722
SURXON VOHASI AHOLISINING CHORVACHILIKGA OID
O’ZIGA XOS AN’ANA VA MAROSIMLARI
Toshtemirov A.M.
TDSHU magistranti
Odilov B.A.
TDSHU katta o’qituvchisi, Tarix fanlari bo’yicha falsafa doktori
Kalit so’zlar:
An’anaviy xo’jalik, Cho’pon ota, qorako’lchilik, Amudaryo, Surxon-Sherobod,
qo’nish, Potapov, cho’liq, “navro’z-chumchuq”, Ko’hitang, Bobotog’.
Etnologiya fanida “marosim”, “urf-odat”, “an’ana”,“bayram”lar fanning asosiy tadqiqot
ob’ekti tarzida keng qo'llaniladi. Chunki har bir xalqning shakllanish jarayoni bilan birga unga xos
va mos milliy-etnik an’analar, urf-odatlar,marosimlar, bayram va sayllar shakllanib, taraqqiy etib
boradi. Ular kishilar turmush tarzining muhim bir bo‘g‘ini tarzida tarkib topadi.195
Asrlar davomida O‘rta Osiyo xalqlari, xususan, o‘zbeklarning ijtimoiy va iqtisodiy hayotida
chorvachilik sohasi muhim o‘rin tutib kelgan. Hududning tabiiy-geografik va iqlim sharoiti
aholining xo‘jalik faoliyati va turmush tarziga ta’sir ko‘rsatuvchi muhim omil hisoblanadi. Surxon-
Sherobod vohasining mo‘tadil iqlimi, bahor fasli erta kelishi, yoz fasli uzoq davom etib, qishning
iliqroq bo‘lishi, hududning dasht, tog‘oldi va tog‘li tumanlarida boy mavsumiy yaylovlarning
mavjudligi qadimdan an’anaviy xo‘jalik tarmoqlaridan biri bo‘lgan ixtisoslashgan chorvachilikning
keng rivojlanishiga imkon bergan. Chorvachilikning vohada yetakchilik rolini saqlab qolishiga
qo‘y-echkilarni tog‘ va adir yaylovlarida boqishga moslashganligi ham asos bo‘lgan 196.Ammo
o‘troq aholi bilan yarim o‘troq aholi orasida turli xildagi chorva xo‘jaligi mavjud bo‘lgan. Bu holat
turli doiradagi an’analarning o’zaro transformatsiyasiga ham ma’lum doirada zamin yaratgan.
Hozirgacha cho‘ponlar o‘zining risolasi va piriga ega. Ularning piri Cho‘pon ota hisoblanib,
cho‘pon bo‘lish xudoning marhamati, shuning uchun u juda hurmatli kasb deb qaralgan.Surxon
vohasida olib borilgan ilmiy tadqiqotlar chorvadorlar tabiat qonunlariga e’tiqod bilan
qaraganligi,cho‘pon yangi yilni 16 martdan boshlab kutib olishi hamda xuddi shu kundan boshlab
yer isib, o‘simliklar ko‘karib molning rizq-nasibasi mo‘l bo‘lishni niyat qilganlar. Sherobod,
Muzrobot, Angor, Jarqo’rg‘on, Sho‘rchi, Denov, Bandixon chorva yaylovlariga Navro‘z belgisi
bo‘lgan “navro‘z chumchuq”i paydo bo‘lish cho‘ponlarni quvontirgan.”Navro‘z chumchuq” oq
rangli bo‘lsa, yog‘ingarchilik kam bo‘lish yoki sariq rangli bo‘lsa, yomg‘ir ko‘p bo‘lishni sezib
shunga qarab chorvani taraduddini ko‘rishgan. Sariq, Xotirobod, Sherobod, Angor,Bobotog‘ cho‘l-
adir hamda tog‘oldi cho‘ponlari chorshanba va shanba kunlari ko‘chishni tashkil etib xosiyatli
kunlardan tez foydalanib qolishgan, juma kunni xosiyatsiz deb ko‘chishni amalga oshirmagan,
chunki bu kun musulmonlar kabi hamma jonzotlar dam oladigan kun deb tushunilgan. Surxon
chorvadorlari yaylov haqi uchun maxsus qurbonliklar qilib,chorva piri Cho‘pon otaga sig‘inganlar
hamda qo‘y piri Cho‘pon ota, qoramol piri-Zangi ota, otning piri-Qambarota, echki piri- Chig‘at
otaga sig‘inib, ularning haqqiga “is” chiqarib qurbonliklar qilishgan.
Chorvachilik bilan shug‘ullanuvchi qabilalar suv manbalari yaqinida o‘troqlasha borib
dehqonchilik bilan shug‘ullana boshlaganlar. Surxon vohasida aholining o‘troq yashashi ozuqabop
o‘simliklarni parvarish etishi, dehqonchilik bilan shug‘ullanishiga boshlangan omil sanalgan.
Dehqonchilik o‘zining yuqori pog‘onasiga o‘tishi uchun odamning yangi yirik madaniy yutug‘i –
hayvonlarni o‘rgatish va xonakilashtirish jarayoni amalga oshmog‘i lozim edi. Shubhasiz,
hayvonlarni o‘rgatish va xonakilashtirish yer yuzasida bir paytda emas, balki har xil sharoitda
amalga oshgan. Bunday vaziyat turli xil hayvonlarga ham taalluqlidir. K.Keller fikricha, insoniyat
madaniyatining rivojlanishida hayvonlarni xonakilashtirish muhim ijtimoiy, iqtisodiy va ma’naviy
samaralar berdi. Bu jarayon odamzotga o‘zining ruhiy darajasini ko‘tarishga yordamlashdi, uning
195 Etnologiya: o’quv qo'llanma /A. Ashirov; mas’ul muharrirlar: U. Abdullayev, G. Fuzailova . - Toshkent: “Yangi
nashr”, 2014. -184 b.
196 Кияткин Ф. Курдючное овцеводство в Узбекистане. – Т.: Фан, 1952. – С. 7.
723
yashashi uchun barqaror manba berdi. Shuning uchun ham ayrim madaniy hududlarda uy
hayvonlariga haqiqiy e’tiqodning rivojlanishi tasodifiy emasdir.
Surxon vohasi eng qadim zamonlarda hayvonlarni qo‘lga o‘rgatish joyi bo‘lgan. Natijada
cho‘ponlik – podachilik usullariga o‘tish imkoniyati tug‘dirilgan. L.P.Potapov fikricha, uy molini
qo‘lga o‘rgatish va dastlabki urchitish umuman Osiyoda hali neolit davrlarida, miloddan 3 ming yil
ilgari amalga oshirilgan. Demak, bu vaziyat ko‘chma qoramolchilikdan qancha oldinroq vujudga
kelgan. Dehqonchilikning rivojlanishi chorvachilikning ham rivoj topishiga olib kelishi kerak edi.
Chunki Surxon vohasining dehqonchiligi sharoitida ulovbop kuch va dalalarni sug‘orish, o‘g‘itlash
yetarli miqdorda bo‘lmasa dehqonchilikning yanada rivojlanishi dargumon edi. Shunday qilib,
qoramol, ot, tuya sonlari kamaymasligi lozim edi. 197
Ko‘pgina tadqiqotchilarning fikricha, ot– odamzod tomonidan o‘rgatilgan va
xonakilashtirilgan eng qadimgi hayvonlardan biri bo‘lgan. Ko‘p ma’lumotlarning dalolat
berishicha, ot, hatto, dunyoning madaniy jihatdan ancha rivoj topgan Mesopotamiyaga va Yaqin
Sharqning qadim zamonlardagi boshqa davlatlariga ham O‘rta Osiyodan tarqalgan. Ot bu yerda
miloddan avvalgi 2280-yillarda paydo bo‘lgan, qizig‘i shundaki, qadimgi shumer-akkadliklar tilida
ot "sharq eshagi" deb, xettlar tilida "Sharqdan keltirilgan hayvon" deb yuritilgan. Ot dastlab
xonakilashtirilgan yurtlarda va xalqlarda ko‘p asrlar davomida boshqa tur xonakilashtirilgan
hayvonlardek odamga oziq-ovqat beradigan mol sifatida xizmat qilgan. Surxon vohasida ot
yigitning yo‘ldoshi sifatida qadrlangan va sovg‘alar ichida eng qimmatbahosi sifatida ot turgan.
Chag‘oniyon amirining g‘aznaviy sultoni Ma’sudga hadya qilgan sovg‘alari ichida yaxshi otlar ham
bo‘lganligi fikrimiz isbotidir198. Vohada ot tarbiyasiga alohida e’tibor berilgan. Otga asosan
balog‘at yoshiga yetgan, norg‘ul yigitlar qaragan. Otlar, asosan, maxsus otxonalarda saqlangan.
Otni oziqlantirish uchun maxsus oxurlar qurilgan. Oxur uncha qiyin bo‘lmagan usulda qurilgan. Ot
uchun ohur zarur hisoblangan, chunki ot hashakni sachratib yegan. Oxurning bir cheti otxonaning
devori sanalgan. Oxur chuqurligi 0,5-0,6 metr bo‘lib, yerdan bir metr balandlikda qurilgan. Ayrim
joylarda ot ohuri sifatida uzun yog‘och ham ishlatilgan199. Ot qoramolga yaqin bog‘lanmagan,
sababi molning nafasi otga og‘irlik qilgan.
Tuyalar tabiatan baquvvat, qumning tabiiy sharoitiga a’lo darajada moslashgan yuk tashuvchi
hamda go‘sht beradigan hayvon. Tuya muqaddas ma’noda eng toza hayvonlardan hisoblanib, tuya
timsolida ilohiylar, ham farishtalar, ruhlar tushunilgan. Tuyani ho‘kizni urgandek, aslo urish
mumkin bo‘lmagan. Tuyani hech narsa bilan, hattoki qo‘l bilan ham urish mumkin emas,
shuningdek, unga nisbatan haqorat so‘zlarini ishlatish ham ta’qiqlanadi. Tuyada ruhlar va yomon
ko‘zdan saqlash xususiyatiga ishoniladi. Tumor sifatida uning juni ishlatiladi – dumidan va ayniqsa,
oldingi oyog‘ida osilib turgan junlari alohida e’zozlanadi. Uning junini duch kelgan joyga tashlash
man qilinadi. Chunki tuyaning juni ham muqaddas hisoblanib, tuyaboqarlarning homiysi deb
avliyo Sulton Vaysga e’tiqod qilinadi.
Vohada chorvadorlar o‘zlariga qarashli bo‘lgan yaylovlarni qo‘nish orqali belgilashganlar200.
Har bir qo‘nishda bir suruv qo‘y o‘tlab, har bir qo‘nish oralig‘i 8-10 km. gacha bo‘lgan. Qo‘nish
chegarasi tepaliklar, soylar orqali chegaralangan. Tadqiqotlar natijasidan ma’lum bo‘ldiki, adir va
cho‘l zonalarida ham qo‘nishlar bo‘lgan. Har bir qo‘nish o‘ziga xos nomlar bilan atalgan201.
Surxon vohasi chorvachiligiga xos xususiyatlardan yana biri, bahor mavsumlaridan boshlab butun
qishloq ahlining oilalari bilan birgalikda qo‘nishlarga ko‘chib o‘tishlari kuzatiladi202.
O‘troq aholining chorvachilik bilan shug‘ullanishining o‘ziga xos sabablari bor. Birinchidan,
dehqonchilik uchun yer haydashda, xirmon yanchishda, tegirmon, juvozlarni yurgizishda, transport
197 Surxondaryo-etnografik makon: ocherki,esse\ S.N.Tursunov, T.R.Pardaev,N.Maxmadiyorova.-Toshkent:
Akademnashr,2012.-98 b.
198Абу-л -Фазл Бейхаки. История Маъсуда ( 1030-1041), перевод А.К.Арендса.Из.2-е. - Москва,1969.– С.65.
200 На выборах в узбекской волости // ТВ. 1883. – № 12.
201XVIII asrning ikkinchi yarmi va XX asr boshlarida Surxon vohasi xo‘jaligi// Qobilov E. Tarix fanlari bo‘yicha
doktorlik dissertatsiyasi // Toshkent, 2018. – 157-bet
202 XVIII asrning ikkinchi yarmi va XX asr boshlarida Surxon vohasi xo‘jaligi// Qobilov E. Tarix fanlari bo‘yicha
doktorlik dissertatsiyasi // Toshkent, 2018. – 161-bet
724
(ulov) vazifasini bajarishda chorva mollari: ot, ho‘kiz, tuya, eshakdan foydalanilgan. Ikkinchidan,
dehqon oilalarini go‘sht, sut, qatiq, jun, teri bilan chorva mollari ta’minlagan203, uchinchidan,
dehqon ekini hosildorligini oshirishda qo‘y, sigir porisi o‘g‘it vazifasini o‘tagan. Qolaversa,
chorvachilik mahsulotlari vohaning ichki va tashqi savdosida asosiy tovar vazifasini o‘tagan 204.
Surxon-Sherobod vohasida ota-bobolarimiz asosan hisor qoraqo‘y va isliqi qoraqo‘ylarni
boqishgan bo‘lib, bu qo‘ylar tana va dumba tuzilishiga qarab xam turli xilda nomlangan205.
Masalan, kapkirt dumba, oyna dumba, shalpi duma turlariga bo‘lingan. Hudud chorvachiligida
qo‘ychilikning jahon ahamiyatiga molik bo‘lgan tarmog‘i qorako‘lchilik hisoblangan, qimmatbaho
qorako‘l teri beradigan chibalang arabi qo‘ylari gavdasi uncha katta bo‘lmay, tez harakatlanadi,
qo‘chqorlari shoxdor, junlari mayin va uzun bo‘lib, asosan juni va qorako‘l terisi uchun vohaning
cho‘l va yarim cho‘l zonalarida boqilgan.Chibalang (arabi) qo‘ylar chirozi, gardi, kulrang,
payg‘ami, qora va sur ranglarda bo‘lib, qorako‘l (bag‘ana) terisi junning jingalakligi, gulining
chiroyligi va jozibadorligi bilan ajralib turgan. Chirozi va sur qo‘ylarning juni oliy navga ketgan,
qorako‘l terisi jahon bozorida yuqori narxda baholangan. Eng yaxshi sur yoki chirozi qorako‘l terisi
1 ta katta hisori qo‘y bahosida narxlangan. Vohada chibalang (arabi) qo‘ylarning ko‘k (payg‘ami)
va kulrang turlari ko‘p tarqalgan. Afg‘oniston bilan chegaradan Amudaryo qirg‘oqlarida ko‘rg‘o‘za
qo‘y turi boqilgan. Bu qo‘ylar chibalang va isliqi qoraqo‘yning chatishidan kelib chiqqan turi
bo‘lib, 50-60 kg atrofida go‘sht-yog‘ qilgan. Bobotog‘ etaklari va adirlarida g‘aljaki deb nomlangan
qo‘y turi ham boqilgan. Bu qo‘y turi Afg‘onistondan Surxon vohasiga o‘tgan qo‘y turi hisoblanadi.
G‘aljaki qo‘ylar olabosh, oqish, kulrang va ko‘kimtir, ranglarda bo‘lib, 18-20 kg chamasi go‘sht-
yog‘ qilgan. Bu qo‘y turining juni nihoyatda mayin bo‘lib, asosan juni uchun boqilgan va ko‘pincha
egiz qo‘zilagan.
Cho‘pon va uning cho‘lig‘i otardagi (har bir otarda 1000-1500 tacha qo‘y bo‘lsa) barcha
qo‘ylarning o‘xshashligidan qat’iy nazar bir-biridan ajratib ola bilgan, bordi-yu birorta qo‘y yoki
qo‘zi otarda bo‘lmasa uni darhol sezgan va shunday qo‘y yo‘q deb tusi (rang) bilan aytib bergan.
Shuningdek, cho‘ponlar, umuman ajdodlarimiz qo‘y-qo‘zilarni yoshiga qarab ham nomlaganlar.
Qo‘zi esa an’anaviy nomlar bilan, qo‘y bo‘lgandan keyin esa, uning tishiga qarab aniqlaganlar.
Masalan, endi tug‘ilgani barra, qo‘zichoq deb 2-3 oyligi shirvoz qo‘zi deb, 4-5 oyligi saroyoq qo‘zi
deb, undan kattarog‘i gaba qo‘zi deb, bir yashari to‘xli, ikki yashari shishak, uch yashari chori, to‘rt
yashari panji, beshga chiqqani va undan kattasi mangi deb nomlangan. Asosan buni tishlariga qarab
aniqlaganlar, qo‘y shishak bo‘lguncha qo‘zi tishlari joyida turgan. Shishakka chiqqandan keyin
o‘rtadagi ikki tish tushib, o‘rnidan katta tishlar o‘sib chiqqan, choriga chiqqanda katta tishlari 4 ta
bo‘lgan va qo‘y panji bo‘lganda oldidagi barcha tishlari katta tishlarga aylangan.Qo‘ylarning
dumbali hisori nasllari ayniqsa Janubiy O‘zbekistonda va Tojikistonda ko‘proq bo‘lgan. Ular
ko‘proq tog’li yaylovlarda kuzning o‘rtalarigacha boqilgan, keyin vodiyga haydab keltirilib, kuzgi
junni qirqib va qochirib bo‘lgach qishloq atrofidagi o‘tloqlarda va og‘ilxonalarda boqilgan.
Qo‘ychilik asosan sotishga mo‘ljallangan. Dasht tumanlarda qorako‘lchilik rivojlangan va
bozorlarga chiqarilgan. Qorako‘l terilarini ilgari maxsus savdogarlar o‘z vakillari orqali terib
olganlar, barra go‘shti shahar (qishloq) bozorlariga chiqarilgan. Qorako‘l go‘shtlari juda shirin
bo‘lganligi uchun ular tirik holda shahardagi qassoblarga keltirib sotilgan. Ularning junini qirqib
ba’zan shahardagi o‘zbeklarga og‘ilxonada boqishga yoki maxsus cho‘ponlarni yollab
topshirganlar. Podalarni Ko‘hitang va Bobotog‘ tog‘ tizmalaridagi yozgi yaylovlarda boqib avgust
oyidan shahar bozoriga chiqara boshlaganlar. Katta boylar ham molfurushlik qilganlar206. Qo‘y
juni ham bozorga chiqarilgan. Undan ayrim xo‘jaliklarda kigiz, palos, gilam, qop va xurjun ishlab
chiqarilgan va qisman savdo qilingan. Qo‘y terisidan pustin va telpak, shuningdek to‘shama, mesh,
sanoch va boshqa uy-ro‘zg‘or buyumlari yasalgan.
203 Пещерева Е.М. Молочное хозяйство горных таджиков и некоторые связанные с ним обычаи.-Ташкент,
1927; Кармышева Б.Х. Узбеки-локайцы Южного Таджикистана. – Душанбе, 1954; Абдураимов М. Пережитки
сельской общины в узбекском кишлаке Хумсан// Советская этнография, 1959.№ 4.
204 Полковник Матвеев. Поездка по бухарским и афганским владениям – С. 24.
205 Dala yozuvlari. Boysun tumani Chilonzor mahallasi . 2021-yil
206 Современный кишлак Средней Азии (социально-экономический очерк). Вып. 3. – Т.,1926. – С. 54.
725
Ko‘pchilik o‘zbeklar echki go‘shtini «sovuqlik» deb ham iste’mol qilganlar. Uning junidan
xo‘jalikda zarur arqon va ip eshilgan, terisidan poyabzal tikilgan, mesh xamda sanoch ishlab
chiqilgan. Keyingi yillarda angor echkilarini parvarish qilish avj oldi. Bunday echkilarning juni
yuqori sifatli bo‘lib, ulardan ajoyib gilamlar va tivit ro‘mollar to‘qilgan.207
O‘troq ziroatchilik bilan shug‘ullanuvchi o‘zbeklarda chorvachilik uncha rivojlanmagan,
chunki sug‘orma yer tanqisligidan xashak yetmagan. Mahalliy dehqonlar oz sonli sigir, echki va
qo‘yni sut,qatiq va go‘sht uchun ko‘proq boy-baquvvat oilalarda bo‘lgan. Ishchi hayvonlar ham
asosan boylarda bo‘lib kambag‘al dehqonlar ulardan korrandaga olib ishlatganlar. O‘troq aholi o‘z
mollari va qo‘y-echkilarini jamoa bo‘lib maxsus yollangan cho‘ponlarga boqtirgan yoki
og‘ilxonada saqlab boqqanlar. Kambag‘al oilalarda minish, yuk tashish va boshqa xo‘jalik ishlarida
eshak yoki xachirdan foydalanilgan.
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, voha aholisi qadimdan shakllangan o’ziga xos
chorvachilik madaniyatiga ega va Surxon vohasi etnografik jihatdan alohida e’tiborga molik hudud
sanaladi hamda bugungi kunda ham ana shu jihatini saqlab qolganligi bilan nihoyatda ahamiyatlidir.
Shuning uchun Surxon vohasida etnologik va antropologik dala tadqiqotlarini yo’lga qo’yish fanga
yangi-yangi muhim ma’lumotlarni ochib berishi shubhasiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |