Psixologiyaning psixika(ruhiyat) to‘g‘risidagi fan sifatida shakllanishida quyidagi 4 ta asosiy bosqichni ajratish ko‘rsatish mumkin:
Psixikaning taraqqiyoti, uning harakati – o‘zgarishidir. Qadimgi faylasuflar ruhiy hodisalarning rivojlanishini turlicha talqin etib kelganlar, uni ilohiy kuchga bog‘lab tushuntirishga harakat qiladilar. Masalan, qadimgi yunon faylasufi Fales (miloddan avvalgi 624-547- yillar) odamning ruhiy hayotini bug‘ shaklida tasavvur qilgan va uning asosida “suv” yotadi degan g‘oyani ilgari surgan bo‘lsa, Anaksimen (miloddan avvalgi 588-525-yillar) ruhiy hayotning manbaini “havo” tashkil etadi deb ko‘rsatadi. Efeslik Geraklit (miloddan avvalgi 530-470- yillar) “…qaysi yo‘llar bilan bormagin baribir ruhning chegarasiga bora olmaysan…” degan aforizm bilan individual ruh va koinot birligi g‘oyasini oldinga surdi, unga ko‘ra barcha narsaning asosida “olov” yotadi. Organizmdagi olov uchquni bu – ruhdir, u «olovli va nam» holatda bo‘ladi. Bu fikr bilan Geraklit barcha psixik hodisalar moddiy dunyo qonunlariga buysunishni ta’kidlamoqchi bo‘ladi.
Geraklitdagi ruh uchqunlari keyinchalik Demokrit(miloddan avvalgi 400 – 370- yillar)ning ta’limotida «olovli atomlarga aylandi.
Gemokrit Demokrit
Platon ta’limotiga ko‘ra «ideyalar» ning mohiyati abadiy va o‘zgarmasdir, uning fikriga ko‘ra, tabiiy olamdan tashqarida “Oliy ilohiy olam” mavjud bo‘lib, ularni odam ko‘z bilan ko‘ra olmaydi. Platon(Aflotun) psixologiyada «dualizm» oqimining asoschisi hisoblanadi. Dualizm so‘zi ikki yoqlamalik degan ma’noni anglatadi. Dualizm ta’limoti, moddiy va ruhiy olam, ya’ni tana va psixika bir-biriga bog‘liq bo‘lmagan holda mavjud deb tushuntiradi.
Ushbu qarashlar Platonning shogirdi Aristotel(Arastu) tomo-nidan inkor etiladi, Aristotelning «Jon haqida» deb nomlangan asari o‘sha davrda katta shuhrat qozonadi va ruhiyat ilmida materialistik yondashuvga asos soladi.
Aristotel birinchi bo‘lib “jon va tana” ning ajralmasligini, ularning yaxlit bir butun ekanligini ko‘rsatib berdi. Unga ko‘ra, jon qismlarga bo‘linmaydi, lekin u faoliyatimiz davomida oziqlanishi, his etishi va harakatga kelishi, aql-idrok kabi turlarga oid qobiliyatlarda namoyon bo‘lishi mumkin.
Aristotel
Birinchi qobiliyatlar o‘simliklar uchun, ikkinchisi va uchinchisi hayvonlarga, to‘rtinchisi esa insonlar uchun xosdir. O‘simliklar, hayvonlar ruhi va aql-idrok odam ruhi ta’limoti bilan Arastu oliy qobiliyatlar va ularning negizida paydo bo‘lishini bildiradigan rivojlanish tamoyilini joriy etdi.
Arastu organizmning tabiatdan olgan qobiliyatlarni faqat o‘zining xususiy faolligi orqali ruyobga chiqarishga asoslangan holda xarakterning faoliyatda shakllanishi to‘g‘risidagi nazariyani ilgari surdi.
Antik davrning yirik mutafakkirlari Geraklit, Demokrit, Aflotun, Arastularning ta’limotlari keyingi asrlarda psixologik g‘oyalarning rivojlanishida tayanch nuqta bo‘lib xizmat qila boshladi.
O‘rta asrlarda Sharqda ham ilk psixologik qarashlar yuzaga keldi. Abu Nasr Forobiy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Umar Hayyom, Mirzo Ulug‘bek singari buyuk mutafakkirlar odam rihiyati, bola tarbiyasi va axloqiy qarashlarga doir fikrlar va falsafiy qarashlarini meros sifatida qoldirganlar.
Abu Nasr Forobiy qomusiy bilimlar sohibi sifatida falsafa, mantiq, psixologiya, adabshunoslik, matematika, astronomiya, geometriya sohalariga oid 100 dan ziyod asarlar yozgan.
Abu Ali ibn Sinoning ruhiyot ilmi (psixologiya) sohasidagi ta’limoti uning tirik organizmlardagi hayotiy, tabiiy - biologik jarayonlarni tushuntirib berishida yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Buyuk olim o‘zining psixologiya sohasiga oid risolalarida qanday masala yuzasidan ilmiy tadqiqot ishi olib borilmasin, avvalo, o‘sha tekshirilayotgan obyekt mavjudmi yoki yo‘qmi shuni aniqlash kerakligini uqtiradi.
Abu Ali ibn Sino, agar har qanday narsa va hodisa, ichki yoki tashqi sabablar bilan harakatga keladigan bo‘lsa, insonning yashashi va harakatida ham birorta sabab bo‘lishi kerak, bunday sabablardan biri «ruhiy quvvatdir», deb ko‘rsatadi.
Aristotel kabi, Abu Ali ibn Sino ham odam tanasi va «ruhiy quvvatlar» materiya bilan shaklan bir-biridan ajralmagan holda mavjud ekanligini ta’kidlaydi. Shuning uchun ham Abu Ali ibn Sino psixik faoliyat bilan odam salomatligining o‘zaro bir-biriga ta’sir etish kuchi katta ekanligini isbot qilishga harakat qiladi. Bu sohada u mavhum fikr yuritish bilan chegaralanib qolmay, balki kuzatishlarga tayanib, hayvonlar ustida oddiygina, ammo asosli tajribalar o‘tkazadi.
«Instinkt» deydi Abu Ali ibn Sino, shunday quvvatdirki, bu hayvon ongida mantiqsiz vujudga keladi... «Insonga esa ongli, mantiqan fikrlash xosdir. Miya kishining fikrlash a’zosidir. Shuning uchun ham Ibn Sino miya «seziluvchi suratlarni idrok qiladi yoki saqlaydi..., xayolda saqlangan suratlarni jamlab yoki bo‘lib ish yuritadi va shuning bilan birga sezgi orqali kelgan suratlarga o‘xshagan turli suratlarni vujudga keltiradi», - deya ta’kidlaydi.
Abu Ali ibn Sino odam nerv(asab) tizimining tuzilishiga doir tasavvurlarga asoslanib, nervlarning boshlanish joyi bosh miya bo‘lib, organizmning barcha a’zolariga tarqaladi va shu tufayli odam tashqi olamdan bo‘ladigan ta’sirotga javob qaytarish qobiliyatiga ega bo‘lishini yaxshi tushungan.
XVII asr biologiya va psixologiya fanlari uchun muhim davr bo‘lib hisoblanadi. Jumladan Fransiya olimi Rene Dekart (1596-1650) tomonidan xulq-atvorning reflektor (g‘ayriixtiyoriy) tabiatga ega ekanligining kashf etilishi, yurakdagi mushaklarning ishlashi (faoliyati) qon aylanishning ichki mexanizmi bilan boshqarilayot-ganligini tushuntirilishi muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, refleks (lotincha. Reflexus - aks ettirish) organizmning tashqi ta’sirga qonuniy ravishdagi javob reaksiyasi sifatida talqin qilinib, asab-mushak faoliyatini obyektiv tarzda bilish vositasiga aylandi. Sezgilar, assotsiatsiyalar, ehtiroslarning yuzaga kelishini izohlashga imkoniyat yaratildi.
Psixologiya fanining ilmiy asosga qurilishida ingliz olimi Gobbs(1588-1679) ruhni mutlaqo rad etib, mexanik harakatni yagona voqelik deb tan olib, uning qonuniyatlari psixologiyaning ham qonuniyatlari ekanligini ta’kidladi. Niderlandiyalik olim Spinoza (1632-1677) ongni katta ko‘lamga ega materiyadan sira qolishmay-digan voqelik, ya’ni yaqqol narsa deb, tushuntirdi. U determinizm (lotincha determinara - belgilayman) tamoyilining, ya’ni tabiat, jamiyat hodisalarining, shu jumladan psixik hodisalarning obyektiv sabablar bilan belgilanganligi haqidagi ta’limot targ‘ibotchisi edi.
Keng tarqalgan ta’riflarga ko‘ra psixologiya – psixik faktlar, ularning qonuniyatlari va mexanizmlarini o‘rganadi. Shuningdek, psixologiya inson faoliyati va xulq-atvorida ob’ektiv reallikning aks etishi qonuniyatlari haqidagi fan. Psixologiya sohasida amalga oshirilgan ilmiy tadqiqotlar va o‘rganilgan nazariy manbalar, shuningdek fanlararo o‘zaro integratsiya jarayonlari psixologiya tarmog‘ida ko‘pgina o‘z predmetiga ega bo‘lgan sohalarni ajralib chiqishiga turtki bo‘ldi. Ular jumlasiga kasbiy psixologiyani kiritishimiz mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |