2-asosiy savol bayoni: Yoqilg’i-energetika majmui. Mamlakat yoqilg’i-energetika majmuiga-gaz, neft, ko’mir va energetika sanoatlari kiradi. Bu sanoat majmuining mamlakat sanoat ishlab chiqarishdagi hissasi 27,4 foizga teng. O’zbekistonning g’arbiy va janubiy hududlarida topilgan neft, gaz va ko’mir konlarining katta zahiralariga tayanib yildan-yilga mazkur sanoat tarmoqlari tez rivojlantirilmoqda. Qidirib topilgan gaz zahiralari 2 trillion kubometrga yaqin, ko’mir zahiralari esa 2 milliard tonnadan ortiq. Respublikamiz neft zahiralariga ham boy.
Neft, gaz va elektr energiya o’z ehtiyojlarimizni to’la ta’minlabgina qolmay, ko’p miqdorda eksport ham qilinadi. Hozir bu majmua kapital mablag’ sarflash hamda chet el investitsiyalarini jalb etishning eng foydali sohalaridan biri bo’lib qoldi. Mazkur sanoat majmui ikki guruhga: yoqilg’i va elektr energetika sanoatiga bo’linadi. Yoqilg’i-energetika majmuasi (yoqilg’i sanoati tarmoqlari: gaz, neft, ko’mir, torf, slanets va elektroenergetika: gidroelektrostantsiyalar, issiqlik elektrostantsiyalar, atom elektrostantsiyalar).
Yoqilg’i-energetika balansi deyilganda-turli xil yoqilg’ilarni qazib chiqarish va ishlab chiqarilgan energiya (kirim) hamda ulardan iqtisodiyotda foydalanish (sarf qilish) nisbati. Yoqilg’i sanoati - O’zbekiston og’ir sanoatining muhim tarmoqlaridan biri bo’lib, u tabiiy gaz, neft, ko’mir qazib chiqarishni va ularni qayta ishlashni hamda tayyor mahsulotni iste’molchilarga etkazib berishni o’z ichiga oladi. 1950-yillarda O’zbekistonda jami 9 mln kub metr tabiiy gaz qazib chiqarilgan bo’lsa, endilikda yiliga qazib olinayotgan gaz 60 mlrd kub metrdan ortdi. Respublikada 160 dan ortiq neft va gaz konlari ochilgan. Ulardan 115 tasi Buxoro-Xiva havzasida, 27 tasi Farg’ona vodiysi, 10 tasi Surxondaryo, 7 tasi Ustyurtda joylashgan. Mazkur konlarning gaz, gaz-kondensatli, gaz-neft, neft, gaz-neft kondensatli va neft-gaz kondensatli turlari mavjud.
O’zbekiston yoqilg’i-energetika sanoatining yirik-yirik konlari va ularning zahiralari chet ellik mutaxassislar bilan hamkorlikda o’rganilib, iqtisodiy jihatdan baholanmoqda hamda qazib olinib, qayta ishlanmoqda. Mutaxassislar baholashicha, O’zbekistonning er ostida juda katta neft va gaz qatlamlari bor. Respublika hududining qariyb 60 foizida ularni istiqbolda qazib olish mumkin. Neft va gaz mavjud bo’lgan beshta asosiy mintaqani ajratib ko’rsatish mumkin. Bular: Ustyurt, Buxoro-Xiva, Janubi-G’arbiy Hisor, Surxondaryo, Farg’ona mintaqalaridir. Neft va gaz resurslarining zahiralari bir trillion AQSh dollaridan ziyod baholanmoqda. Rivojlanishning hozirgi bosqichida mamlakat huhudidan topilgan 70 dan ortiq neft, gaz va gazkondensatli konlardan hamda mavjud uchta ko’mir konidan foydalanilmoqda. 50 dan ortiq neft, gaz va gazkondensat konlar esa foydalanishga tayyorlab qo’yilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |