Behbudiyning 1908-yilda Samarqanda nashr etilgan «Kitobatul-atfol» («Bolalar maktubi») darsligida ham alomati savol (?), alomati nido (!), alomati taajjub ( ! ), alomati mu'tariza ( < >) kabi tinish belgilari ko‘rsatilgan.
«Kitobatul-atfol»ning 1914-yilda chiqqan ikkinchi nashrida tinish belgilari («Rumuz»)ning o‘ntasini uchratamiz.
Muhammadamin ibn Muhammadkarim hoji (Faxriddinov)ning 1913-yilda chop etilgan «Turkcha qoida» asarini O‘.G‘oziyev o‘zbek madaniyati tarixida grammatikaga oid kitoblar ichida birinchi bo‘lib tinish belgilari qoidalari berilgan asar, muallifni esa shu harakatning boshlovchisi sifatida baholaydi16.
Tadqiqodchi bu davrda nashr etilgan darslik va qo‘llanmalarda tinish belgilarining qoidalashtirilishi to‘g‘risida fikr yuritar ekan, Behbudiy «Kitobatul-atfol»ining 2-nashrini hamda Ashurali Zohiriyning «Imlo»17 risolasini tilga olmaydi. Zero, keyingi asar unda punktatsiya qoidalari zamondoshlariga qaraganda bir qadar mukammalroq berilgani bilan ajralib turadi. Professor K.Nazarov «Imlo qo‘llanmasi» maqolasida A.Zohiriyning «Imlo» kitobi tinish belgilarining qo‘llanish qoidalariga bag‘ishlangan zamonidagi ishlar orasida o‘z mundarijasi va izchilligi jihatidan ancha ustun ekanligini ko‘rsatib bergan edi18 .
Darhaqiqat, A.Zohiriyning boshlang‘ich maktab o‘quvchilariga mo‘ljallangan «Imlo» risolasi o‘zbek orfografiyasi bo‘yicha birinchi darslik kitobi bo‘lishi bilan birga, o‘zbek punktuatsiyasi buyicha ham dastlabki qo‘llanmalardan biri hisoblanadi. Kitobning uchinchi qismi bevosita tinish belgilarining qo‘llanish qoidalariga bagʻishlangan bo‘lib, unga shunday sarlavha qo‘yilgan: «Xatlar orasida rioyasi lozim ishorat va vaqf alomatlari». A.Zohiriy o‘quvchilarni tinish belgilari mohiyati bilan tanishtirar ekan, unga shunday ta’rif beradi:
«Xatlarni durust o‘qumoq va yozmoq, ham, so‘zni ba'zi yerda to‘xtatmoq; dovushni ba'zi yerda balandlatub va ba'zi yerda pastlatubroq chiqarmoqning some’larg‘a ta’sir va tavhim to‘g‘risida ko‘b munosabati bordur. Shuning uchun xatlar orasida onlarg‘a doir bir xil ishoratlar qo‘yiladur. Onlarni: «ishorat va vaqf alomatlari» deyilur»19.
«Turkcha qoida» va «Imlo» kitoblari punktatsion tizimning berilishi jihatidan bir-biridan farqlanadi. «Turkcha qoida»da tiredan boshqa 9 tinish belgisining nomi aytilib, ulardan 7 tasi mustaqil tinish belgilari sifatida alohida sarlavhalar bilan berilgan. Kitobda nuqta va nuqtali vergullar «Nuqta» sarlavhasi ostida izohlangan.
«Imlo» darsligida tinish belgilarining qo‘llanish qoidalari quyidagi tartibda izohlangan:
O‘n uchta ishorat va alomat muayyan tartibda berilgan: bu tartib nuqta ishorati bilan boshlanib, majhul (?) ishorati bilan tugallangan. Har bir tinish belgisi sanalganda: a) avval uning nechanchi ishorat ekanligi; b) so‘ng burchak xilidagi qo‘shtirnoq ichida uning grafik shakli; d) keyin qavs ichida uning nomi ko‘rsatilgan.
Ishoratning qo‘yilish qoidalari, nazariy tezislar va izohlar bayon etilgan.
Qoidalar uchun misollar, namunalar berilgan.
Tinish belgilarining ma'lum bir qismi ko‘rsatilgach, qoidalarni mustahkamlash uchun mashq va topshiriqlar berib borilgan.
Ma'lumki, o‘zbek yozuvi tizimida tinish belgilarining o‘z taraqqiyoti va takomillashuvi bilan boёliq ravishda qo‘llanish doirasi, ishlatilish usuli, vazifasi kengayib borgan. Hozirgi o‘zbek tilida punktatsion qoidalar me'yorlashib, tinish belgilari logik-grammatik, stilistik, differinsatsiya, qorishiq va an'anaviy-traditsion tamoyillar asosida ishlatiladi20. Tabiiyki, yozuvimizda tinish belgilari rivojining ilk bosqichlarida mavjud punktatsion qoidalar bunday talablarga to‘liq javob bermaydi. Binobarin, «Imlo»da ham tinish belgilarining sodda qoidalashtiriluvi, izohlanishi, o‘ziga xosligi darslikning boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga mo‘ljallanganligi va o‘z davri yozuv rivoji bilan bog‘liq.
(A.Zohiriy «Imlo»da bayon qilgan o‘n uch ishora va alomatlardan haqida 8-Ilovada qarang).
Do'stlaringiz bilan baham: |