Ayirish sistemasi. Sutemizuvchilarning juft chanoq metanefrik tipga kiruvchi loviyasimon buyraklari bel bo`limida, umurtqa pog’onasining ikki yonida joylashgan. Buyrakning oldingi uchlarida kichik qizil-sariq rangli buyrak usti tanachalari joylashgan. Har bir buyrakning botiq ichki yuzasidan bittadan siydik kanali boshlanadi, siydik kanali chanoq bo`limida siydik pufagiga quyiladi. Siydik pufagi, o`z navbatida, erkaklarida qo`shiluv organiga, urg’ochilarida qin darchasiga ochiladi. Buyrakning tashqi yuzasi ko`pchilik darrandalarda silliq bo`ladi. Buyrak tashqi po`stloq qavatdan va ichki mag’iz qatlamlaridan tuzilgan (214-rasm).
Po`stloq qavatida filtrlovchi apparat-glomerulalar joylashgan. Glomerulalar qon tomirlari tugunchalaridan va ularni o`rab olgan Boumen kapsulalaridan tashkil topgan. Boumen kapsulalaridan chiqarish nayi boshlanadi. Chiqarish nayi to`rt bo`limga: birinchi tartibdagi burama naycha, Genle halqasi, ikkinchi tartibdagi burama naycha va yig’uvchi naychalarga bo`linadi. Bularning hammasi yig’ilib birgalikda nefron deyiladi. Yig’uvchi naychalarning teshigi buyrak jomiga ochiladi. Buyrak jomidan siydik yo`li boshlanadi.
Sutemizuvchilarda oqsil almashinuvining oxirgi asosiy mahsuloti siydik kislotasi emas, balki mochevina (siydik) hisoblanadi. Qushlarda siydik kislotasi 63-80% bo`lsa, mochevina 1-10%, sutemizuvchilarda esa mochevina 68-91%, siydik kislotasi 0,1-8% bo`ladi. Buyraklarni yuzasi tekis (maymunlar, ko`rshapalaklar) yoki bo`rtmali (sigir va mushuklar) bo`ladi, ayrim tur sutemizuvchilarda buyrak bir qancha bo`lakchalarga bo`lingan (cho`chqalar va kitsimonlar) bo`ladi.
214-rasm. Sutemizuvchilar buyragining bo`yiga kesimi (I) va malpigi tanachasining tuzilish sxemasi: 1-po`stloq qavati, 2-mag’iz qavati, 3-piramidalar, 4-buyrak so`rg’ichlari, 5-buyrak jomi, 6-siydik yo`li, 7-boumen kapsulasi, 8-Malpigi koptokchasini hosil qiluvchi kiruvchi arteriya,
9-chiquvchi arteriya, 10-yig’uvchi naycha.
Jinsiy organlari. Sutemizuvchilarning jinsiy organlari boshqa umurtqali hayvonlarga nisbatan ancha murakkab tuzilgan. Erkaklarining jinsiy organlari-urug’donlari juft oval tanacha shaklida bo`lib, gavdada turlicha joy oladi
(215-A-rasm).
Ba`zi turlarida urug’don butun umr bo`yi tana bo`shlig’ining orqa tomonida turadi (kloakalilar, kitsimonlar, sirenlar, fillar, damanlar, karkidonlar), ba`zi vakillarida urug’don faqat urchish vaqtidagina tana bo`shlig’idan yorg’oqqa tushadi (tipratikanlar, tovushqonlar), ko`pchilik sutemizuvchilarda esa urug’donlari umr bo`yi yorg’oqda turadi (ko`rshapalaklar, juft tuyoqlilar, yirtqichlar, maymunlar). Mezanefrosning qoldig’i bo`lmish yog’simon tanacha shaklidagi urug’don ortiqlari Volf nayi urug’donga taqalib turadi. Urug’don ortiqlaridan juft urug’ yo`llari chiqib, siydik chiqaruv kanalining boshlanish joyiga ochiladi. Urug’ yo`llarining pastki qismi kengayib uzunchoq qayrilgan shoxsimon urug’ pufakchasiga aylangan. Urug’ pufagining sekreti urug’ hosil bo`lishida ishtirok etadi.
Urug’ kanallarining siydik chiqarish kanaliga quyiladigan joyidagi chegarada prostata bezi bo`ladi va shu yerga kuper bezining yo`li ham ochiladi. Prostata bezining sekreti urug’ni suyultiradi. Jinsiy organda g’orli tana bo`lib, siydik-tanosil nayini o`rab turadi, bo`shliq qon bilan to`lganda jinsiy organ tarang tortiladi. Siydik-jinsiy kanali jinsiy olat ichidan o`tadi. Jinsiy organ bilan Kuper va preputsial bezlar ham bog’liq. Kuper bezlari urug’ning suyuq qismini ishlab chiqarishda ishtirok etadi. Preputsial bezlar esa hidli suyuqlik ishlab chiqaradi, bu hidli suyuqlik jinslarning uchrashishi va ularning jinsiy qo`zg’alishini ta`minlaydi.
Sutemizuvchilar urg’ochisining jinsiy organlari boshqa barcha umurtqali hayvonlardagidek juft tuxumdonlardan iborat (215-B-rasm).
Do'stlaringiz bilan baham: |