FE`L
1 -§. Fe`lning leksik-grammatik xususiyatlari
Shaxs va predmetning ish-harakati va holatini ifodalaydigan mustaqil so`zlar fe`l deyiladi. Masalan: Men olimlarga, ilohiyotchilarga, tarixshunoslarga hurmat-ehtirom ko`rsatdim va e‘zozladim. (A.Temur). Mehnat insonda ijodiy kuch uyg`otadi (Tafakkur jurnali).
Grammatikada harakat va holat tushunchasi juda keng. Fe`l holat, belgining yuzaga kelishi, o`zgarishi kabi jarayonlarni ham harakat tarzida anglatadi: o`rik gulladi, yaproqlar sarg`aydi, bola uxlayapti kabi.
Fe`llarning barchasi bir umumiy nima kilmoq? degan so`roqqa javob bo`ladi. Fe`l o`ziga xos morfologik belgilarga ega, ya`ni:
ish-harakatning predmetga (to`ldiruvchiga) munosabati fe`ldagi o`timli va o`timsizlik ma`nosini hosil qiladi: o`qimoq, yozmoq - o`timli fe`l; o`tirmoq, chiniqmoq - o`timsiz fe`l;
ish-harakatning bajarilishi haqidagi tasdiq yoki inkorni anglashilishiga ko`ra fe`llar bo`lishli va bo`lishsizlik ma`nosini bildiradi: ayt – bo`lishli, aytma – bo`lishsiz; bilgan – bo`lishli, bilgani yo`q – bo`lishsiz fe`l;
ish-harakat bilan uning bajaruvchisi, obyekt va subyektlar orasidagi munosabat nisbat ma`nosini hosil qiladi: kiydi - aniq nisbat, kiyindi - o`zlik nisbat, kiyildi - majhullik nisbat, kiydirdi – orttirma nisbat;
ish-harakatning voqelikka munosabati mayl ma`nosida aks etadi: bordi, bormoqda, bormoqchi - aniqlik mayli; boray, borgin, borsin - buyruq-istak mayli; borsa – shart mayli;
ish-harakatning nutq so`zlanib turgan payt bilan munosabati fe`ldagi zamon ma`nosini hosil qiladi: o`rgandim - o`tgan zamon, o`rganayapman - hozirgi zamon, o`rganmoqchiman – kelasi zamon;
ish-harakatning biror grammatik shaxs (birlik yoki ko`plikda) tomonidan bajarilishi yoki bajarilmasligi fe`ldagi shaxs-son ma`nosida aks etadi. Fe`l shaxs-son qo`shimchalari bilan tuslanadi: qiziqdim, qiziqding, qiziqdi; qiziqdik, qiziqdingiz, qiziqdilar.
Demak, fe`l o`timli-o`timsizlik, bo`lishli-bo`lishsizlik, nisbat, mayl, zamon, shaxs-son ma`nolarini ifodalash kabi o`ziga xos morfologik belgilarga ega.
Shu bilan birga fe`lning sifatdosh, ravishdosh, harakat nomi kabi o`ziga xos vazifadagi shakllari ham mavjud ( ishongan odam – sifatdosh; ishonib, ishongach – ravishdosh; ishonish, ishonmoq kerak - harakat nomi). Fe`lning bu vazifadagi shakllari gapda ma`lum bir gap bo`lagi vazifasini bajarishga moslashgan bo`ladi.
Fe`l o`ziga xos maxsus so`z yasalish tizimiga ham ega: bahola, ulg`ay, tinchi, suvsira – affiksatsiya usul bilan yasalgan fe`llar; xursand bo`lmoq, javob bermoq, sotib olmoq - kompozitsiya usuli bilan yasalgan yasama fe`llar.
Fe`llarda modal shakl yasalishi ham mavjud, u o`z ichida turli xil qo`shimcha ma`nolarni aks ettiradi: kulimsira – kuchsizlik, turtkila – davomiylik, yozib bo`ldi – tugallanganlik kabi.
Fe`l o`ziga xos sintaktik vazifalarga ham ega:
sof fe`l gapda, asosan, kesim vazifasini bajarib keladi. Masalan: Insonni mehnat, odobni yaxshi fazilat bezaydi (Hikmatlar xazinasi);
fe`lning vazifadosh shakllari sifatdosh, sifatlovchi-aniqlovchi, ravishdosh, hol, harakat nomi, ega, qaratuvchi-aniqlovchi, to`ldiruvchi kabi gap bo`laklari vazifasini ham bajarib keladi. Masalan: O`zingga yoqqan narsani boshqalarga ham ravo ko`r (Hadis namunalari). Dunyoda eng yomoni faqat o`zini bilib o`zgani unutib yashashdir (I.Karimov). Ilm-fanga intilish insonning eng oliy ma‘naviy harkatlaridandir (Pedagogika tarixi).
Do'stlaringiz bilan baham: |