Muskul sistemasi. Sutemizuvchilarning muskullari yuksak darajada differentsiallashgan va ko`p miqdordagi turli-tuman muskullardan tashkil topgan. Sutemizuvchilarda terining muayyan qismini harakatga keltiruvchi muskullar kuchli rivojlangan. Ularning harakatga kelishi tufayli junning ho`rpayishi, vibrissalarning harakatiga va tikanlarning ko`tarilishiga imkon beradi. Masalan: ot va eshaklar teri osti muskullari yordamida hatto terisining ozgina bir qismini ham harakatga keltira oladi. Lunj va lablarni xosil qilishda ham teri osti muskullari ishtirok etadi. Ozuqani tutish va unga mexanik ishlov berish bilan bog’liq bo`lgan chaynash muskullari ham kuchli rivojlangan.
Muskullar skelet suyaklariga birikkan bo`ladi. Oldingi va orqa oyoq muskullari va tananing orqa qismidagi muskullar eng yaxshi rivojlangan bo`ladi. Diafragma muskullari ham o`ziga xos bo`lib, ko`krak qafasini qorin bo`shlig’idan ajratib turadi. Diafragmani faqat qizilo`ngach teshib o`tadi. Diafragma faqat sutemizuvchilar uchun xos bo`lib, bir tomondan nafas olish vaqtida ishtrok etadi, chunki pastga tushganda ko`krak qafasi kengayadi, yuqoriga ko`tarilganda esa torayadi. Ikkinchidan diafragma hayvonning tezak chiqarish aktida ham qorin muskullari bilan birga ishtirok etadi. Sutemizuvchilarni yuzida, ayniqsa, primatlarda mimika muskullari kuchli rivojlangan.
Suv muhitida yashovchi sutemizuvchilardan, kitsimonlarda ko`pgina muskullari (yurak, skelet muskullari) organizmda kislorod zahirasini (zapasini) ta`minlovchi mioglobin ko`p miqdorda bo`ladi, natijada bunday darrandalar suv ostida uzoq vaqt qolishini ta`minlaydi.
Skeleti. Sutemizuvchilar skeleti ham quruqlikda yashaydigan boshqa to`rtoyoqli umurtqali hayvonlar skeletiga o`xshash bosh skeleti, umurtqa pog’onasi, ko`krak qafasi, oldingi va orqa oyoqlari hamda ular kamarlari skeletidan iborat bo`ladi (198-rasm).
Bosh skeleti (miya qutisi). Sutemizuvchilarning bosh skeleti to`la suyaklashgan. Ayrim suyaklar bir-biri bilan umrbod saqlanib qoladigan choklar orqali birikadi. Ko`p hollarda suyaklar notekis g’adir-budir yuzali bo`lib, bu yuzaga muskullar birikadi. Quyida tulkining bosh skeleti tuzilishi to`g’risida ma`lumotlar berilgan (199-rasm).
Miya qutisining ensa bo`limi katta ensa teshigini o`rab turadigan bitta ensa suyagidan tashkil topgan. Lekin bu suyak to`rtta mustaqil suyak (toq asosiy ensa suyak, ikkita yon ensa suyak va bitta ustki ensa suyak) ko`rinishida yuzaga kelib, yosh hayvonlarda bir-biriga chok bilan qo`shilgan bo`ladi. Ensa teshigining ikki yonida bittadan ensa bo`rtmasi bor. Bu orqali bosh skeleti birinchi umurtqaga harakatchan tarzda birikadi.
Miya qutisining ostida, ensa suyagining oldida asosiy ponasimon suyak turadi, bu suyakning oldida esa ingichka old-ponasimon suyak joylashgan.
Asosiy ponasimon suyakdan yon tomonlarga chiqqan o`simtalar katta qanotlar va oldingi ponasimon suyakdan hosil bo`lgan yon o`simtalar kichik qanotlar deb nomlanadi. Bu o`simtalar ko`zlararo to`siqning pastki qismini tashkil etadi. Ko`z kosasining old tomonida kichkinagina ko`z yoshi suyagi bor. Ko`zlararo yupqa to`siqning ko`p qismini noto`g’ri shaklli plastinkalar ko`rinishidagi juft ko`z-ponasimon suyak bilan qanot-ponasimon suyaklar hosil qiladi. Ular old va asosiy ponasimon suyaklarning ustida turadi. Eshituv bo`limida markazdan suyaklangan juft tosh suyaklar bo`lib, bular asosiy ensa suyagining ikki yonidan joy olgan va pastki tomondan nog’ora suyaklar bilan qoplangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |