Mavzu: Kreditning mohiyati,vazifalari
Reja:
Kreditnining mohiyati.
Kreditnining vazifalari va turlari.
Kreditnining mohiyati, vazifalari va turlari
Ma’lum muddatga haq to‘lash va qaytarib berish sharti bilan beriladigan bo‘sh turgan pul mablag‘lari kredit deb yuritiladi. Kreditning mohiyati shundaki, iqtisodiyotning ayrim subyektlari faoliyati uchun pulga muhtoj bo‘lib turgan vaqtda ayrimlarining qo‘lida ma’lum miqdordagi pul mablag‘lari ishlatilmay bo‘sh turgan bo‘ladi. Iqtisodiyot nazariyasida shu pul shaklidagi kapital ssuda kapitali deb atalib uning harakati kredit tarzida namoyon bo‘ladi. Kredit o‘z mohiyatiga ko‘ra, iqtisodiyotdagi mavjud resurslardan samarali foydalanishni va uning barqaror rivojlanishini ta’minlashga xizmat qiladigan iqtisodiy kategoriya. Iqtisodiy kategoriya sifatida kredit, kredit oluvchilar va kredit beruvchilar o‘rtasida kelib chiqadigan iqtisodiy munosabatlarni o‘zida ifoda etadi.
Kredit munosabatlarining obyektlari va subyektlari. Kredit munosabatlari ishtirokchilari kredit subyektlari deb ataladi va ular turli-tuman bo‘ladi. Kredit subyektlari kredit oluvchilar va kredit beruvchilar hisoblanadi. Ya’ni korxonalar, firmalar, davlat, turli tashkilotlar, transmilliy va xususiy korporatsiyalar, tadbirkor va sohibkorlar hamda aholining boshqa turli toifalaridir.
Kredit obyekti — vaqtincha bo‘sh turgan pul mablag‘laridir. Ma’lumki, iqtisodiyot g‘oyat murakkab jarayondir, uning subyektlari esa yana ham turli-tumandir. Ularning iqtisodiy va moliyaviy imkoniyatlari, to‘lov qobiliyatlari bir xil emas. Shuning uchun kredit obyektlari bo‘lib vaqtincha bo‘sh pullar emas, shu bilan birga tovarlar, qimmatli qog‘ozlar, turli shakldagi xizmatlar ham bo‘lishi mumkin. Kredit munosabatlari xuddi ana shu bo‘sh pul va tovarlarni qarzga olib ishlatish va vaqti kelganda uni ma’lum haq to‘lash orqali qaytarish borasidagi munosabatlardir.
Kredit berish tamoyillari va muddatlari. Kredit berish ma’lum tamoyillar asosida amalga oshiriladi. Ular, asosan, quyidagilardan iborat: qaytarib berish; muddatlilik; haq to‘lash (foiz to‘lash); moddiy ta’minlanganlik; ma’lum maqsad (ishlatish obyekti)ni ko‘rsatish. Bu tamoyillar kreditning barcha shakllari uchun umumiydir.
Kredit ma’lum ma’noda sotiladigan moddiy tovar yoki xizmatlar kabilardir. Demak, u go‘yo sotiladi va sotib olinadi. Sotuvchi tovarni sotganda ma’lum foydani ko‘zlaganidek, kredit muassasasi ham bundan mustasno emas.
Kreditlar quyidagi muddatlarga berilishi mumkin:
1) qisqa muddatli kreditlar — bir yilga qadar (asosan, olti oygacha, uch oygacha, bir oyga, bir haftaga) beriladi;
2) o‘rta muddatli kreditlar — bir yildan besh yilgacha muddatga beriladi;
3) uzoq muddatli kreditlar — besh yil va undan ortiqroq muddatga beriladi.
Kreditning vazifalari. Kreditning vazifasi kredit munosabatlarining xo‘jalik faoliyatidagi ko‘rinishi yoki uning harakat ifodasidir.
Kredit quyidagi vazifalarni bajaradi:
birinchi vazifasi — pulga tenglashtirilgan to‘lov vositalari bo‘lgan veksel, chek, sertifikat kabilarni iqtisodiyot sohasiga jalb qilib, ularning xo‘jalik faoliyatida real harakatini yo‘lga qo‘yadi;
ikkinchi vazifasi — turli xo‘jalik subyektlari va aholi qo‘lidagi bo‘sh pullarni kapitalga aylantiradi, ya’ni pulning o‘z kuchi asosida ko‘payishiga, pulga pul qo‘shilishiga xizmat qiladi;
uchinchi vazifasi — kreditlash orqali pul mablag‘lari turli xo‘jalik subyektlari va xalq xo‘jaligi tarmoqlari o‘rtasida qayta taqsimlanadi. Ya’ni ishlab chiqarish omillarining samara beruvchi sohalarga tezroq yetib borishiga turtki beradi;
to‘rtinchi vazifasi — pulga muhtoj mijozlarga qarz berilishi va berilgan qarzlarni vaqtida undirib olish orqali ijtimoiy ishlab chiqarishni rag‘batlantiradi, ya’ni ishlab chiqarish va muomala jarayonida samaradorlikka erishilishi uchun dastak bo‘ladi.
Shuni aytish kerakki, kredit o‘z vazifalarini to‘g‘ri bajargan holdagina ijobiy natijalarga olib keladi, aksincha, kreditdan foydalanish maqsadga muvofiq kechmasa, kredit salbiy natijalarga olib keladi. Bunga xo‘jalik hayotidan ko‘plab misollar keltirish mumkin. Eng muhim vazifa shuki, kredit berishda undan kelishi mumkin bo‘lgan oqibatlar (natijalar)ni oldindan sarhisob qilish lozimdir.
Kredit iqtisodiy kategoriyadir, u qarz oluvchilar bilan qarz beruvchilar o‘rtasidagi qarz pulga, undan foydalanishga (iste’mol qilishga), undan foydalanish asosida olingan natijalarga nisbatan bo‘ladigan munosabatlarni ifodalaydi. Kredit shakllari xuddi ana shu munosabatlarning real iqtisodiyot tajribasida namoyon bo‘lishidir.
Kredit munosabatlari esa bir tomondan, uning subyektlari o‘rtasida vosita aloqalarini, ikkinchi tomondan, kredit subyektlari o‘rtasidagi vositachilik qiluvchi maxsus kishilar o‘rtasida amalga oshadi. Kredit shakllari quyidagilar: bank krediti, tijorat krediti, davlat krediti, iste’mol krediti, xalqaro kredit.
Do'stlaringiz bilan baham: |