3.2. Shnekli qurilmaning tuproqni to‘lish koeffitsientini laboratoriya sharoitida aniqlash metodi
Shnekli qurilmaning to‘lish koeffitsienti pol hosil qilish qurilmasi ish unumiga ta’sir etadigan asosiy omil hisoblanadi. Adabiyotlarda keltirilishicha shnekli transportyorlarning eng asosiy kamchiliklari ularning to‘lish koeffitsienti pastligi hisobidan ish unumi kichik ekanligida deb keltirilgan [2, 286-287-b.]. Lekin mazkur tadqiqot ishini o‘rganish davomida qo‘llanilayotgan shnekli transportyorda material (tuproqning) shnekli ish organiga to‘lish yo‘nalishi qurilmaning ilgarilanma harakat yo‘nalishiga mosligi va to‘lish koeffitsientini oshirishga qaratilgan konstruktiv o‘zgartirishlar bajarilish mumkinligini inobatga olgan holda, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Buxoro filiali “Suv xo‘jaligi va melioratsiya ishlarini mexanizatsiyalash” kafedrasi laboratoriyasida joylangan “tuproqli kanal” laboratoriyasi sharoitida shnekli qurilmaning to‘lish koefitsientini tadqiq etish rejalashtirildi va uslubi ishlab chiqildi.
Ushbu qurilmani yaratish bo‘yicha o‘tkaziladigan nazariy tadqiqot natijalarini tekshirish, ishchi organ parametrlari va ish rejimlarini uning ish unumdorligiga ta’sirini o‘rganish maqsadida tajriba tadqiqotlari dasturida laboratoriya sharoitida ish organlarining energetik ko‘rsatgichlari va parametrlarini asoslash ko‘zda tutilgan.
Tajribaviy tadqiqotlari dasturiga muvofiq g‘o‘za qator oralarida bo‘ylama pol hosil qilish qurilmasining laboratoriya sharoitida tajriba tadqiqotlarini o‘tkazish uchun modeli tayyorlandi (1-rasm).
Ushbu tayyorlangan laboratoriya modelidan quyidagi tadqiqot ishlarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan:
tuproqni ko‘taruvchi shnekli ish organi harakat yo‘nalishiga nisbatan o‘rnatilish burchagi, harakat tezligi va shnekning aylanishlar sonini uning ish unumdorligiga ta’sirini tadqiq etish;
shnek parragini o‘z o‘qiga nisbatan ko‘tarilish burchagini ish unumdorligiga ta’sirini aniqlash;
shnek qadami va diametrini uning energetik va agrotexnik ko‘rsatgichlariga ta’sirini aniqlash;
tajribalarni ko‘p omilli rejalashtirish usulidan foydalanib, ishchi organ parametrlari va ish rejimining ratsional qiymatlarini aniqlashdan iborat.
Laboratori sharoitida tajriba tadqiqotlarini o‘tkazish uchun maxsus laboratoriya qurilmasi loyihalandi va tayyorlandi (1 rasm).
1-rasm. G‘o‘za qator oralarida bo‘ylama pol hosil qilish qurilmasining texnologik ish jarayonini tadqiq etishga mo‘ljallangan laboratoriya qurilmasi.
Laboratoriya qurilmasi quyidagi qismlardan iborat: Tuproq kanali 1, erkin harakatlana oladigan aravacha 2, (elektrodvigatel) 3, shnekli ish organ 4, ish organini xarakatlanuvchi aravachaga o‘rnatish uchun maxsus moslama 5, ish organini xarakat yo‘nalishiga nisbatan vaziyatini sozlovchi rezbali birikmali moslama 6, aylanma xarakatni ish organiga perpendikulyar tekislikda uzatish uchun reduktor 7, aravachani xarakatlanish jarayonida aylanishlar sonini ta’minlovchi zanjirli uzatma 9, tishli yulduzcha 10, yetaklovchi 11 va yetaklanuvchi 12 shkivlar orasidagi 13 tasmali uzatmadan iborat.
Laboratoriya qurilmasi quyidagi tartibda ishlaydi. Tuproq kanali 1 da erkin harakatlana oladigan aravacha 2 ni harakatlantirish qurilmasi (elektrodvigatel) 3 oldinga harakatlantiradi. Tajriba qurilmasi (shnekli ish organ) 4, maxsus moslama 5 orqali aravacha 2 ga o‘rnatilgan. Shnekli ishchi organ 4 harakatni tasmali uzatma 13 orqali aravacha 2 ga o‘rnatilgan maxsus konusli reduktor 7 dan olib ishlaydi. Laboratoriya qurilmasining harakat yo‘nalishiga nisbatan shnekli ishchi organ 4 ning qiyalik burchagi rezbali birikma 6 orqali o‘zgartiriladi. Laboratoriya tajribasida olinadigan natijalar qurilmadan tashilgan tuproq 8 ning hajmi orqali baholanadi.
Laboratoriya qurilmasining harakat yo‘nalishiga nisbatan qiyalik burchagini o‘zgartirish maqsadida qurilmaning orqasidagi tayanchi maxsus rezbali birikma 6 orqali qurilmaga 0 dan 75 gacha burchak berish imkoni mavjud.
Laboratoriya qurilmasining asosiy ishchi elementi bu tuproqni burchak ostida tashuvchi shnekli ish organi 4 hisoblanib, unga aylanma harakat aravacha 2 ning oldingan harakatlanishi bilan birga statsionar bo‘lgan ikki qavatli zanjir 9 dan harakatga keladigan tishli yulduzcha 10 orqali konussimon reduktor 7 ga berilib, undan chiqadigan valida uch diametrli yetaklovchi shkif 11 dan aylanma harakat tasmali uzatma 13 orqali shnekning yetaklanuvchi shkifi 12 ga uzatiladi. Bundan maqsad shkifning pog‘onalarini o‘zgartirish orqali, tuproqni ko‘taradigan shnekning aylanishlar sonini o‘zgartirish va bu orqali aylanma harakatning optimal parametrini aniqlashga erishish mo‘ljallangan.
G‘o‘za qatori oralarida bo‘ylama pol hosil qilish qurilmasining laboratoriya modeli ish organlarining o‘lchamlarini inobatga olgan holda 1/3 nisbatda tayyorlandi va maxsus moslama orqali tuproq kanali aravachasiga o‘rnatildi. Laboratoriya qurilmasida tuproq kanalida bo‘ylama pol hosil qilish qurilmasi ishchi organining turli harakat tezliklari va ish rejimlarida tadqiq etish imkonini beradi (2-rasm).
Laboratoriya tajribalarini o‘tkazish uchun tuproq kanalidagi qattiqligi, namligi va uvalanish darajasi dala sharoitiga mosligi ta’minlandi.
Tajribalar o‘tkazish davrida tuproqning 0…15 sm qatlamidagi namligi va qattiqligi mos ravishda 10,3…12,1% va 0,16…0,33 MPa oralig‘ida saqlandi.
Laboratoriya qurilmasida shnekli ish organining harakat yo‘nalishiga nisbatan qiyalik burchagi, shnekning qadami va aylanishlar soni, harakatlanish tezligi hamda shnek diametr va shnek parragining ko‘tarilish burchagini uning energetik va agrotexnik ko‘rsatgichlariga ta’sirini aniqlash ko‘zda tutilgan bo‘lib, baholash mezoni sifatida ish unumdorligi qabul qilingan.
Do'stlaringiz bilan baham: |