186-rasm. Arxeopteriks: I- skeleti va patlarining izi; II-qushning gipotetik ajdodi.
Ularning ko`krak umurtqalari bir-biriga qo`shilmay qolgan, to`sh suyagida ko`krak toj suyagi taraqqiy etmagan. Suyaklari pnevmatik emas, qovurg’alari bitta boshchali bo`lgan. Bosh skeleti sudralib yuruvchilarning bosh skeletiga o`xshash, lekin suyaklari yupqalashgan, ko`z kosasi yiriklashgan (187-rasm).
Arxeopterikslar 150 mln yil ilgari yashagan. Arxeopteriks qadimgi qushlar-ning primitiv yon shoxchasi bo`lgan.
Birlamchi qushlardan hozirgi qushlar kelib chiqqan. Ammo birlamchi qushlar bilan hozirgi uchuvchi qushlar o`rtasidagi bog’lovchi vakillari to`liq aniqlanmagan. Keyingi yillarda ham olimlar tomonidan hayvonlarning bir qator qazilma suyaklari topilgan. Ular arxeopterikslar avlodiniki bo`lsa kerak. Arxeopteriksning ko`plab qadimgi turlari yaqin vaqtlardagina yo`qolib ketgan. Masalan: 500 yil ilgari Yangi Zelandiyada Moa degan qush yashagan. U Afrika tuyaqushlaridan ikki marta katta bo`lgan. Uning terisi va skeleti hozirgacha saqlangan. XVII asr boshlarida juda yirik Dodo degan qush Mavrikiya orolida yashaganligi aniqlangan. Bu qush yirik bo`lganligidan ucha olmagan. Bu orolga yevropaliklar kelib, ularni yo`qotib yuborgan. Yevropaliklarga ulkan tuyaqushlar o`tgan asrdagina birinchi marta ma`lum bo`lgan. Ular bu qushlarni epiornis deb atagan. Uning bo`yni ilonday uzun, boshi kichkina, oyoklari yo`g’on, katta, qanotlari o`rnida esa o`smay qolgan qo`llari bo`lgan. Bu qushlarning bo`yi 3-5 m ga va og’irligi ho`kizdan sal yengilroq bo`lgan.
187-rasm. Qayta tiklangan arxeopteriksning (chapda) va kaptarning (o`ngda) skeleti:
1-o`mrov suyagi, 2-kurak suyagi, 3-korakoid suyagi, 4-yelka suyagi, 5-bilak suyagi, 6-tirsak suyagi, 7-karpal suyagi, 8,9,10-metakarpal suyagi, 11,12,13-barmoqlar, 14-to`sh suyagi, 15-yonbosh suyagi, 16-quymich suyagi, 17-qov suyagi, 18-pigostil, 19-son suyagi, 20-kichik boldir suyagi,
21-pix suyagi, 22-23-metatarzal suyagi.
Bo`r davri qatlamlaridan ham 2 ta guruhga kiruvchi qushlarning qazilma qoldiqlari topilgan, ular ixtiornislar (Ichthyornis) va gesperornislar (Hesperornis) deb atalgan.
Gesperornislar suv qushlari bo`lgan, qanoti bo`lmagan, ucholmagan, jag’larida mayda tishlari bo`lgan. To`shida ko`krak toj suyagi yo`q, bosh miyasi hozirgi qushlar bosh miyasiga nisbatan kichikroq bo`lgan, to`rtta barmog’i ham oldinga qaragan, orqa oyoklari yordamida suvda suzib hayot kechirgan (188-rasm).
Bu qush hozirgi gagaralarni eslatadi. Ular baliqlar bilan oziqlangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |