Arxeologiya va minerologiya.
Minerologiya fani toshlar haqidagi fan bo’lib, toshlarning tarkibini aniqlaydi. Toshlar asosan uch turga bo’linadi: 1. Qimmatbaho (zumrad, olmos, oniks); 2. Yarim qimmatbaho (steatit, xlorit, serpantin, marmar) va 3. Oddiy toshlar (ohak, gips, daryo toshlari). Tarkibi jihatdan ham toshlar turli xildir. Yumshoq, qattiq tarkibli toshlarga ham bo’linadi. Toshlarning yumshoq yoki qattiqlik darajasi shisha bilan aniqlanadi. Shisha bilan toshga chizilganda tirnalsa yumshoq, izi qolmasa qattiq tarkibli deyiladi. Masalan, marmar yuzasiga chizilganda iz qoladi. Qadimgi ajdodlarimiz deyarli barcha toshlardan foydalangan.
Minerologiya asosida xalqlarning madaniy aloqalari juda yaxshi kuzatiladi. Jumladan, Lazurit toshi asosida Badaxshon lazuritining tarqalish yo’li aniqlangan va tarix fanaga eng qadimgi yo’l – Lazurit yo’li tushunchasi kiritilgan.
Eron minerologiyasiga xos bo’lgan xlorit toshining tarqalishi bo’yicha Elam madaniyatining ma’daniy ta’siri aniqlanmoqda.
Arxeologiya va topografiya.
Yodgorliklarning topografik plani topografiya fani yutuqlari asosida olinadi. Teodolit, nivelir kabi instrumentlarning ishlash usulini va arxeologik tadqiqotlarda qo’llashni har bir arxeolog o’zlashtirishi shart. Bunda teodolit yordamida yodgorlikning reper tochkasi (eng baland nuqtasi) aniqlanadi. Reper nuqtaga nisbatan qolgan joylarning joylashishi topografik xaritaga tushiriladi.
Nivelir yordamida esa olib borilayotgan qazishma maydonida aniqlangan devor yoki uy pollarining sathi planga tushirilib boriladi.
Arxeologiya va gidrogeologiya.
Yodgorlikning ichimlik suvi va dehqonchilik uchun zarur bo’lgan irrigatsiya (ariq, kanal, daryo) shahobchalari gidrogeologiya fani asosida o’z echimini topadi.
Arxeologiya va biologik fanlar.
Biologik fanlardan botanika va zoologiya arxeologiya faniga eng yaqin fanlar qatoriga kiradi.
Paleobotanika.
O’simliklar tarixi bilan shug’ullanuvchi botanika fanining tarmog’i. Bu fanga manbani arxeologiya beradi. Tadqiqotlar natijasida topiladigan o’simliklar qoldiqlari va urug’lari misolida o’simliklar tarixi o’rganiladi. Ish uslubi juda oddiy bo’lib, o’simliklar urug’lari ko’p holatda ko’zga tashlanmaydi, tuproqqa qo’shilib arxeologning nazariga tushmasligi aniq. Shuning uchun pol ustidagi madaniy qatlam suvga solinadi va eritib qo’yiladi. Suv yuzasiga o’simlik qoldiqlari qalqib chiqadi. Ular quritilib, mikroskopda qanday o’simlik qoldig’i yoki urug’i ekanligi aniqlanadi. Fanning shu sohasi bilan shug’ullanuvchi olimni paleobotanik deb ataydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |