Gretsiya urushdan keyingi yillarda
Milliy ozodlik fronti oʻz vaʼdasida turib, ELASni qurolsizlantirdi. Biroq hukumat munofiqona yoʻl tutib, terror muhitida soxta saylov (1946-yil mart) va plebissit (1946-yil sentyabr) oʻtkazdi hamda mamlakatda monarxiya tuzumini tikladi. Hukumat mamlakatdagi demokratik kuchlarni yoʻqotish maqsadida fuqarolar urushini boshlab yubordi. 1946-yil oktyabrda Gretsiya demokratik armiyasi tuzilib, bu armiya milliy mustaqillik, demokratiya va ijtimoiy taraqqiyot uchun uch yil mobaynida kurash olib bordi. 1949-yil oktyabrda demokratik armiya qurolli qarshilik koʻrsatishni toʻxtatdi (ushbu armiya askarlaridan bir qismi Oʻzbekistonda boshpana topdi, shu yerda yashab, tinch mehnatda qatnashdi. Oʻz vatanida qulay siyosiy vaziyat vujudga kelgach, koʻchib ketdi). Taraqqiyparvar arboblar taʼqibga uchradi. 1952-yil noyabrda marshal A. Papagos boshchiligidagi Yunon yigʻini partiyasi hokimiyatni qoʻlga oldi. Shu partiya, soʻngra 1956-yilda uning asosida tuzilgan Milliy radikal ittifoq (ERE) K. Karamanlis boshchiligida mamlakatdagi demokratik kuchlarni bostirishni davom ettirdi. Bu esa xalk, ommasining noroziligini kuchaytirdi. 1963-yil 22-mayda parlament soʻl deputati G. Lambrakis oʻldirilganidan keyin Milliy radikal ittifoq (ERE) partiyasi hukumati isteʼfo berishga majbur boʻldi.
1963-yil noyabr — 1964-yil fevral parlament saylovlari natijasida hokimiyat Markaz ittifoqi partiyasiga oʻtdi. Hukumat rahbari G. Papandreu davlat apparatini qayta tashkil etish bilan bogʻliq tadbirlar belgiladi, maktablarda bepul oʻqitishni joriy qildi, dehqonlar toʻlaydigan soliqlarni birmuncha yengillashtirdi, ayrim toifadagi xizmatchilar maoshini oshirdi, siyosiy mahbuslarni ozod qildi va 1965-yil 15-iyulda qirolning siquvi natijasida Papandreu hukumati isteʼfo berdi. Markaz ittifoqi partiyasidan ajrab chiqqan oʻta oʻng qanot rahbari S. Stefanopulos 1965-yil 17-sentyabrda yangi hukumat tuzishga muvaffaq boʻldi. U davlat apparati, politsiya va armiyada demokratik ruhdagi kishilarni qirol va oligarxiyaga sodiq shaxslar bilan almashtirdi. 1967-yil aprelda hokimiyatni P. Kanellopulos rahbarligidagi ERE partiyasi egalladi. Udarhol parlamentni tarqatib yubordi va 28-mayda yangi parlament saylovi oʻtkazmoqchi boʻldi. Biroq reaksion harbiy unsurlar 21-apreldayoq harbiy toʻntarish uyushtirdi va mamlakatda harbiy diktatura tartibini oʻrnatishga erishdi. Konstitutsiya bekor qilinib, demokratik tashkilotlar tarqatib yuborildi, ilgʻor kishilar esa qamoqqa olindi. Harbiy hokimiyatni K. Kollias boshqardi. 1967-yil 13-dekabrda Gretsiya qiroli Konstantin Harbin hukumatni agʻdarishga harakat qilib koʻrdi. Lekin qirol magʻlubiyatga uchrab, Rimga qochdi. Shu kuni xunta rahbari G. Papadopulos bosh vazir, general-leytenant G. Zoitakis esa regent qilib tayinlandi. 1974-yil iyulida harbiy diktaturaning ichki va tashqi siyosati butunlay barbod boʻlganligi natijasida bosh vazir K.
Karamanlis boshchiligidagi fuqaro xukumati hokimiyat tepasiga chiqdi. Oʻsha yili oʻtkazilgan referendum monarxiya tugatilganligini tasdiqladi va Gretsiyai respublika deb eʼlon qildi. Gretsiya prezidenti — Konstantinos Stefanopulos (1995-yil martdan). Gretsiya 1945-yildan BMT aʼzosi. Oʻzbekiston Respublikasi bilan diplomatiya munosabatlarini 1992-yil 16-martda oʻrnatgan. Milliy bayrami — 25 mart — Mustaqillik kuni (1821).
Siyosiy partiyalari va kasaba uyushmalar
Umumgresiya sotsialistik harakati (PASOK), 1974-yilda tuzilgan; Gretsiya soʻl partiyasi, 1987-yilda tuzilgan; Soʻl va taraqqiyparvar kuchlar uyushmasi, 1989-yilda tuzilgan; Gretsiya kommunistik partiyasi, 1918-yilda asos solingan; Yangi demokratiya partiyasi, 1974-yilda tuzilgan; „Siyosiy bahor“ partiyasi, 1993-yilda tashkil etilgan. Gretsiya umummehnat konfederatsiyasi, 1918-yilda asos solingan, Xalqaro erkin kasaba uyushmalari konfederatsiyasiga kiradi[8].
Xoʻjaligi
Gretsiya — sanoatlashgan-agrar mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda sanoatning ulushi 18 %, qishloq xoʻjaligining ulushi 16 %.
Sanoati
Yiliga oʻrtacha 30,5 mlrd. kVtsoat elektr energiya hosil qilinadi. Elektr stansiyalarning koʻpi yoqilgʻi bilan ishlaydi. Qora va rangli metallurgiya, mashinasozlik, kimyo, neftni qayta ishlash, yogʻochsozlik, sement korxonalari bor. Yengil va oziq-ovqat sanoati tarmoqlari ayniqsa rivojlangan. Ip va jun gazlama, gilam toʻqiladi[9].
Yogʻ (zaytun yogʻi ishlan chiqarish boʻyicha dunyoda 3-oʻrin), un-yorma[10], meva konservalari, tamaki, vinochilik korxonalari bor. Oltingugurt kislotasi, sintetik materiallar, azotli va fosforli oʻgʻitlar, portlovchi moddalar ishlab chiqarish kimyo sanoatining asosini tashkil etadi. Asosan chetdan keltirilgan neftni qayta ishlab, turli mahsulotlar tayyorlanadi. Qazib olingan boksit, ferronikel va sh.k.ning anchagina qismi qayta ishlanmagan va konsentrat holida chet ellarga chiqariladi. Alyuminiy, poʻlat, choʻyan, baʼzi turdagi rangli metallar eritib quyiladi. Kemasozlik, avtomobilsozlik, traktorsozlik, binokorlik materiallari korxonalari mavjud. Kichikroq koʻnchilik-poyabzal va yogʻochsozlik fabrikalari bor. Asosiy sanoat markazlari: Afina, Saloniki[11].
Qishloq xoʻjaligi
Qishloq xoʻjaligining asosiy tarmogʻi — dehqonchilik boʻlib, qishloq xoʻjaligi mahsuloti qiymatining 75 % ni beradi. Mayda dehqonchilik xonadonlari ham, yirik xoʻjaliklar ham mavjud[12]. Yerlarni ijaraga berish keng tarqalgan. Mamlakat maydonining 30 % ga yaqini — ekinzor. Gretsiyada zaytun daraxtining 31 turi usadi. Ular yiliga 2 marta gullab, hosil beradi[13]. Aholi jon boshiga 10 tup zaytun daraxti toʻgʻri keladi. Mamlakat ekinzorlarining 1,9 % bogʻdorchilik xoʻjaliklari koʻlida. 6 mln. tup olma, 5 mln. tupdan koʻproq shaftoli, 19 mln. tupga yaqin boshqa mevali daraxtlar bor. Salkam 20 mln. tup apelsin, limon, mandarin, greypfrut, bergamot yozda va kuzda — 2 marta hosil beradi. Bugʻdoy yetishtiriladi[14]; qand lavlagi, arpa, makkajoʻxori, sabzavot, sholi va boshqalar ham ekiladi. Chorvachilik zaif. Qoʻy, echki, qoramol, choʻchqa boqiladi.
Dengiz sohillarida baliq ovlanadi[15]. Chet el sayyohligi anchagina daromad keltiradi (1 yilda 10 mln.ga yaqin kishi kelib ketadi)[16].
Transporti
Gretsiyada dengiz transporti asosiy oʻrinni oladi. Savdo flotining salmogi jihatidan dunyoda oldingi oʻrinlardan birida turadi. Gretsiyaning 2579 kemasidan 1000 ga yaqini boshqa mamlakatlar bayrogʻi bilan suzadi[17]. Asosiy dengiz portlari: Pirey, Saloniki, Elefsis. Temir yoʻllarning uzunligi — 2,6 ming[18], avtomobil yoʻllarining uzunligi — 130 ming km. Afina va Salonikida xalqaro aeroportlar bor[19].
Afina tramvayi
Eksport va import[tahrir | manbasini tahrirlash]
Gretsiya chetga asosan zaytun yogʻi va mevasi, uzum, sitrus mevalar, tamaki va maʼdan xom ashyosi chiqaradi. Chetdan mashina, asbob-uskuna, yoqilgʻi, metalurgiya va kimyo sanoati uchun xom ashyo harid qiladi. Tashqi savdodagi asosiy mijozlari: Almaniya, AQSh, Italiya, Fransa, Buyuk Britaniya va boshqalar[20]. Pul birligi — draxma[21].
Ijtimoiy soha
Do'stlaringiz bilan baham: |