Reptiliyalarning siklliligi. Sudralib yuruvchilarda tinch va faollik davri sutka yoki mavsum davomida almashinib turishi amfibiyalarga nisbatan boshqacharoq. Ularning siklliligi yashash joyining noqulay harorat sharoiti bilan oziq sharoitiga moslanishidir.
Sutkalik siklliligi. Sudralib yuruvchilar issiqsevar umurtqali hayvonlardan bo`lganligi uchun ko`pchiligi o`rta mintaqalarda tirikchiligini, asosan kunduzi o`tkazadi, faqat gekkonlar tunda faol bo`ladi. Tropik sahrolarda esa aksincha, reptiliyalarning ko`pchiligi kechasi faol bo`ladi, chunki kunduzlari issiq bo`ladi. O`rta Osiyoda ba`zan harorat +60С ga нetadi. Bunday haroratda ular halok bo`ladi, ammo sutka davomida sudralib yuruvchilar turar joylarini almashtirib turib, biotopning ayni paytda optimumga yaqin bo`lgan joylarini topadi. Ular ertalab qum tepaliklarining quyosh tushadigan tomonida yuradi, keyin salqin tomonga o`tadi, tuproq qizib ketganda esa qum tepaligining cho`qqisiga o`simliklar shoxlariga chiqib oladi. Aktivlikning sutkalik sikli biologik moslashish bo`lib, har faslda (mavsumda) harorat sharoitiga qarab o`zgarib turadi. Chunonchi bahorda sudralib yuruvchilar kunning eng issiq soatlarida faol bo`ladi. Umuman olganda, sudralib yuruvchilar uchun otimal harorat +20 +40C atrofida bo`ladi.
Mavsumiy (fasl) siklliligi. Bu sikllilik subtropiklarda yashaydigan reptiliyalarda aniq namoyon bo`ladi. Issiq va iliq iqlimli ob-havoda ular ko`payadi, o`sadi, tarqaladi va yog’ zahiralarini to`playdi. Sudralib yuruvchilarda faollik davri harorat sharoitiga qarab cho`ziladi yoki qisqaradi. Masalan: tirik tug’ar kaltakesak (Lacerta vivipara) Janubiy Yevropada 9 oy MDHda 3,5 oy Shimolda esa bundan ham kamroq vaqt faol hayot kechiradi.
Sudralib yuruvchilarning har xil turlarida qishki uyquga ketish muddati ham har xil bo`lib, turning sovuqqa chidamligiga bog’liq. Masalan: oddiy cho`l qora iloni (Vipera berus) bahorda o`zi yashab turgan joydagi ilonlarning hammasidan oldin uyg’onadi va hammasidan keyin uyquga ketadi. Harorat sharoiti qulay bo`lsa, ko`pchilik sudralib yuruvchilar qishki uyquga kirmasligi ham mumkin. Masalan: O`rta Osiyoda odam turgan issiq sharoitlarda agama va gekkonlar butun yil bo`yi uxlamasdan faol hayot kechiradi. Sudralib yuruvchilarning qishlaydigan boshpanalari ham turlicha bo`ladi. Ularning ko`p turlari kemiruvchilar uyasida, yer yoriqlari va kovaklarda qishlaydi.
Suv ilonlari go`ng tepalarida va yerto`lalarda, chipor ilonlar esa ko`pincha, g’orlarda qishlaydi. Botqoqlik toshbaqalari suv tubida qishlaydi. Ba`zi sudralib yuruvchilar yozda ham uyquga ketadi, ammo bu uyqu amfibiyalarga o`xshab nam yo`qligi bilan emas, balki oziq yo`qligi bilan bog’liq. Masalan: O`rta Osiyo sahrolarida yashaydigan O`rta Osiyo cho`l toshbaqasi yozda uyquga ketadi. Mayning oxiri, iyunning boshlarida bu toshbaqalar uchun yeydigan o`simliklar qurib qoladi, shunda ular yerni kavlab uya quradi va shu uyalarda karaxt bo`lib uxlaydi. Bu uyqu qishki uyquga ulanib ketadi. Qishki uyqudan erta bahorda uyg’onadi va tezda ko`payishga kirishadi. May-iyun oylarida urg’ochi toshbaqalar 2-6 tadan 3 marta tuxum qo`yadi. Bulardan avgust-oktyabr oylarida mayda hali ustki va ostki qalqonlari qotmagan toshbaqalar tuxumdan chiqadi.
Sudralib yuruvchilar soni yil sayin uncha katta o`zgarmaydi. Ba`zi hollarda ular yirtqich hayvonlarga yem bo`lishi sababli juda kamayib ketadi. Qishlash joylarida ham ular ko`plab nobud bo`ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |