Umuminsoniy deb barcha xalqlar, millatlar, bashariyat uchun mushtarak qadriyatlarga aytiladi. Masalan, tinchlik, demokratiya, ijtimoiy adolat, ma’naviyat, ezgulik, insonparvarlik, xuquqiy davlat, qonun ustuvorligi – bular irqi, dini, millati, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi qandayligidan qat’iy nazar, inson zoti uchun bir xilda ahamiyatli, ya’ni umuminsoniy mohiyatga ega qadriyatlardir. «Umuminsoniy» degan so‘z bu qadriyatlar bir qadar mavxumligini ham anglatadi, negaki «umuman insoniyat», xuddi «umuman odam» kabi sof abstraktsiyadir, amalda insoniyat hamisha muayyan millat va elatlar yig‘indisidan iborat. Binobarin, umuminsoniy qadriyatlar – bu millat va elatlardan ayri, alohida olamda yashovchi qadriyatlar emas, ularning mazmuni umuminsoniy, umumiy, amalda bu mazmun hamma vaqt ma’lum shaklu – shamoyilga, qobiqqa, ya’ni milliylikka o‘ralgan bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |