Qushlarning ko`payishi. Qushlarning urchishi tuxum qo`yuvchi tuban umurtqali hayvonlardan farq qilib, barcha qushlarda nasl uchun qayg’urish hodisasi kuzatiladi. Qushlar tuxum qo`ygandan keyin tuxumini bosib yotadi va gavda harorati bilan tuxumini isitadi. Qushlarning ko`pchilik turlari tuxumlarini maxsus qurilgan uyasida bosib yotadi. Jo`jasi tuxumdan chiqqandan keyin uni ota-onasi ma`lum vaqtgacha boqadi. Bu esa qush jo`jalarining kattagina foizini yashab qolishini ta`minlaydi va shunga ko`ra qushlarning umumiy pushtdorligi ancha past bo`ladi.
Bir qancha tur qushlarda jinsiy dimorfizm sezilmaydi. Masalan, kaptarlar, g’ozlar, ko`pgina yapaloqqushlar shular jumlasidandir. Lekin ayrim tur qushlarning erkagi urg’ochisidan patlarining rang-barangligi va katta-kichikligi bilan farq qiladi. Odatda, erkak qushlar urg’ochisiga nisbatan yirik, har xil ranglarga bo`yalgan bo`ladi (tovuqsimonlar, o`rdaklar). Kazuarlar, kivilar, tinamular va lochinsimonlarda aksincha, ularning urg’ochilari erkaklariga nisbatan yirik bo`ladi. Qushlarning erkaklari ovozlarida ham o`zgarish bor, erkaklari turli ovozda sayraydi, bu holat, ayniqsa poligam qushlarda seziladi. Jinsiy farqlar faqatgina qushlarning rangi, katta-kichikligi va tovushlaridangina sezilmasdan, balki erkaklarida urg’ochilarida uchramaydigan har xil kokillar, tojlar, yoqalar, juda g’alati shakldagi teri va shox o`simtalari borligi bilan ham ajralib turadi. Qushlarning erkaklarida kekirdagining pastki qismida joylashgan ovoz apparatlarining muskul torlari urg’ochilarinikiga qaraganda kuchli rivojlangan.
Jinsiy dimorfizm pingvinlar, nayburunlar, kurakoyoqlilar, gagaralar, uzunqanotlar, maynalar, qarg’alar va boshqa ba`zi tur qushlarda umuman sezilmaydi. Baliqchilar, chistiklar, loyxo`raklar va chumchuqsimonlarning ayrim turlarida jinsiy dimorfizm zo`rg’a seziladi.
Erkak va urg’ochi qushlarning bir-biri bilan bo`ladigan munosabati ham turli qushlarda har xil bo`ladi. Ayrim qushlarning erkagi bilan urg’ochisi uzoq yillar davomida doimiy birga yashaydi. Bu hodisa, ya`ni bitta erkagi bitta urg’ochisi bilan qo`shilishi monogamiya deyiladi. Bunday qushlarga laylaklar, yirtqich qushlar, to`tilar kiradi. Shuni ta`kidlash kerakki, oqqushlar, yirik yirtqich qushlar va laylaklarning erkaklari urg’ochilari bilan bir necha yil, ba`zilari hatto bir umrga birga yashaydi. Bular haqiqiy monogam qushlar hisoblanadi. G’ozlar, o`rdaklarning bir qancha turlari, ko`pgina chumchuqsimonlar faqatgina ko`payish davrida erkagi va urg’ochisi birga yashaydi. Tuxum bosib, jo`ja ochib chiqqandan keyin bu juftlik ajralib ketadi.
Ayrim tur o`rdaklar birga uya qurgandan keyin ajralib ketadi. Ba`zi tur qushlar esa faqatgina qo`shilish paytidagina birga bo`ladi, ya`ni bir necha minut yoki soat, keyin ular ajralishib ketadi. Bunday qushlar bir ko`payish faslida ko`pgina urg’ochilarni otalantiradi, chunki har kuni yangi juftlari paydo bo`ladi, ya`ni bitta erkagi bir gala urg’ochilari bilan birga yashaydi va ularni urug’lantiradi. Bunday hodisani poligamiya deyiladi. Poligam qushlarga, asosan tovuqsimonlar turkumi vakillari kiradi. Lekin poligam qushlar orasida kamdan-kam uchraydigan poliandriya hodisasi ham kuzatiladi, ya`ni bitta urg’ochi qush ko`plab erkak qushlar bilan yashaydi va urug’lanadi. Bu hodisa tinamular, ya`ni yashirindumlilar turkumi vakillarida kuzatiladi. Tinamular cho`lda yashaydi, tovuqlarga o`xshaydi. Plavunchiklarda (loyxo`raklar) ham bu hodisa kuzatiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |