62-rasm. Seldsimonlar.
Uzoq Sharq dengizlarida shimol seldidan tashqari yana sardina ivasi (Sardinops sabax), Boltiq, Kaspiy va Qora dengizlarda esa kilka (Sprattus sprattus), tyulkalar (Clupionella cultriventris va C.macrophalma) va shprotlar (Sprottus) kabi mayda baliq turlari ham uchraydi. Qora dengizda Anchouslar (Engraulidae) oilasidan qora dengiz anchousi yoki xamsa (Engraulis encrasicolus) yashaydi. Orol dengizida salaka uchraydi.
Losossimonlar (Salmoniformes) turkumi. Losossimonlar turkumiga kiruvchi baliqlarning xarakterli belgilariga yelka suzgich qanoti bilan dum suzgich qanoti orasida teridan iborat skeletsiz yumshoq yog’ suzgich qanotining bo`lishidir. Losossimonlarning o`q skeleti va bosh qutisi qisman suyaklashgan. Bu turkumga o`rtacha va yirik o`tkinchi baliqlar kiradi, ya`ni ular, asosan dengizlarda o`sib, ulg’ayadi, lekin ko`payish uchun daryolarga o`tadi.
Losossimonlarning ko`pchilik turlari Uzoq Sharq dengizlarida yashaydi. Bularga keta (Oncorhynchus keta), bukri baliq (Oncorhynchuc gorbuscha), nerka (Oncorhynchus nerka) va boshqa turlari kiradi.
Atlantika okeanining shimoliy qismidagi Barents va Oq dengizlarda odatdagi Losos yoki Syomga (Salmo salar) yashaydi. Bu baliqning Uzoq Sharq lososlaridan farqi, migratsiya qilib ikra tashlagandan keyin hammasi ham halok bo`lmaydi. Ayrimlari hayoti davomida to`rt martagacha nasl qoldirishi mumkin.
Uzoq Sharqda uchrovchi lososlar esa bir marta tuxum tashlagandan keyin nobud bo`ladi. Chunki bu baliqlar tuxum qo`yish uchun juda uzoq, ya`ni 2 ming km dan ortiq masofani bosib o`tadi va holdan toyadi. Shimoliy dengizlarda hamda Qora va Kaspiy dengizlarida syomgaga yaqin bo`lgan tur – kumja (Salmo trutta) uchraydi. Bu baliq migratsiya qilib daryoga kiradi.
Chuchuk suvli daryolarda kumjalarning mayda turlaridan biri forel, ya`ni gulmoy (Salmo trutta fario) yashaydi. O`zbekistonda gulmoy, asosan Sirdaryo va Amudaryoda uchraydi. Ular ba`zan daryolardan tog’li ko`llarga ham o`tadi.
Lososlar oilasi orasida haqiqiy chuchuk suvlarda yashovchi vakillari ham bor. Ularga siga (Coregonus), omul va taymenlar kiradi. Lososlar kam miqdorda uvildiriq tashlaydi. Masalan: ketalar 3-4 mingtagacha, gorbushalar esa 1-2 mingtagacha ikra tashlaydi. Bu baliqlar uvildiriqlarini suvni tagidagi balchiqlarga yoki qumning tagiga ko`mib qo`yadi. Yosh baliqchalar daryolarda qishlab qoladi, bahor kelishi bilan ular dengizlarga suzib o`tadi. Lososlar katta ov ahamiyatiga ega. Chunki bu baliqlarning go`shti mazali bo`ladi, undan tashqari lososlardan qizil ikra ham olinadi. Ularning ikrasi osyotrlarning ikrasidan keyin sifati va mazasi jihatidan ikkinchi o`rinda turadi. Lososlar kam miqdorda tuxum qo`yishini hisobga olib, hozirgi paytda ularni sun`iy usulda ko`paytirish chora tadbirlari ko`rilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |