Bank krediti. Kreditning eng qulay va keng tarqalgan shakllaridan biridir. Bank krediti «Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi Qonun talablari asosida tashkil etiladi. Shuni ta’kidlash kerakki, banklar kredit muassasalari sifatida faoliyat yurituvchi tijorat tashkilotlari deyiladi. Ular xo‘jalik subyektlari hamda aholining
bo‘sh pul mablag‘larini ma’lum foizlarda beriladigan haq evaziga o‘zlariga jalb qilib foyda olish uchun aholining va korxona hamda tashkilotlarning pulga bo‘lgan talablarini qondirish maqsadida ularga kredit shaklida beradilar. Albatta, banklar kredit pullarini har qanday ehtiyojmandlarga beravermaydi, ular kreditni xo‘jalik va tijorat faoliyatida samarali ishlatib foyda ola biladigan mijozlargagina taklif etishadi. Boshqacha aytganda, banklardan kredit oluvchi subyektlar ma’lum iqtisodiy salohiyatga ega, kreditning kafolatini ta’minlay oladigan, ustiga haq qo‘yib qaytarib to‘lay oladigan mijozlar bo‘lishlari kerak.
Bank krediti boshqa kredit shakllaridan keskin farq qiladi. Bu farq shundaki, bank kreditlari nisbatan cheklanmaydi, katta hajmlarda, uzoq muddatlarga, ma’lum tartib va qoidalar bazasiga asoslangan holda beriladi. Bank kreditlari ishonarli va kafolatlidir. Shuning uchun kredit munosabatlari tizimida bank krediti keng tarqalgan va rivojlanib bormoqda.
Davlat krediti. Kredit shakllaridan biri sifatida davlat krediti davlat bilan aholi va mikroiqtisodiy tuzilmalar o‘rtasida iqtisodiy munosabatni vujudga keltiradi. Davlatning kredit munosabatlari subyektiga aylanishi shu bilan izohlanadiki, u bozor iqtisodiyoti sharoitida, ayniqsa, bozor munosabatlariga o‘tish davrida, iqtisodiy markaz sifatida rol o‘ynaydi. Davlat milliy iqtisodiyotining taqdiri va istiqboliga mas’ul tuzilma sifatida ham qarz beradi, ham qarz oladi. U qarzni aholidan, korxonalardan, tashkilotdan, xorijiy davlatlar va kompaniyalardan olib, uni milliy iqtisodiyotda chuqur strukturaviy o‘zgarishlar qilish, iqtisodiyotni bozor talablariga moslashtirish maqsadlarida safarbar qiladi. Davlat qarzni zayom shaklida, naqd pul jamg‘armalari va boshqa shakllarda oladi. Bunday kredit munosabatlari iqtisodiyotda davlatning ichki qarzi deb yuritiladi. Shuni aytish kerakki, davlat olgan ichki qarzni hamda uning foizini budjet daromadlari hisobidan qaytaradi. Ayni chog‘da davlat o‘z budjetidan korxonalarni iqtisodiy nochor ahvoldan chiqarish, ularning iqtisodiyotini sog‘lomlashtirish maqsadlarida kredit beradi. Odatda, bunday maqsadlarda beriladigan kreditlar imtiyozli kredit bo‘ladi, ya’ni undan naf ko‘rish ko‘zda tutilmaydi. Shunday qilib, kredit iqtisodiyotni sog‘lomlashtirish jarayonida ham qatnashuvchi iqtisodiy dastakdir.
Mamlakatimizning bozor iqtisodiyotiga o‘tib borishi hamda xalqaro iqtisodiy munosabatlarning subyekti (ishtirokchisi)ga aylanishi kreditning xalqaro shaklidan keng foydalanish zarurligini ko‘rsatmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |