Uy-joy va kommunal xizmati murakkab va ko’p tarmoqli bo’lib, aholi turmush sharoitining rivojlanishiga bevosita hamda ijtimoiy mehnat unumdorligini oshishiga bilvosita ta’sir ko’rsatadi. Uy joylardan foydalanish (shu jumladan, joriy tamirlash), uy-joylar orasini va atrofini ko’kalamzorlashtirish, aholi yashaydigan hududlardagi barcha muhandislik vositalari (suv bilan taminlash, kanalizatsiya, gaz, elektr quvvati bilan taminlash, isitish, yo’l-ko’chalarni tozalash, ko’priklar va hokazo) ana shu tarmoqqa kiradi. Uy-joy va kommunal xo’jalik xizmatida nomoddiy ishlab chiqarishda band bo’lgan aholining anchagina qismi ishlaydi.
Jami uy-joy fondi 373,5 mln m2 ni tashkil etadi. Uning 142,1 mln m2 yoki 38 foizi shaharlarda joylashgan (2006 y). Respublika bo’yicha aholi jon boshiga o’rtacha 14,4 m2 uy-joy to’g’ri keladi (shu jumladan qishloqlarda 14,1 m2). Shahar uy-joy fondi markazlashtirilgan suv ta’minoti bilan 88,6 % (1995 yilda 71 %), kanalizatsiya bilan 50,8 % ta’minlangan. Respublika uy-joy fondi 98,0 % gazlashtirilgan.
Mamlakatimizning mustaqillikka erishganidan keyin aholini toza ichimlik suvi bilan taminlash borasida ancha ishlar qilindi. Ayniqsa bu ishlar qishloq joylarida jonlanib ketdi. Respublika kommunal xo’jaligida umumiy quvvati sutkasiga 8,53 mln m3 toza ichimlik suvini olish kuchiga ega bo’lgan inshootlar, 45584 km uzunlukdagi suv o’tkazish (vodoprovod) tarmoqlaridan foydalaniladi (2006 y). Aholi jon boshiga hisoblaganda bir kecha-kunduzda iste’mol qilinadigan suv shaharlarda 331,7 l ni (2006; 1990 yilda 507,2; 1993 yilda 536,3;) va qishloqlarda 100-120 l (1990 yilda 119,4; 1993 yilda 240,4;) ni tashkil etdi.
2-asosiy savol bayoni: Savdo va umumiy ovqatlanish. Ma’lumki ishlab chiqarilgan moddiy nematlar iste’molchilarga savdo tarmoqlari orqali etqaziladi. Shuning uchun ham xizmat doirasi tarmoqlari orasida, aholining turmush sharoitini yaxshilashda savdo alohida o’rin tetadi. YaIMning umumiy hajmida savdo va umumiy ovqatlanish tarmog’i hissasi 9,2 foizni tashkil etadi (2005). Xalq xo’jaligida band bo’lgan barcha ishchi-xizmatchilarning 8,9 % savdo va umumiy ovqatlanish, tayyorlov sohasida ishlaydi (903,4 ming kishi, 2005; 1995 yilda 566,4 ming kishi). 2006 yil 1 yanvar holatida savdo va umumiy ovqatlanish sohasida 60,7 ming korxona (respublikada faoliyat ko’rsatayotgan korxonalarning 17,5 %) ro’yxatga olingan.
O’zbekistonda aholi jon boshiga to’g’ri keladigan oziq-ovqat mahsulotlari savdosi ko’rsatkichlari nisbatan kam. Buning asosiy sababi respublikada aholining meva, sabzavot, kartoshka, go’sht, sut va boshqa ayrim oziq-ovqat mahsulotlariga bo’lgan talablarining bir qismi shaxsiy tomorqalarda etishtiriladigan mahsulotlar hisobiga qondiriladi. Aholi jon boshiga to’g’ri keladigan tovar oborotida oziq-ovqat mollari va sanoat mollari o’rtasida ham anchagina farq bor. Mustaqillik yillarida mamlakatimiz chakana savdo tovar aylanmasi tarkibida ham o’zgarishlar ro’y bermoqda. 1995-2005 yillarda chakana savdo tovar aylanmasi tarkibida oziq-ovqat tovarlari ulushi tobora kamayib, nooziq-ovqat mollari ulushi tobora o’sib bordi (2000 yilda mos holda 58,4 va 41,6 %; 2005 yilda 53,5 va 46,5 %).
Shuningdek, respublika savdo korxonalarini kengaytirish, aholiga savdo xizmatining yangi, ilg’or usullaridan keng foydalanish, ularni yangi savdo, texnika va uskunalari bilan taminlash, ayniqsa savdo xizmati ko’rsatishdagi hududiy farqlarni mumkin qadar bir-biriga yaqinlashtirish sohasida katta vazifalar turibdi. Yaqin istiqbolda respublikada chakana tovar oborotini yanada oshirish, ko’plab zamonaviy supermarketlar, minimarketlar, savdo markazlari va umumiy ovqatlanish korxonalari, sovuqxonalar va omborlar barpo etishga alohida etibor berish maqsadga muvofiqdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |