Umumiy tavsifi. Suyakli baliqlar sinfi vakillari yer yuzidagi barcha suv havzalarida tarqalgan. Suyakli baliqlar umurtqali hayvonlar kenja tipi orasida eng ko`p turlarni (20 mingga yaqin tur) o`z ichiga oladi. Shuningdek, baliqlar katta sinfiga kiruvchi turlarning 97% dan ortig’i suyakli baliqlar sinfiga kiradi. Suyakli baliqlarning terisida suyak, ayrimlarida ganoid va kosmoid tangachalar rivojlangan, ularda hech qachon plakoid tangachalar bo`lmaydi. Ba`zi turlarida terisi yalang’och bo`ladi. Skeleti hamma vaqt u yoki bu darajada suyaklashgan. Jabralari ustidan suyakli jabra qopqog’i bilan yopilgan. Suyakli baliqlarning ko`pchiligida jabralararo to`siqlari ma`lum darajada reduktsiyalangan va jabra yaproqlari bevosita jabra yoylarida joylashgan. Ko`pchilik suyakli baliqlarda embrional rivojlanish davrida ichakning orqa tomonida bo`rtma sifatida hosil bo`lgan suzgich pufagi bor va u muhim gidrostatik organ hisoblanadi. Suyakli baliqlarda otalanish tashqi. Tuxumi (ikrasi) mayda, shox moddali qobig’i yo`q. Tirik tug’adiganlari juda kam. Ichagida spiral klapanlari yo`q, uning o`rniga ko`pchilik suyakli baliqlar ichagida ko`r (pilorik) o`simtalar paydo bo`lgan. Tog’ayli baliqlar yuragidagi arterial konus o`rniga suyakli baliqlarda aorta piyozchasi bo`ladi.
Sistematikasi. Suyakli baliqlar sinfi sistematikasi to`liq hal qilinmagan. Hozirgi vaqtda zoolog olimlar o`rtasida bu sinf klassifikatsiyasi to`g’risida bir to`xtamga kelinmagan. Shunga qaramasdan, ko`pchilik zoologlar suyakli baliqlar sinfini 4 ta kenja sinfga bo`lishadi: 1.Tog’ay – suyakli baliqlar (Chondrostei) kenja sinfi. 2. Shu`laqanotlilar (Actinopterygii) kenja sinfi.3. Ikki xil nafas oluvchilar (Dipnoi) kenja sinfi. 4. Panja qanotlilar (Crossopterygii) kenja sinfi.
III.5. TOG’AY – SUYAKLI BALIQLAR (CHONDROSTEI)
KENJA SINFI
Tog’ay – suyakli baliqlar (Chondrostei) kenja sinfiga oz miqdordagi baliqlar turi kirib, sodda tuzilishini saqlab qolgan qadimgi baliqlardan hisoblanadi. Ular bir qator belgilari bilan tog’ayli baliqlarga o`xshaydi. Ko`pchilik turlari akulalarga o`xshash duksimon shaklida bo`ladi. Tog’ay – suyakli baliqlar boshining uchida ham rostrumi bor, shu munosabat bilan ularning og’iz teshigi boshining pastki tomonida ko`ndalangiga joylashgan. Dum suzgich qanoti bir xil emas, yuqorigi pallasi keng va katta, ya`ni geterotserkal tipda. Juft suzgich qanotlari gorizontal holda turadi. Tangachalari o`ziga xos bo`lib, katta-katta suyak bo`rtmalardan iborat. Bu suyak bo`rtmalari gavdasi bo`ylab besh qator bo`lib o`rnashgan. O`q skeletining asosini xorda tashkil qiladi va xorda ularda bir umrga saqlanib qoladi. Umurtqalarining tanasi rivojlanmagan, ammo umurtqalarining ustki va pastki tog’ayli ravoqlari bor. Birlamchi bosh skeleti deyarli tog’aydan tuzilgan, lekin miya qutisining usti qoplag’ich suyaklardan, ya`ni teri suyaklardan iborat. Jabra apparati suyakli jabra qopqog’i bilan yopilgan. Ichagida spiral klapanlari bor. Suzgich, ya`ni havo pufagi bo`lib, u kanal orqali qizilo`ngach bilan qo`shilgan. Yuragida arterial konus saqlangan. Ularda qo`shilish organlari yo`q. Shuning uchun ham otalanish tashqi, ikrasi mayda bo`ladi.
Tog’ay – suyakli baliqlar kenja sinfiga osyotrsimonlar, ya`ni baqrasimonlar (Acipenseriformes) turkumi va osyotrlar, ya`ni baqralar (Acipenseridae) hamda kurakburunlar (Polyodontidae) oilalari kiradi. Osyotrlar oilasining 3 ta avlodi va 25 ta turi bor. Shulardan 13 ta turi MDHda uchraydi (50-rasm).
Tashqi ko`rinishiga ko`ra osyotlar akulalarga ancha o`xshab ketadi. Ularning rostrumi uchli o`tkir, og’zi kichkina, voyaga yetgan turlarida tishlari yo`q. Bu oilaga uzunligi 9 m va og’irligi 1400 kg gacha keladigan ulkan beluga (Huso huso)ni misol qilib olish mumkin. Bunday bahaybat beluganing har biridan 350 kg gacha qora ikra olinadi. Bu oilaga yana uzunligi 4 metrgacha boradigan O`zoq Sharq kalugasi, uncha katta bo`lmagan sterlyad, uzun qazg’ich burunli sevryuga, rus osyotri, keng va yapaloq qazg’ich burunli qilquyruq yoki soxta kurakburun kiradi.
Rus osyotri Qora va Kaspiy dengizlari havzalarida tarqalgan. Sibir osyotri Rossiyaning shimoldagi daryolarida uchraydi. Amur osyotri Amur daryosida tarqalgan. Osyotrlarning uzunligi 40 sm dan 1,5 m gacha, og’irligi esa 100 kg gacha boradi. Sevryuga MDHda Azov, Qora va Kaspiy dengizlarida uchraydi. Tumshug’i juda uzun sterlyad Kaspiy va Qora dengizlari daryolarida hamda Shimoliy Muz okeanida tarqalgan. Uning uzunligi 20 sm gacha boradi. Yevropa belugasi Kaspiy va Qora dengizlarda, uzoq Sharq belugasi (ko`pincha kaluga deb ataladi) esa Amur daryosi havzalarida yashaydi. Beluga 100 yildan ortiq umr ko`radi.
O`rta Osiyo, shu jumladan, O`zbekiston suv havzalarida osyotrlardan Orol baqrasi (ship) Orol dengizi hamda Amudaryo va Sirdaryoning quyi va o`rta oqimida yashagan. Uning uzunligi 2 m gacha va og’irligi 30 kg gacha borgan. Shuningdek, O`zbekistonda soxta kurakburunlarning uchta turi uchraydi. Bu baliqlarning tumshug’i keng bo`lib, kuraksimon shaklda. Boshining pastki tomonida katta og’zi joylashgan. Tanasining qavariq suyak plastinkalari oralig’ida terisi mayda suyak donachalar bilan qoplangan bo`lib, yassi plastinkalari yo`q. Ko`zlari juda kichik, skeleti tog’aydan iborat. Tumshug’ini uchida 5 ta o`tkir va qattiq tikanlari bor.
Amudaryo katta soxta kurakburuni (Pseudoscaphirhynchus kaufmanni) Amudaryoning quyilish joydan Panj daryosi oralig’ida uchraydi. Bu baliqning tumshug’i keng yapaloq kuraksimon shaklda. Usti, ya`ni orqa tomoni qoramtir rangda. Dumi ipga o`xshagan uzun tanasining uchdan bir qismini tashkil qiladi, shu ipga o`xshash dumining bo`lishi bilan kichik soxta kurakburundan (Pseudossaphirhynchus hermanni), ya`ni kichik gajakdumdan farq qiladi.
Dumining xivchin kabi ingichka va uzun bo`lganligi uchun, uni qilquyruq ham deb nomlanadi. Tumshug’ining uchida 5 tagacha o`tkir va qattiq tikanlari bor. Katta yoshdagilarida bir juft o`tkir tikani ko`zining oldida va bir jufti ko`zining orqa qismida joylashgan. Bu baliqlar aprel oyida tuxum qo`yadi, 7 yoshida voyaga yetadi. Uvildirig’ining soni 2 mingdan 37 mingtagacha boradi. Chavoqlari (lichinkalari) mayda bo`lib, umurtqasizlar bilan, kattalari esa baliqlar bilan oziqlanadi. Katta soxta kurakburun ovlanadigan qimmatli baliqlardan hisoblanadi. Lekin kam uchraydi.
Kichik soxta kurakburun (Pseudossaphirhynchus hermanni), ya`ni kichik Amudaryo gajakdumi (toshbaqra) ham Amudaryoda tarqalgan. Uning uzunligi 27 sm gacha boradi. Tumshug’i uzun va kambar bo`ladi, tumshug’ida tikanlar soni 2-3 ta bo`ladi. Dumida xivchini yo`q, dum suzgich qanoti geterotserkal tipda tuzilgan. Yelkasidagi cho`girlarining soni 9-13 tagacha boradi, ko`zlari kichkina. Ko`krak suzgich qanotida teri burmalari bo`lishi bilan ajralib turadi. Kichik soxta kurakburun Amudaryoda uchraydi. Bu baliq katta soxta kurakburunga nisbatan kam uchraydi.
Shuning uchun ham uning ko`payishi va rivojlanishi yaxshi o`rganilmagan. Ularning ozig’i suvda yashaydigan umurtqasiz hayvonlar hisoblanadi. Ov aha-miyatiga ega emas.
Sirdaryoda ham kichikroq, ya`ni uzunligi 30 sm gacha boradigan Sirdaryo soxta kurakburuni (P. fedtsсhenkoi) uchraydi. Bu baliqning tumshug’i va boshi ustida tikanlari yo`q. Dum iplari bilan birga hisoblaganda uzunligi 36-40 sm ga boradi. Bu baliq filbo`yin yoki qilquyruq deb ham ataladi. Juda kam uchraydi. 5-6 yoshida voyaga yetadi. Aprel oyining o`rtalarida urg’ochi baliq 1,5 mingtagacha uvildiriq tashlaydi. Tuxumining diametri 1,8 mm gacha boradi. Suvda uchraydigan umurtqasiz hayvonlar bilan oziqlanadi.
Ov ahamiyatiga ega emas. Soxta kurakburunlarning uchala turi ham kamyob bo`lganligi uchun O`zbekiston «Qizil kitobi»ga kiritilgan.
Osyotrlar MDH mamlakatlaridan tashqari Shimoliy Amerikada ham uchraydi. Demak, osyotrlar, asosan shimoliy yarimsharda tarqalgan.
Ular muhim ov ahamiyatiga ega. Qimmatbaho va sifatli go`shti hamda qora ikrasi uchun ovlanadi. Shuning uchun ham hozirgi vaqtda bu baliqlar maxsus baliqchilik zavodlarida sun`iy urchitilib, tuxumdan chiqqan yosh baliqlarni daryo va dengizlarga qo`yib yuboriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |