Tuproq va o’simlik qoplamining ta’siri. Har qanday daryo havzasi yuzasining ma’lum qismi tuproq bilan qoplangan bo’ladi. Tuproq qoplamining oqim hosil bo’lishiga ta’siri uning suv shimish va shimilgan suvni o’zida ushlab tura olish imkoniyati bilan xarakterlanadi. Tuproq qoplamining shu xususiyatiga bog’liq holda yer osti va yuza oqimlar miqdori ham turlicha bo’ladi.
Tuproq zarrachalarining o’lchamlari qancha katta bo’lsa, u shuncha ko’p miqdordagi suvni shimadi. Masalan, qumli tuproq loy tuproqqa nisbatan 5-10 marta ko’p suvni shima oladi. Natijada birinchi turdagi tuproqlar ko’p tarqalgan havzalarda daryo oqimining asosiy qismini yer osti suvlari tashkil etadi.
Daryo havzasidagi o’simlik qoplamining oqim hosil bo’lishiga ta’siri quyidagilarda aks etadi:
1) o’simlik qoplami atmosfera yog’inlarining bir qismini o’zida ushlab qoladi va bu bilan yog’inning yanada ko’proq qismining bug’lanishiga imkon beradi;
2) o’simlik qoplami ildizlari yordamida doimiy ravishda tuproqdan ma’lum miqdordagi namlikni olib, o’z tanasi orqali bug’latib turadi (transpiratsiya);
3) o’simlik qoplami o’z tanasi bilan tuproq yuzasini to’sadi, uni isib ketishiga yo’l qo’ymaydi va natijada bug’lanish miqdorini kamaytiradi;
4) o’simlik qoplami yer yuzasi g’adir-budurligini orttiradi, bu esa yuzada suvning oqish tezligini kamaytirib, ko’p miqdordagi suvning yer ostiga shimilishiga imkon beradi;
5) o’simlik qoplami, ayniqsa o’rmonlar, yer sirtidagi qorning erishini sekinlashtiradi va bu bilan yer ostiga shimilishni kuchaytiradi va hokazo.
Demak, o’simlik qoplamining oqim hosil bo’lishiga ta’siri yog’in, bug’lanish, yer ostiga shimilish miqdorlarining o’zgarishida seziladi. Yuqorida sanab o’tilganlardan ko’rinib turibdiki, o’simlik qoplami ayrim hollarda oqimni ko’payishiga sabab bo’lsa, ayrim hollarda esa buning aksidir.
Ko’llar, botqoqliklar va muzliklarning ta’siri. Daryo havzasida mavjud bo’lgan ko’llar, botqoqliklar ma’lum darajada oqimni boshqarib, uning yil ichida nisbatan tekis taqsimlanishiga sabab bo’ladi.
Havzadagi ko’llar ta’sirida kam suvli davrda daryoda oqim nisbatan ko’p bo’lib, to’linsuv davrida esa oqim ko’lsiz daryolarga nisbatan kam bo’ladi. Boshqacha qilib aytganda, daryo oqimi ko’llar ta’sirida tabiiy ravishda boshqariladi.
Botqoqliklar haqida ham yuqoridagi kabi fikrlarni bildirish mumkin. Ularning daryo oqimiga ta’siri, ayniqsa shimoliy hududlarda sezilarlidir.
Daryo havzasida muzliklarning mavjudligi oqimning yil davomida va yillararo taqsimlanishiga sezilarli darajada ta’sir qiladi. Masalan, O’rta Osiyo tog’laridagi muzliklar hisobiga to’yinadigan daryolar (Zarafshon, Norin, Vaxsh) oqimining asosiy qismi iyul-sentyabr oylariga to’g’ri keladi. Shu davrdagi issiqlik balansi esa u yildan bu yilga kam o’zgaradi, binobarin oqim miqdori ham yildan-yilga kam o’zgaradi. Masalan, O’rta Osiyoda g’oyat kam suvli hisoblangan 1917 yilda Zarafshon daryosining yillik oqimi miqdori me’yorga nisbatan bor-yo’g’i 11 foiz kam bo’lgan bo’lsa, Chirchik daryosida yillik oqimi o’sha yili 40 foizga kamaygan. Buning sababini Zarafshon daryosi havzasida Chirchiq daryosi havzasiga nisbatan muzliklar qoplagan maydonning kattaligi bilan izohlash mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |