Sezgi organlari. Sutemizuvchilarda eshitish organlari ancha murakkab tuzilgan. Unda uchta bo`lim bo`ladi, chunki quruqlikda yashovchi boshqa barcha umurtqali hayvonlarga xos bo`lgan ichki va o`rta quloqdan tashqari, darrandalarda yana tashqi quloq suprasi va tashqi eshituv yo`li ham hosil bo`ladi. Quloq suprasi faqat suvda va yer ostida yashovchi sutemizuvchilarda (kit, aksariyat kurakoyoqlilar, ko`rsichqonlarda) bo`lmaydi.
Tashqi quloq nog’ora suyak bilan o`ralgan uzun paydan iborat, uning bir uchi tashqariga ochilsa, ikkinchi uchi nog’ora parda bilan qoplangan. O`rta quloqda uchta eshituv suyakchalari bor va ular bir-biriga harakatchan tarzda zanjirday tizilib turadi. O`rta quloqda nog’ora parda tebranishi natijasida ovoz ichki quloqqa o`tadi. Quloq chig’anog’i yaxshi taraqqiy etgan bo`lib, qorinoyoqli mollyuskalarning chig’anog’iga o`xshash spiral bo`lib o`raladi. Uning ichida kortiev organi yuzaga keladi, unda ingichka bir necha minglab tolalar bor. Sutemizuvchilarda tog’ay quloq suprasi bo`lib, u tovush to`lqinlarini yig’ib olish vazifasini bajaradi.
Ayrim sutemizuvchilarda tovush lokatsiyasi (exolokatsiya) xususiyati borligi aniqlangan. Exolokatsiya qobiliyati ko`rshapalaklarda, kitsimonlarda (delfinlarda), kurakoyoqlilarda (tyulenlarda) va yerqazarlarda borligi aniqlangan.
Hid bidish organi. Sutemizuvchilarda hid bilish organi yaxshi taraqqiy etgan. Hid bilish organi yordamida ular oziq axtaradi, erkak va urg’ochilari bir-birini hididan topadi, xavf-xatardan o`zlarini muhofaza qiladi, fazoda orientatsiya oladi. Sutemizuvchilarda bu organning burun bo`shlig’idagi oldingi nafas bo`limi ham keyingi haqiqiy hidlov bo`limi ham murakkab tuzilgan. Kitlarda hidlov organi reduktsiyalangan, tyulenlarda esa yaxshi taraqiy etgan hidlov organi bor. Hidlov bo`limi nafas bo`limidan keyin joylashgan va hidni bir necha yuz metrdan va hatto yer ostidan sezadi.
Ko`rish organi. Sutemizuvchilarning ko`rish organi, aksincha boshqa sezgi organlariga nisbatan soddaroq tuzilgan, ko`z tarog’i bo`lmaydi va akkomodatsiya hodisasi kipriksimon muskullarning qisqarishi natijasida ko`z gavhari shaklining o`zgarishi tufayli sodir bo`ladi. Lekin maymunlarda hamda ochiq joylarda hayot kechiradigan boshqa darrandalarda ko`rish organlari ancha yaxshi rivojlangan. In qazib yer ostida yashaydigan sutemizuvchilarning ko`zi rivojlanmay qolgan. Masalan: ko`rsichqonlarnning ko`zi teri ostida bo`lsa, xaltachali krotlarning ko`zi butunlay yo`q bo`lib ketgan.
Sutemizuvchilarda ikki ko`zni fokusini bir predmetga to`g’irlash layoqati bor. Xolbuki boshqa umurtqali hayvonlarning har qaysi ko`zi alohida-alohida ko`radi. Ikkinchidan bosh miya yarimsharlarining ensa bo`limida yangi ko`ruv markazlari paydo bo`lgan. Bundan tashqari sutemizuvchilarda ekologik xususiyatlarga muvofiq, ya`ni tirikchiligini tunda yoki kunduzi o`tkazadigan sutemizuvchilar ko`zining tuzilishi va funktsiyasi turlicha bo`ladi. Tungi sutemizuvchilar ko`z olmasining ko`p qismini ishg’ol etadigan gavhari katta bo`lganligidan bu hayvonlarning ko`zlari juda o`tkir bo`ladi. Kunduzgi hayvonlarda bu hususiyat aksincha moslashishi natijasida yuzaga keladi. Ularda ko`z olmasining ichidagi bo`shliq xuddi odamnikidek juda katta, ko`z gavhari esa juda kichik bo`ladi. Kitlarda ko`z yaqin masofadan ko`rishga moslashgan. Shu bilan birga, sutemizuvchilarda muhim moslamalar – binokulyar ko`rish, ya`ni ikki ko`zning fokusini bir predmetga to`g’rilash layoqati yuzaga keladi, boshqa umurtqali hayvonlarning ensa bo`limida ikkilamchi yangi ko`rish markazi paydo bo`ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |