Arxeologik davrlashtirish
Paleolit davri texnologik kashfiyotlari
Mezolit, neolit va eneolit davri texnologik kashfiyotlari
Jez va temir davri texnologik kashfiyotlari
TAYaNCh SO’ZLAR VA IBORALAR
Arxeologiya, xronologiya paleolit, mezolit, neolit, eneolit, jez, ilk temir, chopping, chopper, bifas, neklues, tosh qurollar, makrolit, mikrolit, va h. k.
Kishilik jamiyatining moddiy madaniyati evolyutsiyasida paleolit, mezolit, neolit, eneolit, bronza davri, ilk temir davri, antik davr, o’rta asrlar davrlarida qilingan texnologik kashfiyotlar va ularning mohiyatini xarakterlash. Qurol yasashni bilishi (tosh, suyak, daraxt navdasi). Tiplari. Evolyutsiyasi. Ho’jalik ishlaridagi texnologik kashfiyotlar. Tiplari. Evolyutsiyasi. Qurilish ishlaridagi texnologik kashfiyotlar va boshqalar. Tiplari. Evolyutsiyasi.
ARXEOLOGIK DAVRLAShTIRISh
Kishilik jamiyatining rivoji va ravnaqi albatta insonlar tomonidan qilingan texnologik kashfiyotlarga bog’liq bo’lgan. Har bir qadimgi davrlarga bosqichma-bosqich o’tilishining o’zi ham texnologik kashfiyotlar xosilasidir. Masalan tosh asrining mezolit va neolit davriga o’tilishi, bunda kulolchilik charxining paydo bo’lishiga asoslanilsa, keyingi davrda tabiatdan metal (mis, bronza, temir) olish texnologiyasining kashf qilinishi bilan eneolit, bronza va temir davrilariga tadrijiy o’tiladi. Bu tadrijiy davrlarni xronologiya fanida arxeologik davrlashtirish teb ataladi.
Xronologiya – yordamchi tarix fani bo’lib, (“xrono” – vaqt va “logiya” – fan) — 1) tarixiy voqealarning davriy tadrijiyligi; 2) vakt o’lchovi haqida-gi fan demakdir. Xronologiya turli xalqlar va davlatlar yil hisobi tizimi va taqvimlarini o’rganadi, tarixiy voqealar sodir bo’lgan sanalarni va tarixiy manbalar yaratilgan vaqtni aniqlashda yordam beradi. Xronologiya taraqqiyot bosqichlarining vaqtini aniqlash demakdir. Bu esa alohida tarixiy voqealar, mehnat qurollari, hunarmandchilik va xo’jalikning rivoji, uy-joylar, qishloqlar va shaharlarning qurilishi, davlatlarning tashkil topishi va madaniyat taraqqiyoti yutuqlari vaqtini aniqlashni anglatadi.
Yozma manbalar asosida aniq sanalar belgilanadi. Arxeologik ma’lumotlarga asoslangan xronologiya yuz va ming yilliklar bilan o’lchanadi.
Bobil, Misr, Yunoniston va Rimda shakllangan xronologiya o’rta asrlarda Turonda rivojlandi. Beruniynnng 1000-yilda yozilgan «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar» («Xronologiya») asarida jahondagi turli xalqlar tarixi va madaniyati ixcham tarzda o’z aksini topgan. Xronologiyadagi tarixiy izchillikni fanga 16-asrda frantsuz J.Skaliger kiritdi. Hozirgi
paytda Xronologiyaning taraqqiyoti bu fanning arxeologiya, tabiiy fanlar, statistika va boshqalar bilan o’zaro hamkorligiga bog’liqdir.
So’nggi yillarda O’rta Osiyoning turli hududlarida arxeologiya, antropologiya, tarixiy etnografiya, epigrafika va numizmatikaga oid kashfiyotlar tufayli tarixni xolisona yoritishga xizmat qiladigan muhim ma’lumotlar to’plandi. Ular o’lka tarixining qadimgi bosqichlaridagi iqtisodiy, madaniy va ijtimoiy–siyosiy jarayonlari haqida yanada to’laroq tasavvurlar hosil qilish imkonini beradi. Yangi ilmiy ma’lumotlar eng qadimgi xo’jaliklar va mehnat qurollari, xo’jalikning ishlab chiqaruvchi shakllariga o’tilishi, ishlab chiqarishda metallning ishlatila boshlanishi, ayirboshlash va savdo–sotiq, ilk shaharlar va davlatlarning tashkil topishi va boshqa tarixiy–madaniy jarayonlar bilan bog’lanadi. Davrlashtirish – insoniyat tarixini o’z xususiyatlarga ega, turli belgilarga ko’ra, bir– biridan ajralib turgan katta davrlarga bo’lishdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |