Moddiy rag'batlantirish. Tadqiqotlar ko'rsatadiki: 1) ko'p hollarda xodimlar jon - jahdi bilan qilgan mehnatlari uchun mukofotlanmaydilar; 2) xodimlarning 65% dan ko'pi ish sifati va ish haqining bir - biri bilan mustahkam bog'lanishini xohlashadi; 3) xodimlarning 70% dan ko'p qismi mehnat samaradorligining pasayishini ish sifati va ish haqi orasidagi aloqaning mavjud emasligi deb izohlaydi.
Ish haqi katta ahamiyatga ega. Biroq moddiy rag'batlantirishning boshqa turlari mehnat unumdorligi va mahsulot sifati ortishida samara berishi mumkin. Moddiy rag'batlantirishning quyidagi turlarini ko'rsatamiz: 1) komission mukofotlash; 2) ishbay ish haqi; 3) korxona ishchilari va xizmatchilarining aktsiyalarni sotib olishi.
Komisson mukofotlash nafaqat sotuvchilar va tijorat agentlariga, ko'plab xodimlarga ham tatbiq etilishi mumkin. Masalan, loyihalovchi loyihalashtirgan mahsuloti uchun kelishilgan foyda ulushini olishi mumkin.
Ishbay ish haqi. Ishbay to'lovi XX asrning birinchi yarmida mehnat unumdorligini oshirish vositasi sifatida mashhur bo'lgan va hozirda rivojlanyapgan davlatlarda keng qo'llanilmoqda. Bu tizim sarflangan kuch va vaqtdan hamda ishni bajarish uchun zarur mahoratdan kelib chiqib, ishlab chiqarilgan mahsulotlar qo'shimcha qiymatining bir qismini ishchiga to'lashga imkon beradi. Lekin sifat masalasi bu tizimning e'tiboridan chetda qolgan, u shuning uchun o'tmishda qolib ketdi.
Ishchilar va xizmatchilarning aktsiyalarni sotib olishi borgan sayin tanilib bormoqda, chunki bu xodimlarning korxona faoliyatini yaxshilashga e'tibor qaratishi va foydani taqsimlashda qatnashishiga sharoit yaratadi. Mukofotlashning bunday tizimi mulkiy munosabatlarda qatnashishni ta'minlaydi, egalar va yollanma ishchilar o'rtasidagi qarama - qarshilikni bartaraf qiladi. Rivojlangan davlatlarda xodimlar ayni vaqtda kompaniyalarning egalariga aylanganda, bunday kompaniya boshqalarga nisbatan 2 - 4 barobar tez rivojlanadi.
Dasturlarning maqsadi kapitalizm tizimiga barcha ishchilarni jalb qilish hisoblanadi. Ko'plab dasturlar ishlab chiqilgan. Zamonamizning eng mashhur dasturlardan biri Xizmatchilar aktsiyadorlik mulkining Amerika milliy dasturi (ISOP) hisoblanadi.
6.4 Qo'shimcha pul to'lovlari va foydani taqsimlash dasturlari.
Hozirgi vaqtda ko'plab Amerika, Yaponiya korxonalariga qo'shimcha pul to'lovlari o'tkazish nazarda tutilgan dasturlar tatbiq qilingan. Yaponiyadagi ko'p korxonalarning xodimlariga yiliga ikki marta: kuzgi ta'tillardan oldin va dekabrning birinchi yarmida qo'shimcha to'lovlar to'lanadi.
Bunday to'lovlar ishni yaxshilashda yuqori samara berYapganini tadqiqotlar ko'rsatmoqda. Hozirda xodimlar bilan foydani taqsimlashga asoslangan korxonalar faoliyatining samara berishiga shubha qolmagan. Korxona muvaffaqiyatli ishlayapganda qo'shimcha to'lov navbatdagi kalendar muddatda ish haqi miqdoriga yetishi mumkin. Qoniqarsiz natijalarda xodimlarga qo'shimcha to'lov berilmaydi.
Foydani taqsimlash tizimi amal qilinyapgan korxonalarda ishchilar o'z vazifalariga ijodiy yondashadilar. Ular "foyda", "sotuv hajmi", "raqobatbardoshlik", "ishlab chiqarish harajatlari" singari atamalarga tayanadilar, chunki ular o'zlarining turmush tarzini korxonaning farovonligi bilan bog'laydilar.
Skenlon dasturi, Raker dasuri, foydani taqsimlash orqali mehnat unumdorligini oshirish dasturi Amerika dasturlariga misol bo'la oladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |