Xalq farovonligini oshirishning kafolati sifatida O’zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi fuqarolarning mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotida faol va to’laqonli ishtirok etishi tarafdoridir. Iqtisodiyotning barqaror rivojlanishini, uning yanada erkinlashuvini, ijtimoiy yo’naltirilgan bozor iqtisodiyoti tamoyillarining amalga oshirilishini ta’minlashga - partiya xalq farovonligini oshirish va har bir fuqaroning qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun ishonchli asos sifatida qaraydi. Shundan kelib chiqqan holda, partiya ushbu maqsadlarni amalga oshirishga yo’naltirilgan har qanday tashabbuslarni qo’llab-quvvatlaydi.
Aholi farovonligi va uning daromadlari o’sishini ta’minlash uchun partiya quyidagilarga alohida e’tibor qaratadi:
- aholini ish bilan ta’minlash muammolarini hal etishning tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlari va mexanizmlarini takomillashtirish;
- ish beruvchilar bilan xodimlar o’rtasidagi iqtisodiy va huquqiy o’zaro munosabatlarni tartibga soluvchi qonunlarni hayotga tatbiq etish;
- mehnat migratsiyasi bilan bog'liq masalalarni tartibga soluvchi huquqiy bazani takomillashtirish;
- aholining kam ta’minlangan qatlamlarini ijtimoiy qo’llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish;
- shahar va qishloq joylarda ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirishga yo’naltirilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishini har tomonlama qo’llab-quvvatlash.
Partiya, shuningdek sanoat va qishloq xo’jaligi ishlab chiqarishi, umuman iqtisodiyotning barqaror o’sishi va jadal rivojlanishini ta’minlash xalq farovonligini oshirishning asosi deb hisoblaydi.
Partiya yana quyidagilarni o’zining ijtimoiy sohasidagi muhim vazifalari deb hisoblaydi:
- hukumatning aholi salomatligini mustahkamlash, shuningdek ijtimoiy xavfli kasalliklarga (sil va boshqalar) barham berish yuzasidan maqsadli dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishga yo’naltirilgan sa’y-harakatlarini qo’llab-quvvatlash;
- ta’lim tarbiya tizimini yanada rivojlantirish va uni jahon yutuqlarini hisobga olgan holda sifat jihatdan yangi darajaga ko’tarish orqali inson omilini rivojlantirish, mamlakatning intellektual salohiyatini mustahkamlashga yo’naltirilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda faol ishtirok etish;
- intellektual mulkni himoya qilish va rivojlantirishga yo’naltirilgan huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy shart-sharoitlarni kengaytirishga ko’maklashish, fan va texnikaning zamonaviy yutuqlaridan oqilona foydalanish;
- jamiyatning iste’dodli va omilkor a’zolarining yaratuvchanlik mehnatiga intilishlarini qo’llab-quvvatlash.
Partiya yoshlarni o’zining ijtimoiy sohadagi siyosati markaziga qo’yadi. Yoshlar - bu mamlakat kelajagi, jamiyatning tayanchi va ajralmas qismi, u tabiiy ravishda katta avlod o’rniga keladi. Partiya yoshlarning salohiyatini Vatanga xizmat qilishga yo’naltirishni o’z vazifasi deb biladi. Mazkur vazifani samarali hal etish uchun yoshlarning o’zini ko’rsatishi uchun shart-sharoitlarni doimiy ravishda yaxshilash zarur. Partiya ushbu talabga javob beradigan qonun loyihalarini qo’llab-quvvatlaydi.
Partiya yoshlar ko’proq talab etiladigan sohalarni rivojlantirish maqsadida yoshlar siyosatining dolzarb muammolarini o’rganish va muhokama qilish bilan bog'liq tadbirlarda faol ishtirok etadi. Partiya, shuningdek yoshlar o’rtasida giyohvandlikning tarqalishiga qarshi, bolalar jinoyatchiligi va uni keltirib chiqaruvchi sabablar, boshqa salbiy holatlarga barham berish yo’lida faol kurash olib boradi.
Partiya yoshlarga oid siyosatida yana quyidagilarga intiladi:
- yoshlar o’zining ijtimoiy huquqlari va ijodiy imkoniyatlarini amalga oshirishida ijtimoiy adolat prinsiplariga og'ishmay amal qilish;
- yoshlarni har tomonlama kamol toptirish, barcha toifadagi yoshlarning ta’lim olish, mehnat qilish, madaniyat, sport bilan shug'ullanish, ularga tibbiy xizmat ko’rsatilishi va ijtimoiy qo’llab-quvvatlanishi imkoniyatlarini kengaytirish borasidagi sa’y-harakatlarni qo’llab-quvvatlash;
- iqtisodiyotning barcha sohalarida yoshlarning ishga joylashishi va bandligi masalalarining hal etilishiga faol ko’maklashish;
- imtiyozli soliq solish, kreditlash, yosh oilalarga uy-joy va boshqa hayotiy muhim mol mulklarni harid qilish uchun ssudalar berish va boshqa iqtisodiy yordam ko’rsatilishini nazarda tutuvchi maqsadli dasturlar va vazifalarning amalga oshirilishida ishtirok etish va ko’maklashish;
- qiziqishlariga qarab turli to’garaklar, seksiyalar va klublar faoliyatini kengaytirish hamda ularga mumkin qadar ko’proq yoshlarni jalb qilish orqali yoshlarning bo’sh vaqtini mazmunli tashkil etishda ishtirok etish va ko’maklashish;
- O’zbekiston xalqining tarixiy, madaniy va ma’naviy merosi asosida yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash chora-tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
- yoshlarga yuksak axloqiy xususiyatlarga ega bo’lgan har bir shaxsga xos bo’lgan burch, to’g'rilik, o’z Vataniga muhabbat va sadoqat hissini singdirish.