Aminokislotalarni misli kompleks tuzlarini olish.
Probirkaga 0,2 gr glitsin, 5 ml distillangan suv va 1 gr kukun holidagi mis (II)-oksidi soling va aralashma qaynaguncha qizdiring. Bunda to‘q ko‘k rangli eritma hosil bo‘ladi. Eritmani filtrlanib chinni kosachaga yoki shisha stakanga quying, kristall hosil bo‘lguncha suv hammomida bug‘lating. Eritma sovutilsa glitsinning misli tuzini ignasimon ko‘k rangli kristallari hosil bo‘ladi.
Takrorlash uchun savollar va topshiriqlar.
1. Tirozinni Millon reaktivi bilan reaksiya tenglamasini yozing. Nima uchun rangli birikma hosil bo‘lishini izohlang. Yana qaysi aminokislotalar Millon reaktivi bilan ta’sirlashadi ?
2. Glitsinni ningidrin bilan to‘liq reaksiya tenglamasini yozing.
3. Gistidinning sifat reaksiyasi qanday reaksiyaga asoslangan? Javobingizni izohlang.
4. Nima uchun har xil aminokislotalar uchun har xil sifat reaksiyalari o‘tkaziladi? Javobingizni izohlang.
XAMIRTURUShDAN RIBONUKLEOPROTEIDLARNI AJRATIB OLISH VA ULARNING GIDROLIZI MAHSULOTLARINI ANIQLASH
Darsning maqsadi: Talabalarni xamirturushdan ribonukleoproteidlarni ajratib olish va gidrolizlanish mahsulotini analiz qilish jarayoni va uning mohiyati bilan tanishtirish. Talabalarning oqsillarning sinflanishi haqidagi bilimlarini rivojlantirish va mustahkamlash.
Dars rejasi: 1. Mashg‘ulotning nazariy qismini takrorlash.
2. Tajribalarni bajarish:
A) xamirturushdan ribonukleoproteidlarni ajratib olish;
B) ribonukleoproteidlarni gidroliz qilish va gidroliz mahsulotini analaiz qilish.
3. Tajribalar natijalarini muhokama qilish.
Dars uchun kerakli jihozlar:sentrifuga, havo sovutgich ulangan 100 ml hajmli uzun og‘izli tubi yumaloq kolba, havoncha, 200 ml hajmli stakan, 50 ml li o‘lchov silindri, shisha vornka, shisha tayoqcha, probirkalar, yuvilgan va qizdirilgan qum, xamirturush, o‘yuvchi natriyning 0,4 va 10 % li eritmalari, sirka kislotasining 10 % li eritmasi, mis sulfatning 1 % li eritmasi, konsentrlangan xlorid kislota, Millon reaktivi, orsin, floroglyutsin eritmalari, Feling suyuqligi, ammoniy gidroksid (kons.) kumush nitrat eritmasi (1 %), ammoniy molibdat, magnezial aralashma, dietil efir, sulfat kislotasi (10 % li).
10 gr xamirturushni chinni havonchaga solib 2 ml efir, 2 ml suv va 5 gr qum bilan 0,4 % li ishqor eritmasidan 40-50 ml qo‘shib turgan holda yaxshilab maydalang. Maydalashni 15-20 minut davom ettiring. Aralashmani filtrlang yoki sentrfugalang. Filtrat (setrifugat) ni stakanga o‘tkazing va unga oz-ozdan (0,5 ml dan) kuchsiz kislotali muhit hosil bo‘lguncha sirka kislotasi eritmasi qo‘shing. Hosil bo‘lgan cho‘kmani sentrifugalab ajratib oling.
Nukleoproteidlarni gidrolizlash. Ribonukleoproteidlarni parchalashning eng sodda usuli ularni 1 soat davomida 100 oS da 10 % li sulfat kislotasi eritmasida qizdirishdan iborat. Gidroliz jarayonida ribonukleotidlar oqsilga va nuklein kislotalarga parchalanadi. Keyin oqsillar aminokislotalargacha biroz parchalanadi. Ribonuklein kislotalar esa pirimidin nukleotidlargacha, purin nukleotidlar esa purin asoslari, riboza va fosfat kislotasigacha parchalanadi.
Tubi yumaloq kolbaga nukleoproteidlar cho‘kmasi va 20 ml 10 % li sulfat kislota eritmasi soling. Kolbani qaytarma havo sovutgich o‘rnatilgan probka bilan berkiting va 1 soat davomida yengil qaynab turgan holda qizdiring. Gidrolizatni filtrlang va eritmada oqsillar, riboza, purin asoslari va fosfat kislotasi mavjudligini aniqlang.
Oqisllarni biuret reaksiyasi yoki Millon reaktivi yordamida aniqlang.
Ribozani orsin yoki floroglsin bilan (yoki Feling reaktivi yordamida) aniqlang. Buning uchun 1 ml orsin yoki floroglyutsin eritmasiga 0,5 ml gidrolizat va 1 ml xlorid kislotasi qo‘shing va aralashmani qaynaguncha qizdiring. Orsinda yashil rang, floroglyutsinda qizil rang paydo bo‘ladi.
20 % li xlorid kislotasi bilan qizdirilganda riboza degidratlanib furfurolga aylanadi. Furfurol orsin yoki floroglyutsin bilan kondensatlanib rangli birikmalar hosil qiladi. Dezoksiriboza bunday reaksiya bermaydi.
Purin asoslarini aniqlash uchun 2 ml gidrolizatga ishqoriy muhit hosil bo‘lguncha tomchilatib turib konsentrlangan ammiak eritmasi va kumush oksidning ammiakdagi eritmasi qo‘shing. Asta sekin purin asoslarinig kumushli tuzlarini cho‘kmaga tushishini kuzating.
Fosfat kislotasini aniqlash uchun magnezial aralashmadan yoki ammoniy molibdatdan foydalaniladi.
2 ml gidrolizatga asta sekin keskin hid paydo bo‘lguncha konsentrlangan ammiak eritmasi, keyin shuncha hajm magnezial aralashma qo‘shing. Bunda magniy-ammoniy fosfat (MgNH4PO4) ning kristall cho‘kmasi hosil bo‘ladi.
Ammoniy molibdatning nitrat kislotasidagi 2 ml eritmasiga 1 ml tekshirilayotgan eritmadan qo‘shing. Aralashmani biroz qizdiring. Bunda ammoniy fosforomolibdat ((NH4)3PO412MoO3)ning sarg‘ish-yashil tusli cho‘kmasi hosil bo‘ladi.
Takrorlash uchun savollar va topshiriqlar.
Nima uchun xamirturushni gomogenlashda efir ishlatiladi?
Purin nukleotidlarining gidrolizlanish reaksiyasi tenglamalarini yozing.
Ribozaning degidratlanishi va fenollar bilan kondensatlanish reaksiyasi tenglamalarini yozing.
Purin asoslarini kumush oksidi bilan reaksiyasi tenglamalarini yozing.
Fosfat kislotasini magnezial aralashma va ammoniy molibdat bilan reaksiyasi tenglamalarini yozing.
Do'stlaringiz bilan baham: |