Qushlarni qishlashi. Qushlar amfibiyalar va sudralib yuruvchilarga o`xshab qishki uyquga ketmaydi. Birdan qattik sovuq bo`lganda ayrim qushlar qisqa muddatli tinim davriga kiradi. Jarqaldirg’ochlar va qaldirg’ochlar huddi shunday. Kolibrilarda ham tungi sovuqda tana harorati birdaniga 17-210C ga tushib qisqa muddatli uyquga ketadi.
Har bir tur qushlar o`zlarini ozuqa bilan ta`minlaydigan va himoya qiladigan hududlarida joylashadi. Qishlash joylaridan uncha uzoq bo`lmagan joylarga ko`chib yuradi. Bu albatta birinchidan, qushlar asosiy ozuqasi (hasharot, meva, o`simlik urug’lari)ning kamayishi yoki yo`qolishi natijasida bo`lsa, ikkinchidan, yorug’ kunning qisqarishi, qalin qor qoplami hamda suvning muzlashi natijasida vujudga keladi.
Qushlar qishlash joyiga har xil vaqtda uchib ketadi va uchib keladi. Masalan: laylaklar, qaldirg’ochlar, zarg’aldoqlar, kakkular yozning oxirlarida uchib ketadi va bahor o`rtalarida uchib keladi. O`rdaklar, g’ozlar va boshqa qushlar nisbatan kechroq uchib ketadi. Qushlarning uchib ketishi ular yashaydigan joyning haroratiga va oziq miqdorining mavsumiy o`zgarishiga bog’liq.
VI.4. Qushlarning kelib chiqishi va iqtisodiy ahamiyati
Qushlarning kelib chiqishi to`g’risida masala umuman hal qilingan bo`lsada, lekin ularning yaqin ajdodlari hozirgacha topilgan emas. Qushlarning ajdodlari qadimgi kaltakesakchanoqli sudralib yuruvchilar-arxozavrlardan kelib chiqqanligi hech kimda shubha tug’dirmaydi. Qushlar mezozoy erasining uchlamchi va yura davrlarida vujudga kelgan bo`lib, ular qadimgi sudralib yuruvchilarning daraxtlarda hayot kechirishga moslashgan psevdozuxiyalar (Pseudosuchia) yoki tekodontlarga (Tecodontia) yaqin turadi. Ma`lumki, psevdozuxiyalardan dinozavrlar, timsohlar va boshqa sudralib yuruvchilarning vakillari ham kelib chiqqan.
Psevdozuxiyalarning ornitozuxiyalar (Ornitosuchus) degan vakillari mor-fologik jihatdan, ayniqsa qushlarga o`xshab orqa oyoqlari bilan yurgan, dumi uzun bo`lgan, oyoqlari esa oziq tutishga xizmat qilgan. Ular daraxtlarga o`rmalab chiqa olgan, bunda orqa oyoqlariga tayanib, oldingi oyoqlaridagi barmoqlari bilan shoxlarni ushlagan. Keyinchalik ular bir shoxdan ikkinchi shoxga sakray olgan. Oldingi oyoqlari ustida joylashgan shox tangachalari uzaygan va asta-sekin pat-parlar paydo bo`la boshlagan, chunki og’ir tangacha ularni havoda uchishiga yoki sakrashga halaqit bergan. Pat va parlar bu qushlar uchun nafaqat uchishga yordam beradigan organ, balki termoizolyatsiya vazifasini ham bajaradi, ya`ni qushlarning issiqqonli bo`lishida muhim ahamiyatga ega.
Qushlarning hozirgi turlaridan Janubiy Amerikada yashovchi goatsin misolida qush qanotini qanday paydo bo`lganligini tushunib olish mumkin. Ular, avvalo daraxtga barmoqli qanoti bilan chiqqan. Dastavval ularning qanotida va dumida patlar hosil bo`lib, keyin butun tanasida pat va parlar paydo bo`lgan. Goatsin jo`ja ochuvchi qush bo`lib, uyasini daraxtga ko`yadi. Jo`jalarining tuzilishi daraxtda yashashga moslashgan, oldingi oyog’i - qanotida tirnoqlari bo`lib, daraxtda harakatlanishga imkoniyat tug’diradi. Paleontologik tekshirishlar natijasida ayrim qazilma hayvonlarning iz koldiqlari topilganki, ularni o`rganish natijasida qushlar bilan sudralib yuruvchilar o`rtasidagi oraliq hayvonlar ekanligi aniqlangan. Bunday iz qoldiqlari 1861-1877 yillarda Germaniyada (Bavariyada) topilgan, ya`ni yer po`stlog’ining yura qatlamlaridan noma`lum mavjudodning toshga aylangan 5 ta skelet suyaklari, yonida esa patlarining izlari topilgan. Shu topilmalar asosida olimlar ularning taxminiy qiyofasini tiklaganlar va arxeopteriks (Archaeopteryx lithographica) deb nomlaganlar. Arxeopteriks dastlabki qush demakdir. Arxeopteriks shubhasiz qush bo`lgan. Uning hajmi hakkadek bo`lib, gavdasi pat-parlar bilan qoplangan, oldingi oyoqlari o`zgarib qanotga aylangan. Arxeopteriksning kurak suyagi qilichsimon bo`lgan. O`mrov suyaklari qo`shilib ayri suyak hosil qilgan. Orqa oyoqlari qushlarnikiga o`xshab 4 barmoqli, uchtasi oldinga va bittasi orqaga qaragan. Patning bo`lishi, tana haroratining yuqori bo`lganligidan dalolat beradi (186-rasm).
Taxminlarga ko`ra bu qushlar o`rmonda yashab, daraxt mevalari bilan oziqlangan. Ularning jag’ida tishlari rivojlangan. Arxeopteriksda reptiliyalar uchun xos bir qancha belgilar bo`lgan. Masalan: dumi sudralib yuruvchilarnikidek uzun 20 ta amfitsel tipdagi umurtqalari bo`lgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |