3-asosiy savol bayoni: O’zbekiston 1991 yil 31 avgustda o’z mustaqilligini e’lon qildi va o’zining chinakam yangi taraqqiyot davrini boshladi. Respublikamizning siyosiy mustaqillikka erishuvi, mamlakatimiz iqtisodiy hayotida ham keskin o’zgarishlar bo’lishiga sabab bo’ldi. Mustaqillikka erishilgan dastlabki kunlardan boshlab, bir tomonlama rivojlanishga qaratilgan planli iqtisodiyotdan voz kechib, bozor iqtisodiyotiga asoslangan jamiyat qurish yo’liga o’tildi.
O’zbekiston milliy iqtisodiyotining tuzilishi:
1. Moddiy ishlab chiqarish sohalari: sanoat, qishloq xo’jaligi, transport, qurilish, aloqa va savdo.
2. Moddiy nemat ishlab chiqarmaydigan sohalar:
a). fan, ta’lim, sog’liqni saqlash, jismoniy tarbiy va sport, san’at;
b). Uy-joy xo’jaligi, maishiy xizmat, dam olish maskanlari, boshqaruv idoralari.
Sanoat: a). Og’ir sanoat: yoqilg’i, elektroenergetika, qora metallurgiya, rangli metallurgiya, mashinasozlik, kimyo va qurilish materiallari. b). Engil sanoat: to’qimachilik, tikuvchilik, poyabzalchilik, matbaachilik, oziq-ovqat. Qishloq xo’jaligi: Dehqonchilik (g’allachilik, paxtachilik, sabzavotchilik, uzumchilik, bog’dorchilik). Chorvachilik (qo’ychilik, qoramolchilik, parrandachilik, yilqichilik, pillachilik). Transport (quruqlik, suv yo’llari, quvur transporti, havo yo’llari, elektron). Quruqlik (temir yo’l, avtomobil). Suv yo’llari (dengiz, daryo). Quvur transporti (neft quvurlari va gaz quvurlari).
Bizga ma’lumki mamlakatimiz iqtisodiyoti ko’p tarmoqli hududiy ishlab chiqarish majmuidan iborat bo’lib, uning poydevorini ixtisoslashgan tarmoqlar tashkil etadi. Yoqilg’i, mashinasozlik, rangli va qora metallurgiya, kimyo, engil va oziq-ovqat sanoati kabilar ana shunday makroiqtisodiy tarmoqlar turlariga kiradi.
O’zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida iqtisodiy taraqqiyot uchun zarur bo’lgan imkoniyatlar mavjudligi jihatidan ajralib turadi. Eng avvalo tabiiy geografik sharoitning qulayligi zaminimizda Mendeleev davriy jadvalining deyarli barcha elementlarining topilganligi, serunum erlarimiz borligi va ayniqsa xalqimizning mehnatsevarligi milliy iqtisodiyotning barcha tarmoqlarini rivoj topishiga olib kelgan.
Respublika iqtisodiyoti o’zining ma’lum tarixiga ega. Sobiq Ittifoq mavjudligida hayotning barcha jabhalari markaz tomonidan "tartibga" solinib turilar edi. Har qanday katta-kichik masalalar markaz aralashuvisiz bajarish mushkil edi. Qator asosiy boyliklarimiz, jumladan, oltin, paxta kabilarning taqdiri markaz ixtiyorida edi.
Mamlakatimiz mustaqillikka erishuvi tufayli yuqorida aytib o’tilgan kamchilik-nuqsonlarni tugatish borasida muhim chora-tadbirlar amalga oshirildi. Hayotimizning barcha jabhalarida, shu jumladan iqtisodiyotda katta ijobiy o’zgarishlar ro’y berdi.
Respublikamizda bozor munosabatlariga o’tishning o’ziga xos modeli shakllantirildi. Ushbu modelning eng asosiy tomonlari mamlakatimiz Prezidenti asarlari va farmonlarida, davlat tomonidan qabul qilingan qonunlar, hukumat qarorlarida o’z aksini topgan. I.A.Karimov tomonidan olg’a surilgan besh tamoyil o’z mohiyatiga ko’ra katta o’rin tetadi. Bu tamoyillar iqtisodiyotning siyosatdan ustivorligi; davlatning bosh islohotchi bo’lishi; hayotning barcha sohalarida qonunning ustuvorligi; kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirilishning zarurligi; bozor iqtisodiyotiga bosqichma-bosqich o’tishdan iboratdir. Mazkur tamoyillar davlatimiz va iqtisodiyot tarmoqlari taraqqiyotining negizini tashkil etadi. Ularni hayotga tadbiq qila borish tufayli turli jabhalarda, shu jumladan iqtisodiy rivojlanish borasida sezilarli ijobiy natijalar qo’lga kiritilmoqda. Sanoat va qishloq xo’jalik tarmoqlari rivoj topmoqda.
Bozor iqtisodiyoti talablari Respublikada o’rta va kichik biznes faoliyati, tadbirkorlik, ishbilarmonlik keng tus olmoqda, mulkchilikning turli shakllari vujudga kelmoqda, ishlab chiqarishda davlat tasarufidagi faoliyatlar doirasi toraya borib nodavlat sohasi keng rivojlanmoqda. Endilikda mamlakat iqtisodiy salohiyatida turli xil mulkchilik formalari shakllanmoqda. Xo’jalik yurituvchi sub’ektlar tarzida faoliyat ko’rsatayotgan ushbu korxonalarning soni yil sayin ortib bormoqda. YaIM umumiy hajmining 83,6 foizi iqtisodiyotning nodavlat sektorida ishlab chiqarildi (2012 yil). Iqtisodiyotda band bo’lganlarning 80,0 foizi nodavlat sektorga to’g’ri keladi. Iqtisodiyot tarmoqlari bo’yicha kichik tadbirkorlik (biznes) ning ulushi quyidagicha: YaIM-42,6, sanoat mahsulotida-21,2, qurilish ishlarida-75,1, chakana savdo aylanmasida-46,3, aholiga pullik xizmat ko’rsatishda-42,1 foiz. Ro’yxatga olingan kichik korxona va mikrofirmalar soni-249694 ta (fermer xo’jaliklarsiz). Ro’yxatga olingan yuridik shaxslarning mulkchilik shakllari bo’yicha taqsimlanishi (fermer xo’jaliklarsiz)-302665 ta, shundan 13,0-foizi davlat, 87,0-foizi nodavlat. Ro’yxatga olingan yuridik shaxslarning nodavlat mulkchilik shakllari bo’yicha taqsimlanishi (fermer xo’jaliklarsiz) hududlar miqyosida quyidagicha: respublika-87,0, Qoraqalpog’iston Respublikasida-82,7, Andijon viloyatida-87,1, Buxoro viloyatida-84,9, Jizzax viloyatida-81,9, Qashqadaryo viloyatida-93,8, Navoiy viloyatida-83,0, Namangan viloyatida-83,6, Samarqand viloyatida-77,9, Surxondaryo viloyatida-81,0, Sirdaryo viloyatida-83,0, Toshkent viloyatida-86,0, Farg’ona viloyatida-84,7, Xorazm viloyatida-85,0, Toshkent shahrida-93,7 foizga to’g’ri kelgan (2012 yil).
O’zbekiston iqtisodiyoti tubdan isloh qilinishi bilan uning etakchi tarmoqlarida, bir tomondan, yalpi mahsulot ishlab chiqarish hajmida keskin o’zgarishlar kuzatilmoqda, ikkinchi tomondan esa, yil sayin davlat sektorining hissasi nodavlat sektoriga nisbatan tushib borishi kuzatilmoqda (7-jadval).
Shuni eslatib o’tish joizki, mustaqillikning dastlabki yillarida boshqa MDH davlatlaridagi kabi bizning respublikamiz ham anchagina iqtisodiy qiyinchiliklarni boshidan kechirdi. Ular bozor iqtisodiyotiga o’tish munosabati bilan xo’jalikda tarkibiy qayta qurish, sobiq Ittifoq respublikalari bilan iqtisodiy kooperatsiya va ixtisoslashuv aloqalarning uzilishi, hamda boshqa ob’ektiv va sub’ektiv sabablar tufayli sodir bo’lgan edi. Sobiq Ittifoq davlatlari orasida O’zbekiston o’tish davridayoq iqtisodiy barqarorliknigina emas, hatto uning o’sishini taminlagan yagona mamlakat bo’lib kelmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |