Sariq baqiroq maymunning og’irligi 9 kg. Ular ham 20-30 tadan poda bo`lib, daraxt shoxlarida hayot kechiradi. Erkagi o`z yashash joylarini 3-5 km gacha eshitiladigan baqiroq tovush chiqarib muhofaza qiladi. Ular daraxtlarda yashaydigan har xil mayda hayvonlar bilan oziqlanadi. Urg’ochilari har yili 1 ta dan bola tug’adi. Mahalliy aholi bu maymunning go`shtini iste`mol qiladi.
Uzun burunli maymunning bo`yi 55-72 sm, dumi 66-75 sm va og’irligi 12-14 kg keladi. Burni ancha uzun, shuning uchun ham uzun burunli maymun deyiladi. Daryo bo`ylarida oziqlanayotganida juda baland ovozda «kaxau-kaxau» degan tovush chiqaradi, shu sababli uzun burunli maymunlarni boshqachasiga kaxaular ham deyiladi. Ular to`da bo`lib (30 talab) daraxt shoxlarida yashaydi. Har xil mevalarni yeydi. Gajakdumlilar va o`ynoqi maymunlarning burun aro to`siqlari serbar bo`ladi, shu sababli bu maymunlar keng burunli maymunlar deb ataladi.
231-rasm. Yuksak maymunlar vakillari: 1-o`ynoqi yoki marmozetka, 2-dumsiz makak yoki magota, 3-qora revun, 4-babuin (pavianlardan), 5-martishka, 6-ilmoq dumli maymun.
Tor burunli maymunlar guruhi vakillarining bosh miyasi katta va murakkab bo`lishi, dumining gajak bo`lmasligi (dumi bo`lmasligi ham mumkin), bir-biriga yaqin va oldinga qarab turadigan burun teshiklari borligi bilan xarakterlanadi. Tishi 32 ta bo`ladi.
Tish formulasi: ta
Tor burunli maymunlar guruhiga 100 ga yaqin tur kiradi, 4 ta oilasi bor. Ular Afrika va Janubiy Osiyoda tarqalgan.
Martishkalar (Cercopithecidae) oilasiga mayda va o`rtacha kattalikdagi tuban tor burunli maymunlar kiradi. Tor burunli maymunlarning eng keng tarqalgan oilasi hisoblanadi. Lunj xaltalari nihoyatda yaxshi rivojlanganligi bilan xarakterlanadi.
Bo`yi 20 sm dan 100 sm gacha, dumining uzunligi bir necha sm dan 100 sm gacha va undan ham uzun bo`ladi. Erkagi urg’ochisiga nisbatan yirik bo`ladi. Ularning bosh miyasi kichik, dumi uzun, quymich qadoqlari yaxshi taraqqiy etgan. Martishkalar oilasining 20 ta urug’i va talaygina turlari bor. Ko`pchiligi o`rmonda, daraxtlarda hayot kechiradi, mevalar bilan oziqlanadi. Vakillariga: Afrika martishkalari (Cercopithecus), Osiyo makakalari, pavianlar (Papio) va mandrillalar kiradi.
Oxirgi vakillari hasharotlar va mayda sutemizuvchilar bilan oziqlanadi. Makakalar, asosan Janubiy Osiyo maymunlari hisoblanadi. Ular daraxt ustida ham, yerda ham yashaydi. Pavianlar esa, asosan yerda yashaydi. Bularning orasida makak rezus (Macaca mullata) keng tarqalgan, ular Janubiy Osiyoda gala-gala bo`lib yashaydi. Dunyodagi hamma hayvonot bog’larida bor.
Do'stlaringiz bilan baham: |