Matematika o’qitish metodikasining predmeti, maqsadi va vazifalari. Matematikaning fan va o’quv predmeti sifatidagi xarakteristikasi. Matematika so‘zi qadimgi grekcha — mathema so‘zidan olingan bo‘lib, uning ma’nosi «fanlarni bilish» demakdir. Matematika fanining o'rganadigan narsasi (obyekti) materiyadagi mavjud narsalarning fazoviy formalari va ular orasidagi miqdoriy munosabatlardan iborat.
Hozirgi davrda matematika fani shartli ravishda ikkiga ajraladi:
elementar matematika; oliy matematika.
Elementar matematika ham mustaqil mazmunga ega bo‘lgan fan bo‘lib, u oliy matematikaning turli tarmoqlaridan, ya’ni nazariy arifmetikadan, sonlar nazariyasidan, oliy algebradan, matematik analizdan va geometriyaning mantiqiy kursidan olingan elementar ma’lumotlar asosiga qurilgandir. Elementar matematika fani maktab matematika kursining asosini tashkil qiladi. Maktab matematika kursininng maqsadi o‘quvchilarga ularning psixologik xususiyatlarini hisobga olgan holda matematik bilimlar sistemasini ma’lum usul (metodika) orqali o‘quvchilarga yetkaziladi.
Oliy matematika fani esa real olamning fazoviy formalari va ular orasidagi miqdoriy munosabatlarni to‘la hamda chuqur aks ettiruvchi matematik qonuniyatlami topish bilan shug‘ullanadi.
Matematika metodikasi ta’lim jarayoni bilan bog‘liq bo‘lgan quyidagi uch savolga javob beradi: Nima uchun matematikani o'rganish kerak? Matematikadan nimalarni o‘rganish kerak?
Matematikani qanday o‘rganish kerak?
Matematika metodikasi haqidagi tushuncha birinchi bo‘lib, shveytsariyalik pedagog-matematik G. Pestalotsining 1803-yildayozgan «Sonni ko‘rgazmali o‘rganish» asarida bayon qilingan.
O‘rta maktablarda matematika o‘qitishning maqsadi quyidagi uch omil bilan belgilanadi:
1. Matematika o‘qitishning umumta’limiy maqsadi.
2. Matematika o‘qitishning tarbiyaviy maqsadi.
3. Matematika o‘qitishning amaliy maqsadi.
1. Matematika o‘qitishning umumta’limiy maqsadi o‘z oldiga quyidagi vazifalami qo‘yadi: a) o‘quvchilarga ma’lum bir dastur asosida matematik bilimlar tizimini berish.
b) o‘quvchilarning og'zaki va yozma matematik bilimlarini tarkib toptirish.
d) o‘quvchilarni matematik qonuniyatlar asosida real haqiqatlami bilishga o‘rgatish.
2. Matematika o‘qitishning tarbiyaviy maqsadi o‘z oldiga quyidagilarni qo'yadi: a) o‘quvchilarda ilmiy dunyoqarashni shakllantirish. Bu g‘oya bilish nazariyasi asosida amalga oshiriladi;
b) o‘quvchilarda matematikani o‘rganishga bo‘lgan qiziqishlarni tarbiyalash.
d) o‘quvchilarda matematik tafakkurni va matematik madaniyatni shakllantirish.
3. Matematika o'qitishning amaliy maqsadi o‘z oldiga quyidagi vazifalarni qo‘yadi:
a) matematika kursida oliugan nazariy bilimlarni kundalik hayotda uchraydigan elementar masalalarni yechishga tatbiq qila olishga o'rgatish,
b) matematikani o‘qitishda texnik vosita va ko‘rgazmali qurollardan foydalanish malakalarini shakllantirish.
d) o‘quvchilarni mustaqil ravishda matematik bilimlarni egallashga o'rgatish.
Matematik ta’limotning reformalari. O’qitish davomidagi tarbiya. Ta’lim jarayonini izchillik bilan tizimli ravishda tashkil etishga o‘qituvchi tomonidan o‘z faoliyatini didaktik talablar doirasida tashkil etishga ta’lim qoidalari yordam beradi. Pedagogik adabiyotlarda ta’lim qoidalari o‘qituvchi faoliyatiga qo‘yiladigan talablar sifatida izohlanadi. Ammo ta’lim jarayonida ham o‘qituvchi, ham o‘quvchilar ishtirok etishadi, shu sababli ta’lim qoidalari jarayonining ikkala sub’ektiga- ham o‘qituvchi, ham o‘quvchiga daxldor. Ta’lim qoidalari o‘quv-tarbiya jarayoniga qo‘yiladigan ijtimoiy talablar, ta’limni tashkil etish va boshqarishda rioya qilinadigan qoidalar sifatida amal qiladi. Shundan kelib chiqqan holda, ta’limni tashkil etish, boshqarish va nazorat qilishda o‘qituvchi va o‘quvchi faoliyatiga qo‘yilgan pedagogik talablar ta’lim qoidalari, deb ataladi. Ta’lim qoidalari ta’lim ishtirokchilari tomonidan so‘zsiz amal qilinishi lozim bo‘lgan talablardir.
Ta’lim qoidalarini tartibga solish va ulardan amaliyotda foydalanishning mezonlarini o‘rganish hali ham davom etmoqda.U yoki bu didaktik hodisaga oid qarashlarini didaktik qoidalar qatoriga kiritishning o‘ziga xos mezonlari mavjud. SHunday o‘lchovlarga quyidagilar kiradi:Umumiylik. Ta’lim qoidalari o‘quv-tarbiya jarayonining barcha turlariga-ta’limning mazmuni, vositalari, metodlari, tashkiliy shakllari, natijalari uchun mushtarakdir. Binobarin, bolalarning real bilish imkoniyatlariga mos keladigan ta’lim mazmunini belgilashda, ta’limning turli me’yoriy modellarini (o‘quv dasturi, darslik, o‘quv qo‘llanmalari) yaratishda, ta’limning tashkiliy shakllari, vositalari, metodlarini tanlashda ta’lim qoidalariga rioya qilinadi.Amaliyot uchun yaroqlilik. Ta’lim qoidalari pedagogik amaliyotga yo‘nalgan. Ta’limning hozirgi zamon talablari darajasida tashkil etish, boshqarish va nazorat etish ehtiyojlariga mos bo‘lmagan qarashlarni, ta’lim qoidalari qatoriga kiritish mumkin emas.
Matematik ta’limotning reformalari ya’ni islohotlaridan bugungi kunda deyarli barcha talaba yoshlar xabardor deyishimiz mumkin.Jumladan: Mamlakatimizda matematika 2020-yildagi ilm-fanni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilandi. O‘tgan davr ichida matematika ilm-fani va ta’limini yangi sifat bosqichiga olib chiqishga qaratilgan qator tizimli ishlar amalga oshirildi:
birinchidan, ilg‘or ilmiy markazlarda faoliyat yuritayotgan vatandosh matematik olimlarning taklif qilinishi va xalqaro ilmiy-tadqiqotlar olib borilishi uchun zarur shart-sharoit yaratildi;
ikkinchidan, xalqaro fan olimpiadalarida g‘olib bo‘lgan yoshlarimiz va ularning murabbiy ustozlari mehnatini rag‘batlantirish tizimi joriy etildi;
uchinchidan, oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqotlarning o‘zaro integratsiyalashuvini ta’minlash maqsadida Talabalar shaharchasida Fanlar akademiyasining V.I. Romanovskiy nomidagi Matematika institutining (keyingi o‘rinlarda — Institut) yangi va zamonaviy binosi barpo etildi. Matematika sohasidagi fundamental tadqiqotlarni moliyalashtirish hajmi bir yarim barobarga oshirildi, budjet mablag‘lari hisobidan superkompyuter, zamonaviy texnika va asbob uskunalar xarid qilindi;
to‘rtinchidan, ilmiy darajali kadrlarni tayyorlashning birlamchi bosqichi sifatida stajor-tadqiqotlik instituti joriy etildi;
beshinchidan, ilm-fan sohasidagi ustuvor muammolarni tezkor bartaraf etish, fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish masalasini Hukumat darajasida belgilash maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri raisiligida Fan va texnologiyalar bo‘yicha respublika kengashi tashkil etildi.