So‘rov metodi. Ushbu metod psixologiyaning barcha tarmoqlarida birlamchi ma’lumotlar to‘plashning an’anaviy usullaridan hisoblanadi, unda respondent (o‘rganilayotgan shaxs) bir qator savollarga javob qaytarishi kerak bo‘ladi.
Og‘zaki (erkin) so‘rov suhbat metodi deb ham ataladi.
Suhbat metodi sirtdan qaraganda oddiy so‘zlashuv jarayoni bo‘lib ko‘rinsada, aslida odamning ichki ruhiy holati, hissiy kechinmalari, alohida psixologik xususiyatlari, shaxsiy xislat va fazilatlarni aniqlash imkonini beradi. Dastlab suhbatning asosiy maqsadi va ko‘zda tutilgan vazifalar belgilab olinadi, uning obyekti tanlanadi, mavzusi, o‘tkaziladigan vaqti aniqlanadi.
Suhbatlar rasmiy yoki norasmiy, qisqa muddatli yoki davomiy, yakka holda yoki guruh tarzida o‘tkazilishi mumkin.
Suhbat metodining o‘ziga xos afzallik tomonlari ham mavjud:
– maxsus laboratoriya xonasi va jihozlar talab etilmaydi;
– muloqot bevosita, jonli o‘tkaziladi;
– bir vaqtning o‘zida bir necha kishini qamrab oladi;
– mavzu bo‘yicha oldindan tayyorgarlik ko‘rish imkoniyati mavjud;
– milliy xususiyatlar va mahalliy shart-sharoitlar e’tiborga olinishi mumkin;
– yakka holda va intim;
– oddiy va hayotiy.
Suhbat metodini qo‘llash orqali psixolog suhbatdoshining yuz mimikasi, ko‘z qarashlari, imo-ishoralari va kayfiyatini tez ilg‘ab olishi, ichki kechinmalari, fikr yuritishi, fe’l-atvori to‘g‘rsida ma’lumotga ega bo‘lishi, eng muhimi tinglay olishi va o‘z fikr mulohazalarini bildirishi zarurdir.
Suhbat o‘tkazish jarayoni quyidagi talablarni o‘z ichiga oladi:
– suhbat aniq maqsad va reja asosida tashkil qilinadi;
– suhbat o‘tkazish uchun qulay joy tanlab olinadi hamda vaqti belgilanadi;
– so‘zlashuv suhbatdoshning hissiy holatiga mos ravishda boshlanadi;
– suhbat mazmuni oldindan belgilangan yo‘nalishga o‘tkaziladi;
– suhbat o‘zaro ishonch ruhida o‘tkaziladi;
– suhbat shaxs to‘g‘risida batafsil ma’lumot olingandan so‘ng o‘tkaziladi;
– suhbat o‘tkazilayotgan shaxs fikrlari diqqat bilan tinglanadi;
– suhbatda uzviylik, ishonch va o‘zaro hamkorlikka amal qilinadi;
– suhbatda maslahatgo‘ylik emas, balki o‘zaro hamjihatlik yo‘lga qo‘yiladi.
Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan talablar asosida zarur bilim, ko‘-nikma va malakalarga ega bo‘lgan mutaxassisning suhbat metodini qo‘llay olishi o‘quvchilar shaxsi, fikrlash darajasi, his-tuyg‘ulari, ma’naviy dunyosi, qiziqishlari, faoliyat motivlarini chuqur o‘rga-nishga xizmat qiladi.
Yozma so‘rov yoki anketaning afzalligi shundaki, uning yordamida bir vaqtning o‘zida ko‘pgina odamlar fikrini o‘rganish mumkin bo‘ladi. Unga kiritilgan savollar, ulardan kutiladigan javoblar (yopiq anketa) yoki erkin o‘z fikrini bayon etish imkoniyatini beruvchi (ochiq anketa) so‘rovnomalar aniq va ravon tilda javob beruvchilar tushunish darajasiga monand tuzilgan bo‘lsa, shubhasiz, qimmatli birlamchi materiallar to‘planadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |