Katta qon aylanish doirasining venalari. Orqa oyoqlardan keladigan venoz qon juft son venasiga yig’iladi. Bu venalar chanoq oldida bir-biriga qo`shilib, toq keyingi kovak venani hosil qiladi. Shunday qilib, barcha sutemizuvchilardagi kabi quyonda ham buyrakning qopqa sistemasi yo`q bo`lib ketgan. Keyingi kovak vena umurtqa pog’onasi bo`ylab yurakka yo`naladi va yo`l-yo`lakay gavda devori (teri va muskullar) bilan organlardan chiqqan bir qancha venalarni o`ziga qo`shib oladi. O`ng yurak bo`lmasiga quyilish joyining oldida esa unga ikkita jigar venasi ham kelib qo`shiladi.
Ichki organlar (ichak, oshqozon, qora jigar-taloq) dagi venoz qon jigar qopqa venasiga yig’iladi. Bu vena jigarda kapillyarlarga bo`linib, jigarning qopqa sistemasini hosil qiladi; keyin ular yana bir-biriga qo`shilib yuqorida aytib o`tilgan bir juft jigar venalarini vujudga keltiradi va keyingi kovak venaga qo`shiladi. Gavdaning oldingi qismidan keladigan venoz qon juft venalar o`ng va chap katta oldingi kovak venalarga yig’iladi, bu venalar ham venoz qonni o`ng yurak bo`lmasiga olib boradi. Bu kovak venalarning har biri oldingi oyoqlardan qon olib keluvchi o`mrov osti venasi bilan boshdagi venoz qonni yig’uvchi tashqi va ichki bo`yinturuq venalarining qo`shilishidan hosil bo`ladi.
Sutemizuvchilarning qizil qon tanachalari yetilgan vaqtda yadrosi bo`lmasligi bilan boshqa barcha umurtqali hayvonlarning qizil qon tanachalaridan farq qiladi.
Sutemizuvchilar yuragining kattaligi ham har hil bo`lib, u hayvonning hayotiga va moddalar almashinuvi jadalligiga bog’liq. Masalan: kashalotning yurak indeksi (yurak massasining umumiy gavda massasiga nisbati) 0,3; Afrika filida 0,4; yalqovda 0,3; malla dala sichqonida 0,6; ko`rshapalakda 1,2-1,4; yerqazarda 1,4 ga teng. Yurak faoliyatining jadalligi bilan bir qatorda sutemizuvchilarda qon bosimi ham baland bo`ladi. Dengiz filida-120/90 mm simob ustiniga teng, kalamushlarda -130/90, itlarda -112/56 mm simob ustuniga teng bo`ladi. Bu ko`rsatkichlar sudralib yuruvchilarning tangachalilar turkumi vakillarida-14/10…80/60 va amfibiyalarda 22/12…30/25 mm simob ustuni atrofida bo`ladi (Prosser va bosh.,1978).
Sutemizuvchilarda qonning miqdori ham, tuban umurtqalilarnikiga nisbatan ko`p bo`ladi. Sutemizuvchilarda yurak urish tezligi ham har xil. Masalan: sichqonlarda bir minutda yurak urish tezligi 600 ga, itlarda 140 ga, qo`ylarda 70-80 ga, sigirlarda 43 ga, fillarda 24 ga teng. Suvda yashovchi darrandalarning yurak urishi suvga tushganda pasayadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |