Shimpanze (Pan troglodytes)ning bo`yi 1,5 m atrofida, og’irligi 50-60 kg keladi. Ularning erkagi va urg’ochisining tomog’i ostida oq jun o`sadi. Qo`li oyog’iga nisbatan ancha uzun. Bosh barmog’i boshqa barmoqlariga nisbatan ancha qisqa bo`ladi. Qulog’i odamnikiga o`xshash. Shimpanzelar ham daraxtda yashaydi, lekin kunduzi ko`p vaqtini yerda o`tkazadi.
Yerda to`rt oyoqlab yuguradi. Ular ham daraxt shoxlari orasida uya yasab dam oladi, kunduzlari dam olish uchun yerga ham uya quradi. Shimpanzelar o`simlikxo`r, har xil mevalar, barglar, yosh novdalar va daraxt po`stloqlarini yeydi. Oila bo`lib, ba`zan to`da bo`lib yashaydi. Rangi qora, yuzi yalang’och bo`ladi. O`rmonda shimpanze oilalari uchrashib qolsa, juda hursandchilik bilan bir-birlarini qarshi oladilar. Bunday paytda boshlaridagi junlari tikka bo`lib ko`tariladi, ular qarsak chaladi, qo`l berib yoki bir-birlarini quchoqlab ko`rishadi. Erkak shimpanze 7-8
yoshida, urg’ochisi esa 6-10 yoshida voyaga yetadi, bo`g’ozlik davri 225 kun. Tug’ilgan bolasi nimjon va junsiz bo`ladi, onasi bolasiga bir necha oy g’amxo`rlik qiladi. Shimpanzelar tropik Afrika o`rmonlarida daraxtda va yerda yashaydi. 50-60 yil umr ko`radi.
Gorilla (Gorilla gorilla) ham Afrika o`rmonlarida yashaydi. U odamsimon maymunlar ichida eng yirigi hisoblanadi. Erkaklarining bo`yi 180-200 sm, og’irligi 200-250 kg keladi. Ular ham to`da-to`da bo`lib yashaydi. Gorillaning oldingi oyog’i shimpanzeniki singari uncha uzun emas, yerda egilib, shimpanze singari to`rt oyog’iga tayanib yuradi, qulog’i ham qisqaroq bo`ladi.
Ular mevalar bilan oziqlanadi, daraxtlarda uya yasab yashaydi. O`rmonda yashasa ham, hayoti daraxtga unchalik bog’liq emas. Gorillalar uyqudan kech uyg’onadi va darhol oziqlanish uchun tarqaladi. Ular kunning birinchi yarmida oziqlanib to`ygandan keyin yerdagi uyasida dam oladi. Ona gorillalar bolalarini, bolalari esa onalarining junini tozalaydi. Erkaklari urg’ochilarini va urg’ochilari erkaklarining junini hech qachon tozalamaydi. Ular faqat majbur bo`lganda hujum qiladi. Yiliga bir marta og’irligi 1700-1800 g keladigan 1ta bola tug’adi. Bolasi junsiz tug’iladi. U 3 yilgacha onasi bilan birga yashaydi. Gorillalar 30-35 yil umr ko`radi. Hozirgi vaqtda dunyo bo`yicha 1500 taga yaqin gorilla qolgan. Gorilla va Shimpanzelarning 13 juftdan qovurg’asi bor. Ular mevalar, yong’oqlar va ildiz mevalari bilan oziqlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |