; v) tadbirkorlik subyektining ro‘yxatdan o‘tishi ta’minlanganda; g) zarur bo‘lgan ruxsat beruvchi xujjatlarni rasmiylashtirganda. Shu bilan birga, qilmish aybdor shaxs tomonidan tadbirkorlik faoliyatini davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan juda ko‘p miqdordagi nazorat qilinmaydigan daromad olgan holatda jinoiy jazolanishi taqazo etiladi. Bunda shuni qayd etish lozimki, miqdorni subyekt ro‘yxatdan o‘tmasdan savdo yoki vositachilik faoliyati natijasida olgan foydaning haqiqiy summasiga asosan belgilash zarur, biroq bunda uning mazkur faoliyatni amalga oshirishida qilgan xarajatlarini ham hisobga olish lozim. Subyektiv tomondan JKning 188-moddasida nazarda tutilgan jinoyat to‘g‘ri qasd bilan sodir etiladi. Shaxs o‘z qilmishining ijtimoiy xavfli ekanligini biladi va shunday harakat qilishni xohlaydi. Jinoyatni sodir etish maqsadi – nazorat qilinmaydigan foyda (daromad) olish sharhlanayotgan jinoyat tarkibining zaruriy belgisi hisoblanadi. Jinoyatning motivi, qoida tariqasida, g‘araz bo‘ladi. Sharhlanayotgan jinoyatning subyekti o‘n olti yoshga to‘lgan har qanday aqli raso jismoniy shaxs bo‘lishi mumkin.