Tishlari. Sutemizuvchilarda murakkab ixtisoslashgan tish sistemasining bo`lishi bilan boshqa umurtqalilarning tishlaridan farq qiladi. Birinchidan, sutemizuvchilarning tishlari bir xil bo`lmay, balki kurak, qoziq va oziq tishlariga bo`lingan. Oziq tishlari o`z navbatida haqiqiy (katta) oziq tishlari va soxta (kichik) oziq tishlariga bo`linadi. Ikkinchidan, sutemizuvchilarning har xil guruhlarida tishlarning soni har xil bo`lib, bu sistematik ahamiyatga ega. Tishlar sonini qisqacha belgilash uchun tishlar formulasidan foydalaniladi. Bu formulada har xil tishlar lotincha nomi uning bosh harfi, masalan: kurak tishlar-incisivi-i, qoziq tishlar-canini-c, kichik oziq tishlar-praemolares-pm va katta oziq tishlar-molares–m bilan belgilanadi. Bunda jag’ning bir tomoni ustki va pastki jag’lardagi tishlar soni hisobga olinib, yig’indisi ikkiga ko`paytriladi.
Turli sutemizuvchilarda tish miqdori, ularning shakli va funktsiyasi farq qiladi
(207-rasm). Faqat tishli kitlarda barcha tishlar bir xil tipda bo`lib, shaklan o`tkir uchli konusga o`xshaydi, bu albatta ikkilamchi hodisadir. Kurak tishlar ovqatni tishlab uzib olish uchun xizmat qiladi, shaklan iskanaga o`xshagan bo`ladi. Yuqori va pastki jag’larning har qaysi tomonida bittadan ortiq bo`lmaydigan qoziq tish bo`lib, u shaklan o`tkir uchli konusga o`xshaydi va ozuqani tutib olish, og’izda tutib turish hamda hayvonlarni o`ldirish uchun xizmat qiladi. Oziq tishlar esa ozuqani maydalash uchun xizmat qiladi. Katta oziq tishlar doimiy bo`ladi va bir o`sganicha hayvonning umri bo`yi o`zgarmay qoladi. Ularning oldidan joy olgan kichik oziq tishlari almashinadi, ya`ni sut tishlar doimiy tishlar bilan almashinadi va kichik bo`lishi bilan boshqa tishlardan farq qiladi.
Sutemizuvchilar har xil guruhlarining tishlari ularning hayot kechirishiga qarab turlicha tuzilgan bo`ladi. Masalan: kemiruvchilarda qoziq tish bo`lmaydi, lekin kurak tishlari juda katta, yirtqichlarda esa kurak tishlari kam taraqqiy etgan, ammo qoziq tishlari juda katta bo`ladi. Ikkinchidan sutemizuvchilarning har xil guruhlarida tishlarning soni har xil bo`ladi. Uchinchidan har qaysi tish ayrim katakchalarda joylashgan. To`rtinchidan tishlar hayvonning butun umri bo`yi qa`tiyan ma`lum marta almashinadi.
Nihoyat sutemizuvchilarning doimiy tishlarida ko`pincha ildizi bor. Sutemizuvchilar tishlarining soni har bir tur uchun doimiy hisoblanadi. Masalan: filda 6 ta, xaltali opossumda 50 ta, bo`rida 42 ta, sichqonda 16 ta va hokazo.
Quyida odam va ayrim tur sutemizuvchilarning tish formulalari keltirilgan:
Do'stlaringiz bilan baham: |