Paxta tozalash sanoati mashinasozligi-"O’zbekpaxtamash" birlashmasida shakllangan. Uning tarkibida Toshkent mashinasozlik zavodi (bosh korxona), Andijon "Tojmetall", Kattaqo’rg’on "Paxtamash", Chustdagi "Olmospaxtamash" zavodlari kiradi. Asosiy mahsulotlari (50 turdan ortiq) tayyorlash punktlari va paxta tozalash zavodlari uchun texnologik qurilmalar, paxta tolasini ajratish (jin) mashinalari, chigit saralash va tola tozalagich mashinalari, paxta uzatgichlar va boshqalar hisoblanadi.
To’qimachilik mashinasozligi. To’qimachilik, ya’ni paxtani ikkilamchi qayta ishlash uchun "O’zbekto’qimachilikmash" birlashmasida (1971y.) turli xil mashinalar ishlab chiqariladi. Birlashmada iplik tayyorlash, yigirish, halqali yigirish, yigirish-pishitish mashinalari, pillakashlik uskunalari ishlab chiqariladi.
To’qimachilik mashinasozligining asosiy korxonalari Toshkent to’qimachilik zavodi, Qo’qon to’qimachilik zavodi, Gagarin kukun mahsulotlari zavodidir (Jizzax). Gagarindagi zavod metal kukunlaridan butlovchi qismlar va ehtiyot qismlar ishlab chiqaradi. Tarmoqda 50 turdan ziyod mahsulotlar-yigirish, eshish, pishitish, kalavalash mashinalari ishlab chiqariladi.
Mamlakatda radio elektronika va elektrotexnika sanoati mashinasozligi ham tez surO’atlar bilan rivojlanmoqda. Sanoatning mazkur tarmoqlariga II jahon urushi yillarida asos solingan. Toshkent kabel zavodi (hozirgi "O’zkabel’" davlat aksionerlik jamiyati), Toshkent radiolampa zavodi ("Foton" aksionerlik jamiyati) aloqa dala simlari, generatorlar, qabul qiluvchi va kuchaytiruvchi radiolampalar, Chirchiq transformator, Toshkent elektrotexnika va "Mikond" zavodlari radiodetallar, transformatorlar, elektrotexnika sanoati uchun shisha izolyatorlar va boshqa uskunalar ishlab chiqarmoqda.
"Zenit" zavodi 1986 yildan boshlab EHMlar uchun mikroelektronika elementlari, mikrosxemalar, masofadan turib boshqarish tizimlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Ushbu zavod 1991 yildan boshlab Janubiy Koreyaning "Goldstar" firmasi bilan hamkorlikda videomagnitofon va videopleerlar hamda XXR ning SinO’szyan 1-radio zavodi bilan hamkorlikda rangli televizorlar ishlab chiqarishni ham yo’lga qo’ydi.
O’zbekiston mashinasozlik sanoati mustaqillik sharofati bilan yildan-yilga yuksalib, uning metallkamtalab (va ayni bir paytning o’zida o’ta sifatli metaltalab), o’ta malakali kadrtalab, nozik va nafis tarmoqlari tobora rivojlanib bormoqda.
Endilikda mamlakatda shu xil mashinasozlikning "O’zkabel’", "Foton", "Oniks", "Transformator", "O’zelektrapparat", "Andijonkabel", "Algoritm", Jizzax akkumulyator, "Signal" va boshqa zavod va birlashmalarida elektron komponentlar (ya’ni, to’g’rilovchi ustunlar, diodlar, dala tranzistorlari), mikroelektron tuzilmalar, elektron mikrofonlar, kuchlanish kuchaytirgichlar, televizor transformatorlari, kichik voltli asboblar, turli maqsadlarga mo’ljallangan kabellar, simlar, o’zgaruvchan tok elektrodvigatellari, transformatorlar, payvandlash mashinalari, elektr akkumulyatorlari, rangli televizorlar, pleerlar, radiopriyomniklar va boshqa mahsulotlar ishlab chiqariladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |