Tovuqlar. Xonaki tovuqlarning ajododi Hindiston, Birma va Malay arxipelagidagi o`rmonlarda yashab kelayotgan yovvoyi bankiv tovug’i hisoblanadi, ya`ni xonaki tovuq zotlari bundan 5000 yil ilgari Hindistonda qo`lga o`rgatilgan yovvoyi bankiv tovug’idan tarqalgan. Yevropaga xonakilashtirilgan tovuqlar eramizdan bir necha yuz yil ilgari olib kelingan. Odamlar parvarish qilish va tanlash yo`li bilan yovvoyi tovuqdan juda katta farq qiladigan ko`pdan-ko`p xonaki tovuq zotlarni yetishtirdi. Dakang tovuqlar boshqa zotlardan ko`ra kamroq o`zgargan. Tovuqlarning tuxum qo`yishi juda ham o`zgarib ketgan: yovvoyi tovuq bir yilda 8-10 dona tuxum qo`ysa, xonaki tovuq zotlari bir yilda 250-300 donagacha, ba`zi hollarda esa 365 tagacha tuxum qo`yadi. Tovuqlarning tuxum qo`yadigan zotlaridan tashqari go`sht va tuxum beradigan zotlari ham mavjud.
MDHga xonaki tovuqlar Erondan o`tgan. Tuxum beradigan xonaki tovuq-larning vazni yengil bo`ladi, ya`ni 1,6 -2,4 kg keladi. Tuxum yo`nalishidagi tovuq zotlariga rus oq tovug’i va legkgorn tovug’i kiradi. Ham go`sht va ham tuxum olinadigan tovuq zotlariga zagorsk va pervomaysk tovuqlari kiradi. Go`shtdor tovuq zotlariga esa plimutrok va kornuellar kiradi. Ularning og’irligi 4 kg dan oshadi. Bu tovuqlar 2 oylik jo`jalarining og’irligi 1,6 kg keladi. Tovuq zotlariga yana Ukraina ushankasi, yurlov, Moskva tovuqlari, yalang’och bo`yinli semigrad, rodaylend, langshanlar, viandotlar, nyuxempshirlar va boshqalar kiradi.
O`zbekiston olimlari tomonidan go`sht-tuxum yo`nalishidagi «O`zbekiston krossi» tovuq zoti yaratilgan, bu tovuq yiliga 240-250 tagacha tuxum beradi.
Aholini xonaki parrandalardan olinadigan oziq mahsulotlari bilan ta`minlash uchun katta parrandachilik fabrikalari mavjud. Bu fabrikalar ixtisoslashgan bo`lib, ba`zi birlarida faqat tovuq tuxumi yetishtiriladi, boshqalari esa tovuq go`shti yetkazib beradi. Har qaysi fabrikada ota-ona galasi saqlanadi, inkubatsiya sexi (jo`ja ochuvchi sex) tuxum qiladigan tovuqlarning sanoat galasi, go`sht yetishtiriladigan fabrikalarda esa go`sht uchun boqiladigan yosh jo`jalar sexi bor.
Fabriklarda tovuqlar harorati, namligi, havosining tarkibi, kun bilan tunning uzunligi avtomatik ravishda tartibga solinadigan jihozlangan binolarda saqlanadi. Parrandalar kombikorm (yuqori darajada to`yimli va to`la qimmatli bo`lgan omixta yem) bilan boqiladi. Kombikorm, asosan har xil oziqbop dondan, tegirmon chiqindilaridan, organizmning o`sishi va rivojlanishi uchun kerak bo`lgan vitaminlar, mineral tuzlar va boshqa moddalardan tayyorlanadi. Fabrikalarda jo`jalarni tuxum bostirib emas, balki maxsus avtomatlashtirilgan apparatlarda (inkubatorlarda) ochiriladi. Inkubatorni 2 ta xonasi bor.
Birinchi eng katta xonasiga ichida tuxum bo`lgan lotok joylashtiriladi. Inkubatsiya oxirlashishidan bir-ikki kun oldin tuxumli lotoklar inkubatorning ikkinchi qismiga – ochirish xonasiga ko`chiriladi. Katta inkubatorlarda bir yo`la 50 mingtagacha tuxum joylashtirish mumkin.
Uy parrandalarining go`shti mazali va juda to`yimli. Tovuq tuxumi turli yoshdagi odamlarning oziqlanishida tengi yo`q mahsulot hisoblanadi. Tuxumdan oziq-ovqat sanoatida hamda shifobaxsh preparatlar tayyorlash uchun tibbiyotda ham foydalaniladi. Umuman, zot deb uy hayvonlarining odam tomonidan sun`iy usulda chiqarilgan tur xiliga aytiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |