135-rasm. Amniotalar embrion pardasining ketma–ket rivojlanish davrlari (I) va rivojlanayotgan kaltakesak (II): 1- ektoderma, 2-endoderma, 3-mezoderma, 4-ichak bo`shlig’i,
5-embriondan tashqaridagi bo`shliq, 6-amnion, 7-amniotik suyuqlik bilan to`ldirilgan va embrion joylashgan amniotik bo`shliq, 8- seroz parda, 9-allontois, 10-sariqlik xaltachasi; (II) 1-amnion,
2-allantois, 3-sariqlik, 4-seroz parda.
Reptiliyalarda tuxumdan tirik tug’ishning asosiy sababi iqlimning sovuqligi deb hisoblanadi. Chunki tuxum sovuqda ona tuxum yo`lida bo`lsa, o`ziga doimiy yuqori haroratli sharoitni topadi. Shu bilan birga, bitta turning o`zi (tibet to`garakbosh kaltakesagi (Phrynocephalees teobaldi) dengiz sathidan 2-3 ming m balandlikda tuxum qo`ysa, 4-5 ming m balandlikda tirik tug’adi. Tirik tug’ishning yana bir sababi sudralib yuruvchilar ayrim turlarining suvda hayot kechirishi hamda qisman daraxt va yer ostida hayot kechirishi bilan bog’liq. Masalan: dengiz ilonlari, ba`zi xameleonlar shular jumlasidandir. Shimolga yaqinlashgan sari va tog’ cho`qqilariga ko`tarilgan sari tirik tug’uvchi sudralib yuruvchilar soni ortib boradi.
Sudralib yuruvchilarda jinsiy voyaga yetish ham turlariga qarab har xil bo`ladi. Masalan: timsohlar va ayrim tur toshbaqalar 8-10 yilda jinsiy voyaga yetadi, ilonlar 3-5 yilda, yirik kaltakesaklar 2-3 yilda va mayda kaltakesaklar esa 9-10 oyda jinsiy voyaga yetadi.
Himoyaviy moslashishlar. Sudralib yuruvchilarning ko`pchilik turlari o`zi yashaydigan muhitga moslasha oladi. Rangini ham shu muhitga moslashtiradi. Lekin ko`zni chalg’itadigan rangdagi turlari ham uchraydi. Gekkon va xameleonlarda moslanish tusi mukammal ko`rinadi. Ko`pgina kaltakesaklar bilan ilonlarning tiniq ranglari moslanish uchun muhim ahamiyatga ega. Xavf tug’ilganda ular tiniq rangli joyini dushmanga ro`para qiladi. Masalan: kapcha ilon bosh qismini baland ko`tarib, bo`ynining ikki yon tomonidan teri burmalarini shishirib, dushman ko`ziga ro`para qiladi. Boshqa ilonlar ham bo`ynini shishiradi. Agamalardan to`garakboshlilar og’zini katta ochib, tomoq xaltachalarini shishiradi. Quloqli to`garakbosh og’iz burchaklaridagi teri burmalarini ko`taradi. Avstraliyada yashaydigan plashli kaltakesak xavf tug’ilganida mantiya ko`rinishidagi teri burmasi juda katta bo`ladi. Toshbaqalarning qalqoni ham himoya moslamasiga kiradi, lekin passiv moslama hisoblanadi.
Aktiv himoyalanish ayrim sudralib yuruvchilarning turq-atvorida ham ko`rinadi. Masalan: ilonlardan charx iloni tez-tez qochib qumga ko`miladi va qumga cho`kib ketgandek ko`rinmaydi. Ba`zi vakillari qo`rqituvchi tovush chiqaradi. Masalan: quruqlikda yashovchi toshbaqalar, ko`plab ilonlar baland ovoz chiqarib vishillaydi. Shaqildoq ilonlar esa dumidagi shox halqalarini shaldiratadi.
Stsinksimon gekkon dumi bilan hushtakka o`xshash tovush chiqaradi. To`garakboshlilar va ayrim kaltakesaklarda himoya uyalari bo`lib, ular bu uyalariga kirib yashirinadi.
Echkemarlar xavf tug’ilganda hujum qiladi, tishlaydi va dumi bilan dushmanini qattiq uradi. Zahartishlilar oilasining vakillari odamni chaqsa, og’ir ahvolga soladi. Zahar bezlari ilonlarda mavjud. Haqiqiy zaharli ilonlarda maxsus tuzilgan tishlari bo`ladi. Ular ikki xil tipda bo`lishi mumkin: orqa novli zahar tishlari bor ilonlarga o`qilon kiradi, unda zahar tomchilari oqib tushadigan novi bo`ladi. O`qilonning zahari sovuqqonli hayvonlarga ta`sir qiladi. Ikkinchi tipdagi zahar tishlar yuqori jag’ suyagining oldingi uchiga o`rnashgan bo`ladi. Ular ichida juda katta kanali bor. Bu ilonlarning zahari issiqqonli hayvonlarga ham qattiq ta`sir qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |